Jahon

Davlat to‘ntarilishi, o‘lim jazosi, qamoq: Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti nega jazolanmoqda?

picture
Foto: Fakty.com.ua

Loading

Seul sudida Yun Sok Yol ishi bo‘yicha yakuniy bosqich boshlandi: prokuratura qattiq jazo talab qilishi mumkin.

Kecha, 9-yanvar kuni Seul shahrida Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolga nisbatan ochilgan jinoyat ishi doirasida yakuniy sud jarayonlari boshlandi. U 2024-yilda mamlakatda harbiy holat joriy etishga urinish orqali qo‘zg‘olon uyushtirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Yonhap axborot agentligi xabar berdi.

Sud jarayonidagi asosiy intriga — prokuratura sobiq davlat rahbari uchun qanday jazo so‘rashi bilan bog‘liq. Ayblov tomoni uchta ehtimoliy variantni ko‘rib chiqmoqda: o‘lim jazosi (mamlakatda oxirgi bor 1997 yilda qo‘llangan), majburiy mehnat bilan umrbod qamoq yoki majburiy mehnatsiz umrbod qamoq.

Biroq bugungi majlisda prokurorlar jazoga oid yakuniy talabni e’lon qilmadi. Seul Markaziy okrug sudi ma’lumotiga ko‘ra, maxsus prokuror Cho In Sokning jazo bo‘yicha pozitsiyasi 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan qo‘shimcha majlisda tinglanadi.

Mazkur ish bo‘yicha jami sakkiz nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Sud muhokamalaridagi eng muhim savol — prezidentning harakatlari davlatga qarshi qo‘zg‘olon bo‘lganmi yoki Yun ta’kidlayotganidek, favqulodda vaziyat sharoitida prezidentlik vakolatlaridan qonuniy foydalanish bo‘lganmi, degan masala atrofida kechmoqda.

Ayblanuvchilar orasida sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon, Milliy politsiya agentligining sobiq rahbari Cho Ji Xo hamda harbiy holatni rejalashtirish va joriy etishda muhim rol o‘ynaganlikda gumon qilinayotgan yana besh kishi bor. Huquqshunoslar sud hukmi fevral oyining boshlarida e’lon qilinishini kutmoqda.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Yun Sok Yol va uning safdoshlari urush yoki shunga teng milliy favqulodda vaziyat bo‘lmagan bir paytda Konstitutsiyani izdan chiqarish maqsadida til biriktirib, harbiy holatni noqonuniy e’lon qilgan. Sobiq prezident Milliy Assambleya binosini qo‘shin va politsiya yordamida blokirovka qilish, deputatlarning harbiy holatni bekor qilish bo‘yicha ovoz berishiga to‘sqinlik qilish hamda parlament spikeri va yetakchi siyosiy kuchlar rahbarlarini hibsga olish haqida buyruq berganlikda ayblanmoqda.

Yun Sok Yol Janubiy Koreya tarixida hibsda saqlangan holda ayblov xulosasi chiqarilgan ilk amaldagi prezident sifatida tarixga kirgan. Bu holat 2025 yil yanvarida sodir bo‘lgan. Mart oyida sud qarori bilan u vaqtincha ozod etilgan, biroq impichment rasman tasdiqlanib, lavozimidan chetlatilgach, harbiy holatga oid qo‘shimcha ayblovlar asosida yana hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning 3-dekabr kuni kechqurun Yun Sok Yol xalqqa video murojaat bilan chiqib, mamlakatni Shimoliy Koreya tahdidi va “anti-davlat kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan favqulodda harbiy holat e’lon qilgan edi. Biroq parlament uning murojaatidan atigi 150 daqiqa o‘tib favqulodda yig‘ilishda harbiy holatni bekor qilishni talab qildi. 4-dekabr tongida esa prezident bu qarorni qabul qilganini ma’lum qildi.

6-dekabr kuni impichment bo‘yicha dastlabki urinish muvaffaqiyatsiz tugagan bo‘lsa-da, 14-dekabrda o‘tkazilgan ikkinchi ovoz berish natijasida Yun Sok Yol rasman lavozimidan chetlatildi va sud jarayonlari boshlandi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.