Buxoro yangiliklari

Buxoroda tuman, shahar hokimlari va viloyat hokimi o‘rinbosarlari almashdi

post
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Prezident yig‘ilishidan keyin Buxoro viloyatining Peshku, Vobkent va Qorovulbozor tumanlari hamda Kogon shahrida hokimlar o‘zgardi.

Kecha, 29-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan yillarda Buxoro viloyatining iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga bog‘lanib qolgan bo‘lgan. Lekin oxirgi 7 yilda viloyatga 4 milliard dollardan ziyod investitsiyalar jalb etilib, energetika, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va charm sanoati kabi ko‘plab tarmoqlar rivojlanib bormoqda. Oxirgi 11 oy davomida esa Buxoroga 1 500 000 nafardan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.

post 2

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytildi. Investitsiyalarni o‘zlashtirish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va sektor rahbarlari 6 oy favqulodda ish tartibiga o‘tadi.

Asosiy e’tibor shu 3 ta yo‘nalishni yaxshilashga qaratiladi. Xususan, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari asosida 70 ta drayver loyiha amalga oshiriladi, 150 000 odamni daromadli qilinadi, 40 000 kishi kambag‘allikdan chiqariladi.

Qayd etilishicha, viloyatning har bir hududini sanoatning muayyan tarmog‘iga ixtisoslashtirish kerak, masalan, Peshku va Shofirkon tumanlarini — qurilish materiallari ishlab chiqarish va to‘qimachilikka, Kogon shahri, Olot va Jondorni — oziq-ovqatga, G‘ijduvon va Romitanni — kimyo sanoatiga. Buning samarasida 411 ta kichik korxona, 12 000 ta ish o‘rni paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Vobkent, Jondor, Qorako‘l, va Olot tumanlarida $320 000 000 lik 4 ta to‘qimachilik korxonasi qurish loyihalari bor. Natijada tayyor trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2 barobar oshadi, 5 000 ta ish o‘rni yaratiladi.

2024-yilda Buxoroda xorijiy sayyohlar soni 2 200 000 nafarga, turizm eksporti $600 000 000 ga yetishi kutilmoqda. 69 ta yangi mehmonxona, 2 000 ta hunarmandchilik rasta va do‘konlari qurilishi ham bunga katta hissa qo‘shadi.

Shuningdek, qo‘shimcha 20 000 gektar yer maydonlarini o‘zlashtirish mo‘ljallangan. Buning hisobiga qo‘shimcha 100 000 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi va 2 000 nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Tomorqalar, dala cheti va kanallar atrofidagi bo‘sh yerlarda ham qo‘shimcha daraxt va oziq-ovqat mahsulotlari ekiladi.

post 1

Yig‘ilishda Buxoro viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Umuman, kelgusi yilda 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga 106 ta loyihani amalga oshirish mo‘ljallangani aytildi. Ularda 105 000 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi, 350 million dollar eksport bo‘ladi.

Davlat rahbari bu rejalar viloyat uchun yetarli emasligini ta’kidlab, sa’y-harakat va natijalarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Takliflarni yana bir bor ko‘rib chiqib, qaror loyihasini kiritish topshirildi.

post 3

Bugun, 30-noyabr kuni viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoroning 3 ta tumani va 1 ta shahrida yig‘ilish o‘tkazib, yangi hokimlar tayinlovini amalga oshirdi.

Qorovulbozor tumanini 7 yil boshqargan Akmal Ostonov Vobkent tumani hokimi lavozimiga o‘tkazildi. Kogon shahri hokimi Hayot Davlatov faoliyatini Peshku tumani hokimi sifatida davom ettiradi. Kogon shahriga qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Mirshakar To‘raboyev, Qorovulbozorga viloyat hokimligi boshqaruv apparatining axborot-tahlil guruhi rahbari O‘tkir Hamroyev hokim etib tayinlandi.

Peshku tumanini 2020-yil dekabrdan buyon boshqarib kelgan Vahob Hamidovich Qahhorov hokim lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Hayot Hasanovich Davlatov tayinlandi. Davlatov 2021-yil mart oyidan beri Kogon shahri hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.

post 4

Hayot Davlatov 1979-yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. 1999-yilda Sankt-Peterburg davlat universitetini, 2006-yilda Buxoro davlat universitetini, 2011-yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi – menejment, iqtisodchi. Ish faoliyatini Buxoro viloyati monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasida oddiy nazoratchi sifatida boshlab, Buxoro viloyati hokimligi Iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro viloyati Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish konsalting markazi direktori, Buxoro viloyati Investitsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i, Buxoro viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Kogon shahri hokimi lavozimiga esa Mirshakar Muzaffarovich To‘raboyev tayinlandi. U bungacha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.

post 5

Mirshakar To‘raboyev 1982-yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. 2023-yilda Buxoro davlat universitetini bitirgan. Mutaxassisligi – moliya va iqtisodiyot. Mehnat faoliyatini Buxoro shahar moliya bo‘limi iqtisodchisi sifatida boshlab, viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Kogon shahri hokimi etib tayinlanishidan oldin Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Vobkent tumani hokimi vazifasida 2021-yil yanvaridan beri ishlab kelgan Farhod Umarov sog‘ligi yomonlashgani munosabati bilan o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod qilindi.

2018-yil fevralidan buyon Qorovulbozor tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Akmal Anvarovich Ostonov Vobkent tumani hokimi etib tayinlandi.

post 6

Akmal Ostonov 2002-yilda Buxoro davlat universiteti, 2004-yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan. 2004–2007-yillarda “Buxoroagromashservista’minot” ishlab chiqarish shirkatida ishchi, 2007–2009-yillarda Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yichi birinchi o‘rinbosari kotibiyati referenti, yetakchi mutaxassisi, 2009–2014-yillarda Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari kotibiyati bosh mutaxassisi, 2014–2015-yillarda Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari kotibiyati mudiri, 2015–2018-yillarda Buxoro viloyati “Qishloqxo‘jalikkimyo” hududiy AJ boshqaruv raisi lavozimlarida ishlagan.

Qorovulbozor tumani hokimi lavozimiga O‘tkir Shomahmadovich Hamroyev tayinlandi. U bungacha viloyat hokimligida mas’ul lavozimda ishlayotgandi.

post 7

O‘tkir Hamroyev 1976-yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. 2000-yilda Buxoro davlat universitetini, 2011-yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini bitirgan. Mutaxassisligi – iqtisodiyot va davlat boshqaruvi. Mehnat faoliyatini hisobchilikdan boshlab, Peshku tumani hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat Iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i, viloyat Raqobat boshqarmasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2021-yildan beri Buxoro viloyati hokimligi boshqaruv apparati axborot-tahlil guruhi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

post 8

Shuningdek, Hamroyev Mirali Muhammadjonovich o‘z arizasiga ko‘ra Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi.

Adilov Baxtiyor Alisherovich Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Baxtiyor Adilov 1986-yilning 22-iyunda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 2008-yilda Buxoro davlat universitetini bitirgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi.

Ayni paytga qadar u Buxoro viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Ma’lumot yangilandi. 02.12.2024

photo

Ibragimova Feruza Bahodurxanovna boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod qilindi.

Artikova Hafiza Tuymurodovna Buxoro viloyati hokimining orinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Hafiza Artikova 1976-yil 24-dekabrda Buxoro tumanida tug‘ilgan. 1997-yilda Buxoro davlat universitetini bitirgan. Biologiya fanlari doktori, professor.

Ayni paytga qadar u Buxoro davlat pedagogika institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.