Buxoro yangiliklari
Uchqun Tojiyev: “Jurnalistika — minbar emas, mas’uliyat”
U bundan 47 yil muqaddam Buxoroi sharifning Shofirkon tumanida, Chandir qishlogʻida tugʻildi. Bolalikdan adabiyot va sanʼatga mehri baland edi. Jilvon kengliklarida sheʼriy mashqlar qilib, qishloq hayotidan tuman gazetasi, “Gulxan” jurnali uchun ilk xabarlar yozganida, rasmlar chizib joʻnatganida hali maktabning boshlangʻich sinf oʻquvchisi edi.
Biroq, u feʼliga yarasha koʻngli keng, hech qachon shoshilmadi, balandparvozlik va yaltoqilikka berilmadi. Uyida ota-onasi yiqqan bir uyum kitobga mehr qoʻydi. Ilk sheʼrlari, jajji hikoya va maqolalarini faqat oʻzi oʻqidi, oʻz oldidagi talab yuqori edi.
Mutolaa va izlanishni hayot tarziga aylantirgan Uchqun Tojiyev Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetida oʻqib yurgan kezlari “Yoshlar” teleradiokanali, respublika Mudofaa vazirligining “Vatanparvar” gazetasida bir muddat ijodiy qalamini charxladi. Universitetda ardoqli ustozlari Saydi Umirov, Boyboʻta Doʻstqorayev, Qudrat Ernazarov, Omonulla Madayevlardan oʻrganganlarini amalda qoʻlladi.
Oliy taʼlim dargohini 1999-yilda bitirib qaytgan yosh jurnalist ishni viloyat prokuraturasining “Adolat nuri”, 2002-yildan esa viloyat hokimligi va xalq deputatlari viloyat Kengashining “Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalari tahririyatida muxbir, boʻlim muharriri, masʼul kotib sifatida samarali mehnat qildi. Shuning barobarida, qariyb 8 yil “Buxoroi sharif” gazetasiga muharrirlik qilib, matbuotda oʻz uslubiga ega boʻldi. Qay joyda ishlamasin, vijdonan, tezkor va xolis yozish, tahlil qilishni kasbiy mezoniga aylantirdi. Aynan shu jihat uni tahliliy jurnalistikada “charxladi”, tajribali qalam sohibiga aylantirdi.
Bugun u viloyat hokimligiga qarashli “Buxoro.uz” rasmiy sayti va uning ijtimoiy tarmoqlarida viloyat hayotiga oid muhim va ishonchli yangiliklarni tezkor yetkazishda faol.
— Jurnalist bo‘lish birinchi bo‘lib yozish emas, to‘g‘ri yozish mas’uliyatidir. Har xabar ortida inson taqdiri, har soʻz ortida jamoatchilik ishonchi turadi.
Tajriba shuni oʻrgatdiki, xolis boʻlish qiyin, lekin shart. Jurnalist oʻz munosabatini emas, faktni gapiradi; bahoni emas, dalilni keltiradi.
Bugun axborotni har kim tarqata oladi. Ammo har axborot tarqatgan odam jurnalist boʻlolmaydi. Jurnalistni ajratib turadigan jihat — kasbiy etika, javobgarlik va soʻzga egalik qilish.
Jurnalistika — minbar emas, mas’uliyat. Xalqqa, haqiqatga, vijdonga xizmat, – deydi U. Tojiyev. – Manbasi tekshirilmagan gap — jurnalistika emas, shov-shuv. Jurnalist sensatsiya ortidan emas, adolat ortidan yurishi kerak.
Jurnalist shaxsiy munosabatini chetga qoʻya bilishi lozim. Doʻst ham, tanish ham, mansab ham haqiqatdan ustun boʻlolmaydi. Fakt — muqaddas. Fikr esa faqat dalilga tayansagina qimmatli.
Uchqun Tojiyev viloyat va respublika koʻrik-tanlovlari gʻolibi. 2023-yil — “Eng ulugʻ, eng aziz” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻolibi boʻlgan. 2022-yildan esa Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.
Axborotga masʼuliyat, soʻzda halollik — Uchqun Tojiyev uchun hamon oʻzgarmas tamoyil. Bugun u nafaqat tajribali jurnalist, balki oʻnga yaqin shogirdiga ustoz sifatida ham hurmat qozongan qalam sohibidir.
Obid Qo‘ldoshev
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


