O‘zbekiston
Soliq qo‘mitasi ogohlantiradi: kartadan kartaga pul o‘tkazish jarimaga sabab bo‘lishi mumkin
O‘zbekistonda blogerlik faoliyati orqali daromad olayotgan fuqarolar uchun soliq majburiyatlariga oid muhim tushuntirishlar berildi. Soliq qo‘mitasi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan onlayn seminarda kontent yaratuvchilarning daromadlarini rasmiylashtirish, soliq rejimini tanlash va qonunchilik talablariga rioya etish masalalari muhokama qilindi.
Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Muzaffar Muhammadsaidovning ta’kidlashicha, blogerlar faoliyat ko‘lami va ish uslubidan kelib chiqib, o‘zlari uchun qulay soliq rejimini tanlashi lozim.
Agar bloger mustaqil ravishda, yollanma xodimlarsiz faoliyat yuritsa, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi tavsiya etiladi. Ushbu tartibda faoliyat yuritayotgan shaxslar xodim yollash huquqiga ega emas.
Jamoa bilan ishlayotgan va besh nafargacha xodim yollagan blogerlar uchun esa yakka tartibdagi tadbirkor (YTT) sifatida ro‘yxatdan o‘tish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Ko‘proq xodimlar bilan faoliyat yurituvchi kontent yaratuvchilar yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Bunda soliq hisobotlarini topshirish, xodimlar uchun daromad va ijtimoiy soliqlarni to‘lash kabi qo‘shimcha majburiyatlar yuzaga keladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yoki YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tish davlat xizmatlari markazlari, soliq organlari, “Soliq” mobil ilovasi, my.gov.uz yoki new.birdarcha.uz saytlari orqali amalga oshiriladi.
Soliq to‘lash tartibi ham tanlangan faoliyat shakliga bog‘liq. Tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan, biroq blogerlik faoliyatidan daromad oluvchi fuqarolar har yili 1-aprelga qadar daromad deklaratsiyasini topshirishi va hisoblangan 12 foizlik daromad solig‘ini 1-iyungacha to‘lashi kerak.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yillik aylanma mablag‘ bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravarigacha, ya’ni qariyb 4,94 milliard so‘mgacha bo‘lsa, aylanmadan 1 foiz miqdorida soliq to‘lanadi.
Yillik aylanma ushbu chegaradan oshganda esa blogerlar qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lanadigan umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tadi.
Yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritayotgan blogerlar esa aylanma mablag‘laridan 4 foiz miqdorida aylanma solig‘i to‘laydi. Belgilangan limitdan oshilganda ular ham umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tkaziladi.
Seminarda blogerlar orasida keng tarqalgan kartadan kartaga pul o‘tkazish amaliyotiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Soliq qo‘mitasi vakillariga ko‘ra, reklama yoki boshqa xizmatlar uchun to‘lovlarni shaxsiy bank kartalariga qabul qilish va bu mablag‘larni rasmiy hisobda aks ettirmaslik tushumni yashirish sifatida baholanishi mumkin.
Mutaxassislar bunday holatlarda fiskal hujjatlar rasmiylashtirilmasligi, tushumlar soliq hisobotlarida aks etmasligi sababli qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlik choralari qo‘llanishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qonun talablariga rioya qilmaslik ma’muriy jarimalarga, katta miqdordagi yashirilgan mablag‘lar aniqlangan hollarda esa yanada og‘ir javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoniga muvofiq 2026-yil 1-iyundan boshlab umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tish chegarasi bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravari etib belgilandi. Avval ushbu limit 1 milliard so‘mni tashkil etgan edi.
-
20.08.2022Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


