O‘zbekiston

O‘zbekiston mudofaa doktrinasi qayta ko‘rib chiqiladi

pic
Foto: O‘zbekiston mudofaa vazirligi

Loading

Polshaning Kierunek Kaukaz elektron portalida O‘zbekiston mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi. Unda mamlakatda harbiy xavfsizlik va mudofaa tizimini zamonaviy tahdidlarga moslashtirish masalalari kun tartibiga chiqayotgani qayd etilgan.

Nashrda yozilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida 2018 yilda qabul qilingan mudofaa doktrinasi hamda 1997 yilgi Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusini ilgari surgan. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mintaqaviy va global vaziyatning tez o‘zgarib borayotgani bu hujjatlarni yangicha yondashuv asosida qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda xavf-xatarlar tabiatining o‘zgarishi, harbiy texnologiyalarning jadal rivoji va yangi tahdidlar paydo bo‘lishi mavjud doktrina va konsepsiyani yangilash zaruratini kuchaytirmoqda. Shu bois mudofaa sohasida faqat javob choralariga emas, balki oldini olishga qaratilgan faol va tizimli yondashuvga o‘tish muhim, deya baholanadi.

Yig‘ilishda Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatilgan. Xususan, qo‘shinlarning harakatchanligini oshirish, boshqaruv samaradorligini kuchaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, mudofaa sanoatini rivojlantirish, raqamli yechimlar bilan bir qatorda sun’iy intellekt elementlaridan foydalanish orqali texnologik darajani oshirish masalalari ham muhim yo‘nalish sifatida tilga olingan. Bu O‘zbekistonning harbiy sohada mustaqilligi va barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etiladi.

Kadrlar masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. Nashrga ko‘ra, armiyaning inson kapitalini rivojlantirish, harbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, jumladan Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida raqamli va intellektual ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llash zarurligi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, harbiy xizmatning yangi modeli ustida ishlash vazifasi ham belgilangan. Unga ko‘ra, harbiy xizmatchilar xizmat davomida zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni egallashi, xizmatni tugatgach esa mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi uchun real imkoniyatlar yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.