Islom

Haj qilish odoblari

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

  1. 1. Haj qilmoqchi bo‘lgan odam, avvalo, Alloh taologa astoydil tavba qilsin. Gunohlarini tark eta turib, avval sodir bo‘lganlariga nadomat qilib, bundan so‘ng takrorlamaslikka azmu qaror qilsin.
  2. 2. Kimga zulm yetkazgan, kimni xafa qilgan yoki kimning ko‘nglini qoldirgan bo‘lsa, ulardan uzr so‘rasin.
  3. 3. Eng muhim jihatlardan biri qilayotgan haj ibodatidan Alloh taoloning roziligini va oxiratining obodligini ko‘zlasin. Dunyo va riyokorlik, uning ziynatlarini, nom chiqarish, faxrlanish kabi narsalarni zinhor va zinhor xayoliga keltirmasin. Aks holda, barcha qilgan sa’y-harakatlari behuda, befoyda ketadi.
  4. 4. Ota-onalari tirik bo‘lishsa, ularning roziliklarini olsin, duolarini so‘rasin.
  5. 5. Haj safari bilan ovora bo‘lib, boshqa ibodatlarga e’tiborsizlik qilmasin. Ayniqsa, namozga ehtiyot bo‘lsin, chunki namoz zarurligi jihatidan hajdan ham e’tiborlidir.
  6. 6. Safar chog‘ida doimo Alloh taoloni zikr etsin, duolar qilsin, istig‘forlar aytsin. Qur’oni Karimni tilovat qilsin. Tilini bo‘lmag‘ur gaplardan, behuda so‘zlardan, yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, so‘kish kabi buzuqliklardan tiyilsin. Qo‘lidan kelganicha odamlarga yaxshilik qilish payidan bo‘lsin.
  7. 7. O‘tgan ulamolarimizning eng muhim nasihatlaridan biri shuki, hojilar haj davomida qalbni mashg‘ul qiluvchi, xayolni olib qochuvchi tijoratdan tijoratdan xoli bo‘lishlari kerak. O‘zlarini xor tutsinlar, zebu ziynatga e’tibor bermasinlar.

Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday qilganlar. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat kilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Arafa kuni Alloh osmonga tushadi va ular bilan farishtalarga maqtanib: “Bandalarimga karanglar! Turli joylardan sochlari to‘zigan, changga botgan holda quyoshda huzurimga keldilar. Sizlar guvoh bo‘linglar, men ularning gunohlarini kechdim…”, deydi” (Ibn Huzayma rivoyat qilgan).

  1. 8. Hajga qilinadigan sarf-xarajat haloldan bo‘lishi shart.
  2. 9. Isrof va ziqnalikdan chetlangan holda, o‘rtacha yo‘l tutib, chin ko‘ngildan zodi rohila (yo‘l ozig‘i) va taomini bemalol qilishga etibor qaratsin. Haj yo‘lida yeb-ichish uchun sarflangan har bir so‘mga yetti yuz barobar savob beriladi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: «Safarda oziq-ovqatning yaxshi bo‘lishi kishining karamidandir. Hojilarning afzali niyati xolisroq, nafaqasi pokroq va ishonchi komilroq bo‘lganidir», der edilar.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hajji mabrurning boshqa jannatdan mukofoti yo‘q”, dedilar”. “Ey Allohning Nabiyi, hajji mabrur nima?” deyishdi. “Taom berish va salomni yoyish”, dedilar” (Ahmad va Hokim rivoyat qilishgan).

  1. 10. Shahvoniy narsalar, fisq-fujur va janjalga yo‘l qo‘ymaslik. Alloh taolo buni Qur’oni Karimda ta’kidlagan. Bu boradagi shahvoniy narsalar arabchada «rafas» deyiladi va barcha sharmsiz gap-so‘z hamda xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi. Ayollarga xushomad gaplarni aytish, shahvoniy gap, ishora va harakatlar qilish kabi narsalar rafasga kiradi. Fisq esa, Allohning har bir toatidan chiqishdir. Janjal ma’lum va mashhur narsa. Haj qiluvchi kishi mazkur narsalardan alohida ehtiyot bo‘lishi lozim.
  2. 11. Baquvvat, yursa qiynalmaydigan kishilarning piyoda haj qilishlari afzal. Bemor, qari va uzrli kishilarning esa ibodatlariga nuqson yetmasligi uchun ulov minib haj qilganlari afzal.
  3. 12. O‘ziga vojib bo‘lmasa ham, hoji jonliq so‘yib, qurbat hosil etishga harakat qilsin. Qiladigan qurbonligi semiz bo‘lishiga e’tibor bersin. Qurbonlik vojib bo‘lsa, o‘zi bo‘lsa, o‘zi yemasin. Agar qurbonlik ixtiyoriy bo‘lsa, o‘zi ham va chiroyli yesin.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollalloxu alayhi vasallamdan “Hajning qay amali afzal?” deb so‘rashdi. “Talbiyaning baland aytilishi va qurbonlik so‘yilishi”, dedilar” (Termiziy rivoyat qilgan)

Qilgan sarf-harajati, so‘ygan qurbonligi, o‘ziga yetgan mashaqqat va qiyinchiliklarni bag‘rikenglik bilan qabul qilsin. Ularga chin qalbdan xursand bo‘lsin. Mana shu holati hajining qabul bo‘lgani alomatidir. Haj yo‘lida yetgan har bir mashaqqat Alloh taoloning yo‘lida nafaqa qilganning o‘rniga o‘tadi.

Hajning qabul bo‘lgani alomatlaridan yana biri, avvalgi ma’siyatlarni tark qilib, yomon do‘stlar o‘rniga yaxshi do‘stlar behuda orttirish, g‘aflat va majlislar o‘rniga zikr va ilm majlislarida ishtirok etadigan bo‘lishdir.

“Mo‘minning umr safari” kitobidan

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.