Buxoro yangiliklari

“Sitorai Mohi Xosa”da Fransiyaga bog‘liq noyob eksponatlar namoyish etilmoqda

19 museum cover
Illyustrativ surat: Buxoroisharif.uz (SI yordamida yaratilgan)

Loading

Buxorodagi “Sitorai Mohi Xosa” saroyida Fransiya madaniyati oyligi doirasida fransuz rassomi Diana Xamzinaning ijodiy ishlari va saroy kolleksiyasining Fransiya bilan bog‘liq noyob eksponatlari namoyish etilmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Buxoro amirlarining so‘nggi qarorgohi bo‘lgan “Sitorai Mohi Xosa” Sharqning nafis milliy naqshlari va G‘arb aristokratik me’morchiligi uyg‘unligida bunyod etilgan. “Oy va yulduzlarga o‘xshagan jannatmakon saroy” deya ta’riflanadigan majmua o‘z tarixi va me’moriy yechimi bilan sayyohlar e’tiborini tortadi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, saroy Buxoro amirligida elektr energiyasi, telefon aloqasi va muzlatkich tizimi birinchi joriy etilgan maskan hisoblanadi. Saroy hamda uning bog‘ini tunda yoritish uchun maxsus kichik dizel generatori ham keltirilgan.

Majmuaning “Ziyofatxona” zali balandligi 10 metr, bo‘yi 11 metr va eni 7 metr bo‘lgan xonalardan biridir. Tilla suvi yugurtirilgan 18 ta ustunga suyab qurilgan zal “Yog‘ochga bitilgan qo‘shiq” nomi bilan ham mashhur.

“Sitorai Mohi Xosa” amaliy bezak san’ati muzeyi ilmiy xodimi Dilnoza Saidovaning aytishicha, zalni Sankt-Peterburgda tahsil olib qaytgan buxorolik ustalar — Usta Hojiqul, Usta Qorichibin va Usta Jo‘ra Xarrot bezagan. Ular oyna bo‘laklari hamda rangli shishalar yordamida yevropacha uslubda naqsh bergan.

Raqqosalar raqsga tushganida ovoz balandroq eshitilishi uchun zal poli maxsus parketdan ishlangan. Xonani isitishda golland pechlaridan foydalanilgan.

Bu yerda XIX asrda Rossiyadan keltirilgan mebellar, Pyotr I ning bronza haykali hamda rus fotografi Vinogradov 1905- va 1915-yillarda tasvirga olgan Amir Abdulahadxon va Amir Olimxonning asl fotosuratlari ham saqlanadi.

Muzey ilmiy xodimi Nargiza Jumayevaning ma’lumotiga ko‘ra, saroyning sakkiz burchakli “Xonayi xasht” bo‘limida Usta Shirin Murodov yaratgan ganch o‘ymakorligi va “kundal” uslubidagi devoriy bezaklar mavjud. Ular 4 kilogramm 250 gramm sof Buxoro tilla suvi bilan hallangan.

Ushbu zalda Buxoroning so‘nggi hukmdorlari va ularning oila a’zolari kiygan zardo‘zlik namunalari ekspozitsiyaga qo‘yilgan. Amir va saroy ayollarining tantanali liboslari, to‘n va jomalari Fransiyaning Lion shahridan keltirilgan qimmatbaho baxmal va velyur matolaridan tikilgan. Saroy ustaxonalarida tarkibida 20–25 foizgacha tilla suvi bo‘lgan zar iplar bilan “zardo‘zi-guldo‘zi”, “zardo‘zi-zamindo‘zi” va “qubbado‘zi” uslublarida bezak berilgan.

Muzey fondida Yaponiya va Xitoydan keltirilgan 750 dan ortiq chinni buyum, shuningdek, Amir Sayyid Olimxonga tegishli shaxsiy ashyolar — zardo‘zi shimlar, kovush-mahsilar va kamarlar ham asrab-avaylanmoqda.

Avval e’lon qilingan dasturga ko‘ra, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tashkil etayotgan madaniyat oyligi 2–31-oktabr kunlarini qamrab oladi. Dasturda ko‘rgazmalar, konsertlar, raqs tomoshalari va kino namoyishlari bor. Tadbirlarni tomosha qilish bepul.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.