Jahon

Rossiyada misli ko‘rilmagan qaror: butun viloyatda spirtli ichimliklar sotish taqiqlandi

picture
Foto: Kommersant.ru

Loading

Rossiyaning Vologda viloyatida ichkilikbozlikka qarshi kurash doirasida misli ko‘rilmagan choralar amalga oshirildi. Viloyat ma’muriyati tomonidan qabul qilingan yangi qarorga muvofiq, hududda faoliyat yuritgan barcha ixtisoslashgan alkogol savdo do‘konlari o‘z ishini to‘xtatdi.

Mazkur cheklovlar viloyat gubernatori Georgiy Filimonov tashabbusi bilan joriy etilgan bo‘lib, alkogol mahsulotlari savdosi tartibini tubdan o‘zgartirdi. Endilikda spirtli ichimliklarni faqat kunduzgi soat 12:00 dan 14:00 gacha, ya’ni kuniga atigi 2 soat davomida sotishga ruxsat beriladi.

Dam olish va rasmiy bayram kunlari savdo cheklovlari biroz yumshatiladi: alkogol mahsulotlari odatdagidek sotilishi mumkin, biroq faqat oddiy oziq-ovqat do‘konlari orqali. Maxsus ichimlik savdosiga ixtisoslashgan savdo nuqtalari esa ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi.

Bu qaror alkogol mahsulotlari bilan shug‘ullanuvchi yirik savdo tarmoqlari — xususan, Bristol, Krasnoye & Beloye kabi brendlar faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Mutaxassislarning baholashicha, kuniga ikki soatlik savdo bunday do‘konlar uchun iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanadi. Natijada, ushbu tarmoqlar viloyatdagi faoliyatini to‘xtatishga yoki savdo yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

Shu bilan birga, ichkilik sotishga ixtisoslashgan restoran va barlarni oddiy ovqatlanish shoxobchalariga aylantirish maqsadida davlat tomonidan moliyaviy subsidiyalar ajratilishi ham belgilandi. Bu chora tadbirkorlik subyektlarining moslashuv jarayonini yengillashtirishga qaratilgan.

Viloyat rahbariyati ma’lumotiga ko‘ra, Vologda viloyati Rossiya hududlari orasida alkogol iste’moli bilan bog‘liq kasalliklar va erta o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Yangi siyosat orqali, avvalo, yoshlar o‘rtasida ichkilikbozlikni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish, oilaviy ajrimlar sonini qisqartirish hamda ko‘cha jinoyatchiligi darajasini pasaytirish ko‘zda tutilgan.

Rasmiylar ushbu “qat’iy choralar” qisqa muddatda ijtimoiy norozilikka sabab bo‘lishi mumkinligini tan olsalar-da, uzoq muddatda sog‘lom jamiyat va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.