Salomatlik

Dermatologlar ogohlantiradi: teridagi bu belgilarni o‘tkazib yubormang

photo
Foto: Deriva.com.ua

Loading

Teri — inson organizmining eng katta organi bo‘lib, u tashqi ta’sirlardan himoya qilish, tana haroratini tartibga solish va boshqa muhim funksiyalarni bajaradi. Ammo ba’zan terida paydo bo‘ladigan o‘zgarishlar jiddiy kasalliklarning dastlabki belgisi bo‘lishi mumkin. Dermatolog Emi Bazil qanday holatda teridagi o‘zgarishlarni e’tiborsiz qoldirmaslik kerakligi haqida ma’lumot berdi. Daryo uning so‘zlari asosida maqola tayyorlagan.

Husnbuzarga o‘xshash kichik shish

Uchida hech qanday yiring bo‘lmagan, husnbuzarga o‘xshash shakldagi shishga tegilmasa ham qon oqsa va bu holat bir necha oy davom etib, shish yo‘qolmasa, bu teri saratoni belgisi bo‘lishi mumkin. Agar siz ana shunday muammoga duch kelsangiz, biopsiya tahlili qilishga shoshilish zarur, deydi dermatolog Rina Bayman.

Tana hidining keskin o‘zgarishi

Dermatolog Anjela Brimxoll buni quyidagicha tushuntiradi:

“Tanadan keladigan o‘zgaruvchan hidlar bir qator gormonal muammolarni yoki infeksiyalarni ko‘rsatishi mumkin. Masalan, trimetilaminuriya deb ataladigan metabolik kasallikda teridan aynib qolgan baliq isi keladi. Bunday holat ba’zi ayollarda hayzdan oldin kuzatiladi. Kasallikni esa faqat shifokor davolay oladi, Ko‘pincha bakteriyalarga qarshi antibiotik terapiya buyuriladi”.

Vena va mayda tomirlarning ko‘rinib qolishi

Agar tanadagi qon tomirlari to‘satdan yaqqol ko‘rinib qolsa va bu holat shish, og‘riq yoki qizarishlar bilan davom etsa, shifokorni ko‘rigini kechiktirmaslik lozim.

“Bu holat ko‘pincha jismoniy zo‘riqish, issiqlik, quyoshning ta’siri va siqib turadigan kiyim tufayli yuz beradi. Ammo ba’zan bo‘rtib borayotgan tomirlar tromboz va bir nechta turdagi autoimmun kasalliklardan darak berishi mumkin”, deydi doktor Brimxoll.

Teri rangining keskin o‘zgarishi

Teri rangi inson salomatligining muhim ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lib, uning to‘satdan o‘zgarishi turli ichki yoki tashqi omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda terining rangi vaqtinchalik o‘zgaradi va xavf tug‘dirmaydi, ammo ba’zan jiddiy kasalliklarning dastlabki belgisi bo‘lishi mumkin.

Teri rangining o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar

  • Giperpigmentatsiya (qorayish);
  • Quyosh nurlarining ta’siri;
  • Gormonal o‘zgarishlar (homiladorlik, menopauza, tug‘ruqdan keyingi holatlar);
  • Melazma (odatda yuz terisida paydo bo‘ladigan to‘q jigarrang dog‘lar);
  • Gipopigmentatsiya (oq dog‘lar);
  • Vitiligo (teridagi oq dog‘lar);
  • Jigar va o‘t pufagi kasalliklari;
  • Gemolitik anemiya;
  • Temir tanqisligi anemiyasi;
  • Oqsillarning yetishmovchiligi;
  • Vitamin C yoki K tanqisligi va boshqalar.

Tirnoqlarning o‘zgarishi

Tirnoqlar rangi inson salomatligi haqida ko‘plab ma’lumot bera oladi. Ularning tabiiy rangi och pushti bo‘lishi kerak, tirnoq ostidagi to‘qimalar esa sog‘lom qon aylanishi natijasida rangpar qizg‘ish tusga ega bo‘ladi.

“Tirnoq ostidagi to‘lqinsimon qizil chiziqlar endokardit deb ataladigan yurak kasalligini ko‘rsatishi mumkin. Tirnoq atrofidagi qizil yoki oq dog‘lar autoimmun kasallikning belgisidir”, deydi Brimxoll.

Qorayib, silliq bo‘lib qolgan teri qismi

Agar bo‘yin, qo‘ltiq qismi, oyoqlar orasidagi teri qorayib, silliq bo‘lib qolsa, bu acanthosis nigricans — qora akantoz kasalligini bildirishi mumkin. Bu holat ko‘pincha insulinga rezistentlikdan kelib chiqadi va o‘z vaqtida davolanmasa, 2-toifa qandli diabetga olib keladi.

Kaftlarning qichishi

O‘ng qo‘lning qichishi pul kelishini anglatmaydi. Agar sizda bunday holat bir necha oy davom etsa va ayniqsa, tunda ko‘payib, qichishgan sohada qizarishlar paydo bo‘lsa, jigar faoliyatini va o‘t pufagini tekshirtiring va umumiy qon tahlili o‘tkazing.

Teri silliqlovchi qog‘oz tasmadek notekis bo‘lib qolsa

Bunday holat follikulyar keratoz kasalligidan bo‘lishi mumkin. Bu holat xavfli emas, u ko‘pincha boshqa jiddiyroq kasalliklar — atopik dermatit, astma va mavsumiy allergiya bilan birga keladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.