Buxoro yangiliklari
Buxoro tumanidagi “Navro‘z” mahallasida 24/7 ko‘cha barpo etilmoqda
Buxoro tumanidagi “Navro‘z” mahallasining F. Xo‘jayev ko‘chasida sutka davomida faoliyat yuritadigan savdo va xizmat ko‘rsatish maskani barpo etilmoqda. Loyiha doirasida 20 taga yaqin savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Mahallada 485 ta xonadon va 638 ta oila mavjud. Bu yerda 3 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududda aholiga qulay va zamonaviy muhit yaratish, infratuzilmani yaxshilash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, bir muddat G‘ala Osiyo kasb-hunar maktabi binosida faoliyat yuritgan mahalla ma’muriy binosi qaytadan qurilib, foydalanishga topshirilgan.

Hududdagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti binolari ham ta’mirlangan. Zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi mavjud nuqson va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Bu ishlar aholi turmush sharoitlarini yaxshilash va ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan.

F. Xo‘jayev ko‘chasidagi 24/7 maskani mahalliy byudjetning orttirilgan qismidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan bunyod etilmoqda. Loyiha ko‘chani obodonlashtirish, savdo va maishiy xizmatlar infratuzilmasini rivojlantirish, aholi hamda mehmonlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishni nazarda tutadi.

Ko‘cha bo‘yida rejalashtirilgan 20 taga yaqin shoxobcha tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

Hozir ko‘chada piyodalar yo‘laklari barpo etilmoqda, zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatilmoqda. Hududni ko‘kalamzorlashtirish, manzarali daraxt ko‘chatlari va gullar ekish ishlari ham davom etmoqda. Bu orqali ko‘chaning me’moriy qiyofasini yaxshilash, piyodalar uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitini yaratish ko‘zda tutilgan.

Ko‘chani 24/7 tamoyili asosida ishlaydigan maskanga aylantirish aholi va tashrif buyuruvchilarga kunning turli vaqtlarida xizmatlardan foydalanish imkonini berishi kutilmoqda. Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari, obod va yorug‘ yo‘laklar hamda ko‘kalamzor hududlar mahalladagi kundalik hayotni jonlantirishga xizmat qilishi qayd etilgan. Bunyodkorlik ishlari yakunida mahallada zamonaviy, qulay va jozibador maskan shakllantirish maqsad qilingan.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


