Buxoro yangiliklari

Jondorlik yigit Tailanddan bronza medal bilan qaytdi

photo 534

Loading

Joriy yilning 4-sentabridan 8-sentabrga qadar Tailand davlatining Chonburi shahrida milliy kurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasida VII Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Qit’amizning 20 yoshgacha bo‘lgan eng kuchli sportchilari ishtirok etgan chempionatda jondorlik Og‘abek Gʻaniyev ham munosib qatnashib, mazkur musobaqada o‘z vazn toifasida bronza medali sohibi bo‘ldi.

Kuni kecha Og‘abek o‘zi tug‘ilib o‘sgan “Romish” mahallasida ham tantanali ravishda kutib olindi. Tadbirda tuman hokimligi, viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi, Madaniyat bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari, chempionning yaqinlari va uni tabriklash uchun yig‘ilgan ko‘plab yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar Og‘abekni erishgan yuksak muvaffaqiyati bilan qutlab, yutuqlari bundanda yuksak, bardavom bo‘lishini tilashdi. Sovrindorga ehtirom ko‘rsatildi. Sovg‘alar topshirildi.

– Katta rahmat! Avvalo, yurtimizda sportga qaratilayotgan alohida e’tibor uchun Prezidentimizdan minnatdorman. Qolaversa, meni ushbu yutuqlarga erishishimda har doim ko‘makdosh bo‘lgan ustozim Nurshod Rajabov, ota-onam, yaqinlarimga alohida tashakkur bildiraman, – deydi Og‘abek Egamov.

Tarixi 3 000 yildan ziyod bo‘lgan milliy sport turimiz – belbog‘li kurash bugun dunyo bo‘ylab tobora quloch yoymoqda. Asrlar osha o‘zida mardlik, halollik, jasurlik, vatanparvarlik kabi fazilatlarni jamlagan ushbu sport turi 2017-yil Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tgan yopiq inshootlardagi va jangovor sanʼatlar bo‘yicha Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi. Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik polvonlar terma jamoamizga eng ko‘p medallarni taqdim etdilar. Rossiyada o‘tgan Butunjahon Universiadasida ham belbog‘li kurashchilarimiz eng ko‘p medallarni to‘plashga muvaffaq bo‘lishdi. Qisqacha aytganda, har yili o‘tadigan yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlari, xalqaro turnirlarda polvonlarimiz umumjamoa hisobida faqat kuchli uchlikdan joy olib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelishmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.