Buxoro yangiliklari

Endi yo‘lda faqat avtobusda: Buxoroga yana 25 ta yangi avtobus olib kelindi

photo
Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Loading

Buxoro shahrida jamoat transportini yaxshilash, yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz qatnovni ta’minlash ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda. Shu maqsadda shaharga xorijda ishlab chiqarilgan, zamonaviy va qulay avtobuslar olib kelinmoqda.

So‘nggi yillarda tashabbuskor tadbirkorlar sa’y-harakati bilan, xususan 2023–2025-yillar davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan 116 ta yangi avtobus hamda 45 ta mikroavtobus Buxoroga keltirildi. Bu jamoat transporti parkini yangilash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Bu ishlar bilan birga, shaharda tirbandliklarni kamaytirish va qatnovni tartibga solish uchun “Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish” bo‘yicha bosh reja ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, Buxoroda 21 ta yangi avtobus yo‘nalishi ochiladi, aholisi ko‘p hududlarda transport bog‘lamalari barpo etiladi va 113 ta chorrahada “aqlli svetofor” tizimi joriy etiladi. Shuningdek, avtobuslar harakatini tezlashtirish uchun shaharning markaziy ko‘chalarida alohida avtobus yo‘laklari tashkil etilmoqda.

Viloyat transport boshqarmasi rahbari Faxriddin Rajabovning ta’kidlashicha, jamoat transportida brutto-shartnoma tizimi joriy etilgani yo‘lovchilar uchun sezilarli qulaylik yaratgan. Endilikda haydovchilar kunlik tushum uchun emas, balki belgilangan jadval va masofa asosida ko‘rsatilgan xizmat sifati uchun haq oladi. Hozirda 7 ta brutto yo‘nalishda 84 ta yangi avtobus harakatlanmoqda, fevral oyidan esa ushbu yo‘nalishlarda yo‘l haqi faqat naqd pulsiz tarzda to‘lanmoqda.

photo 02

Bugun “Bux Pit Stop” korxonasi tomonidan shaharga yana 25 ta zamonaviy avtobus olib kelindi. Ular “Yevro-5” ekologik standartiga mos bo‘lib, siqilgan tabiiy gazda ishlaydi. Har bir avtobus 30 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan, past polli bo‘lib, nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun maxsus pandus va alohida o‘rindiqlar bilan jihozlangan.

Avtobuslarda:

  • elektron to‘lov uchun ATTO tizimi,
  • to‘liq videokuzatuv,
  • yoz-qish uchun isitish va sovitish tizimlari,
  • salon ichidagi yo‘lovchilar sonini aniqlovchi avtomatik hisoblagichlar mavjud.

Yangi avtobuslar tender natijalariga ko‘ra 13-sonli “Madaniyat” – “To‘qimachi” va 15-sonli “Markaziy dehqon bozori” – “G‘urbincha” yo‘nalishlarida brutto asosida qatnovni boshlaydi. Bu esa ilgari transport kam qatnagan hududlarni o‘zaro bog‘lashga xizmat qiladi.

Kecha, 6-fevral kuni viloyat hokimi Botir Zaripov yangi avtobuslar taqdimoti bilan tanishib, jamoat transportini rivojlantirish shaharning eng muhim vazifalaridan biri ekanini qayd etdi.

photo 01

Ma’lum qilinishicha, mart oyi yakuniga qadar yana 60 ta, yil oxirigacha esa 100 tadan ortiq yangi avtobus Buxoroga olib kelinadi. Xususan, Yutong kompaniyasi bilan shahar sharoitiga mos 12 ta yirik avtobus xaridi bo‘yicha shartnoma tuzilgan va ular hozir yetkazib berilmoqda.

Yangi jamoat transportlarining barchasi brutto-shartnoma asosida yo‘nalishlarga chiqarilib, Buxoroda jamoat transporti sifati va qulayligi yanada oshiriladi.

Jumladan, bugundan boshlab shaharda 2 ta yangi yo‘nalish ishlayapti:

🟡 13-yo‘nalish — “Madaniyat bosh bekati — To‘qimachi bosh bekati”

🟡 15-yo‘nalish — “Markaziy bozor — G‘urbincha”

13-yo‘nalish asosiy nuqtalar orqali o‘tadi: Markaziy bozor, Bolo hovuz, Somoniylar bog‘i, viloyat kasalxonasi, BDU, NBU, Markaziy bank, Bukhara City va To‘qimachi tomonga.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.