Mashhurlar

Mashhur hind filmi aktyorlari hozir qanday ko‘rinishda? (foto)

picture
Foto: Daryo

Loading

2000-yil 27-oktyabrda ekranlarga chiqqan “Muhabbat qissalari” (“Sevishganlar”) oradan chorak asr o‘tgan bo‘lsa-da, hind kinosining eng yodda qolgan romantik dramalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Aditya Chopraning bu filmi muhabbat, an’ana va avlodlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni shunchalik ta’sirchan ifodalaganki, u nafaqat o‘z davrida kassada rekordlar o‘rnatgan, balki hind kinosining ramziy asarlaridan biriga aylangan. Daryo shu va boshqa filmlar qahramonlar haqida ajoyib maqola tayyorladi.

Yash Raj Films’ning ikkinchi shoh asari

Rejissyor Yash Chopra “O‘g‘irlanmagan kelin” muvaffaqiyatidan so‘ng yana bir hissiyotlarga boy film yaratish niyatida “Muhabbat qissalari”ni yozgan. Uning asosiy g‘oyasi — muhabbatni qadriyat sifatida ko‘rsatish, ammo bu safar u an’ana va erkinlik o‘rtasidagi kurashni markazga qo‘yadi. 

Rejissyor Aditya Chopra, prodyuser esa afsonaviy Yash Chopra bo‘lgan bu film Yash Raj Films studiyasining eng katta romantik loyihasi sifatida yaratilgan. Film markazida muhabbatni taqiqlovchi, qat’iy qoidali Gurukul kolleji direktori Narayan Shankar (Amitabh Bachchan)va sevgi qudratiga ishonuvchi musiqa o‘qituvchisi Raj Aryan Malhotra (Shohrux Xon) o‘rtasidagi kurash turadi. Rajning sevgilisi va Narayanning qizi Megha (Ayshvarya Ray) esa filmning ruhiy markazi sanaladi.

Film o‘zining ajoyib saundtreki, falsafiy dialoglari va yulduzlar tarkibi bilan hind kinosi tarixida o‘chmas iz qoldirgan.

Amitabh Bachchan va Shohrux Xon: avlodlar to‘qnashuvi

Shohrux va Amitabhning birinchi sahnasi suratga olinayotgan paytda butun studiyada “tarixiy daqiqa” deb atalgan — bu ikki gigant birinchi marta bir kadrda uchrashgan edi. Amitabh Bachchan Narayan Shankar rolida — sovuq, qat’iy, an’anaparast direktor; Shohrux Xonesa Raj Aryan obrazida — muhabbatni hayot falsafasi deb biluvchi yosh o‘qituvchi.

Ularning dialoglari og‘izdan og‘izga o‘tib, tomoshabinlar yodida qolgan. “Parampara, pratishtha, anushasan!” (An’ana, obro‘, intizom!) degan so‘zlar 2000-yillar yoshlariga yod bo‘lib ketgan bo‘lsa, Rajning “Love is life!” degan javobi butun filmning falsafasini ifodalaydi.

Yangi avlodning sahnadagi ilk qadamlari

“Muhabbat qissalari” bir vaqtning o‘zida bir necha yangi aktyorlarni hind kinosiga olib kirdi: Uday Chopra, Shamita Shetti, Jugal Hansraj, Kim Sharma, Jimmi Shergill,  Priti Jhangiani — ularning muhabbat hikoyalari filmga samimiylik, yoshlik va quvnoqlik baxsh etdi. Bu yosh aktyorlar orqali rejissyor muhabbatning turli ko‘rinishlarini — qo‘rquv, sadoqat, isyon va kechirimni aks ettirdi.

Jatin–Lalitning sehrli musiqasi

Filmning har bir sahnasini yurakka yaqin qilgan narsa — uning musiqasi. Kompozitorlar Jatin–Lalit, so‘z muallifi Anand Bakshi va qo‘shiqchilar Lata Mangeshkar, Udit Narayan, Sonu Nigam, Alka Yagnik kabi afsonalar filmni unutilmas qilgan.

Bu qo‘shiqlar o‘sha davr romantikasining timsoliga aylangan. 2000-yilda mazkur saundtreklar Hindistonda eng ko‘p sotilgan albomlardan biri bo‘lgan.

“Muhabbat qissalari” 2000-yilning eng daromadli filmi bo‘lib, Filmfare Awards’da 9 ta nominatsiya, shu jumladan “Eng yaxshi film” va “Eng yaxshi aktyor” (Shohrux Xon) yo‘nalishlarida sovrinlarni qo‘lga kiritgan.

Film o‘z davrida “O‘g‘irlanmagan kelin”dan keyingi eng hissiyotli romantik asar deb e’tirof etilgan va hind kinosining “ikkinchi oltin davri” boshlanishi sifatida ko‘rilgan.

25 yildan keyin…

Bugun “Muhabbat qissalari” — nafaqat muhabbat hikoyasi, balki hayot falsafasi. Film o‘z davrining axloqiy savollariga javob bergan, yoshlar va ota-onalar o‘rtasidagi qadriyat to‘qnashuvini yoritgan.

Har bir kadr, har bir dialog, har bir qo‘shiqda Aditya Chopraning mahorati, Yash Raj Films’ning estetik ruhi va hind kinosining yuraklarga yetib boruvchi soddaligi mujassam. Film 25 yil o‘tib ham tomoshabinlarga bir narsani eslatadi: “Hayotda hamma narsa o‘tadi, lekin muhabbat abadiy qoladi.”

Film aktyorlari hozirda nimalar bilan band?

Narayan Shankar — Amitabh Bachchan

Hozirda Amitabh Bachchan 82 yoshda va hanuz faol. U “Uunchai” (2022), “Ganapath” (2023) va “Kalki 2898 AD” (2024)kabi filmlarda rol ijro etdi. Bundan tashqari, u mashhur “Kim millioner bo‘lishni istaydi?” shousining doimiy boshlovchisi.

Then and now: Mohabbatein | Filmfare.com

Raj Aryan Malhotra — Shohrux Xon

Bugun “Bollivud qiroli” hali ham faol va dunyoning eng mashhur hind aktyorlaridan biri. 2023–2024-yillarda u “Pathaan”, “Javan” va “Dunki” filmlari bilan katta muvaffaqiyat qozondi. Shuningdek, u o‘zining Red Chillies Entertainment kinostudiyasini boshqaradi.

Megha Shankar — Ayshvariya Ray-Bachchan

Ayshvariya 2022 va 2023-yillarda “Ponniyin Selvan” (I va II) filmlari bilan yana tanqidchilar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Aktrisa global brend vakili, shuningdek, festival, moda tadbirlari, xayriya ishlari bilan shug‘ullanadi.

Sanjana — Kim Sharma

Bugungi kunda Kim Sharma kinodagi faoliyatini to‘xtatgan, hozirda u moda va reklama sohasida ishlaydi.

Samir Sharma — Jugal Hansraj

Hozirgi paytda Jugal Hansraj yozuvchi sifatida yoshlar uchun fantastika janrida kitoblar nashr etmoqda. U ham kino olamidan ketib, Amerikada yashaydi.

Kiran — Priti Jihangiani

Aktrisa turli tillardagi (hind, telugu, malayalam, rajasthani) filmlarda ishtirok etgan. Ammo hozirda turmush o‘rtog‘i bilan birga media va prodyuserlik yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda

Karan — Jimmi Shergill

Aktyor ham veb-seriallar va jiddiy rollar orqali faol ijod qilmoqda. “Hazrati oliylari” va “Chuna” seriallaridagi roli bilan tomoshabinlar yodida qolgan.

Ishika — Shamita Shetti

Shamita Shetti — mashhur hind aktrisasi Shilpa Shettining singlisi. U interyer dizayn bilan shug‘ullanadi. “Muhabbat qissalari”dan so‘ng kinoda kam ko‘ringan bo‘lsa-da, yaqinda “Ijarachi” (2023) filmida asosiy rolni ijro etgan.

Viki Kapur — Uday Chopra

Uday Chopra aktyorlik faoliyatidan biroz chekinib, hozirda prodyuserlik va veb-seriallar suratga olish bilan shug‘ullanadi. Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashab, ijodiy ishlarga e’tibor qaratmoqda.

Kake — Anupam Kher

Anupam Kher aktyorlikdan tashqari bolalar ta’limi, ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullanadi. U Pratham Education Foundation’ga elchi sifatida tayinlangan. Shuningdek, Actor Prepares nomli aktyorlik maktabini ochgan, u yerda yangi avlod aktyorlar tayyorlanadi. Kher motivatsion notiq sifatida ham tanilgan va xalqaro treninglarga taklif qilinadi.

image

General Khanna — Amrish PuriAmrish Puri Bollivudning eng mashhur va hurmatli aktyorlaridan biri edi, ayniqsa salbiy rollari bilan tanilgan. U 2005-yil 12-yanvarda vafot etgan. Aktyor vafotiga qadar u 400 dan ortiq filmda rol ijro etgan. Uning so‘nggi ishi 2005-yilda chiqqan “Kisna” filmi bo‘lgan.

12

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.