Islom

Farishtali xonadon: u qanday bo‘lishi kerak?

photo
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Odamlar ancha-muncha sarf-xarajat qilib, yelib-yugurib chiroyli uylar quradi. Lekin ayrim imoratlar, bir qarashda, ko‘zingizga dang‘illama ko‘rinsa-da, biroq xonadonda fayz bo‘lmaydi. Nega? Chunki u yerda Qur’on tilovat qilinmaydi, namoz o‘qilmaydi. Imorat qancha hashamatli bo‘lmasin, Allohning kalomi o‘qilmasa, unday joyda fayz-baraka bo‘lmaydi. Zero quruq dabdaba bilan uyimizga nur kirib qolmaydi. Yashab turgan joyimiz nurga to‘lsin, desak, Qur’on o‘qiylik, ibodat qilaylik, zikr aytaylik.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambarimiz (s. a. v.) shunday degan ekanlar: “Qur’on tilovat qilinadigan uyning ahli uchun kenglik hosil bo‘ladi, farishtalar hozir bo‘lib, shaytonlar u yerdan uzoqlashadi. Bunday xonadonning yaxshiliklari ko‘payadi. Qur’on o‘qilmaydigan uyning ahli uchun tanglik hosil bo‘ladi. U yerni farishtalar tark etadi. O‘rniga shaytonlar keladi. Shuning uchun yaxshiliklari kamayadi” (Dorimiy sahih sanad bilan rivoyat qilgan).

Ba’zilar: “Har bir uyda bittadan Qur’on bo‘lishi kerak”, ‒ deb ota-bobosidan qolgan Qur’onni matoga yaxshilab o‘rab-chirmab, qo‘l yetmaydigan joyga ilib qo‘yadi. Keyin oyda-yilda bir olib, u yer-bu yerini varaqlagan bo‘ladi. Mushafni devorga osib qo‘yishdan hech qanday foyda yo‘q. Allohning kalomini o‘qisak, hukmlarini qunt bilan o‘rgansak, ilohiy ta’limotlarga muvofiq yashasak, ya’ni ko‘rsatmalarga amal qilib, man etilgan amallardan tiyilsak, ana o‘shanda qalbimiz munavvar, xonadonimiz fayzli, ikki dunyomiz obod bo‘ladi, inshoolloh!

Oilada ayol kishining o‘rni ‒ benihoyat muhim. Ayol oqila, mehribon, sabr-qanoatli hamda tejamkor bo‘lishi zarur. Hadisi sharifda: “Tejamkor qashshoq bo‘lmas”, ‒ deyilgan. Tejamkorlikning aksi esa ‒ isrof. Isrofgarchilik shaytoniy ishlardan bo‘lib, kishini gunohga yetaklaydi. Zero, “A’rof” surasining 31-oyati karimada: “Alloh isrofgarlarni yomon ko‘radi”, ‒  deyilgan.

Oila tushunchasini, er-xotin va farzandlardangina iborat, deb o‘ylash – xato.  Sababi, muqaddas dinimiz ta’limotida oila kengroq, ya’ni eru xotin va farzandlardan tashqari, ota-ona, aka-ukalarni ham o‘z ichiga oladi. Shu o‘rinda aytish lozimki, oilada keksalarimiz bo‘lishi ‒ koni foyda. Chunki ular bizning duogo‘ylarimiz. Ko‘pni ko‘rgan, tajribali bu zotlarning har bir o‘giti ‒ tillodan qimmat. Chunki xalq: “Boshidan o‘tganning qoshidan o‘tma”, ‒ deydi. Bu, keksalar ko‘p narsani biladi, degani. “Qari bilganni pari bilmas”, ‒ degan maqolimiz ham bor-ku. Ya’ni oilada keksa ota-onalarning ham o‘z o‘rni, vazifasi, burchi va mas’uliyati mavjud. Shuni esdan chiqarmaylikki, bobo-buvilari bilan o‘sgan bolalarning bobo-buvilarsiz o‘sgan bolalardan keskin farqi bor. Demak, keksalarimiz xonadonimizning farishtalari hisoblanadi. Ular orqali milliy va umuminsoniy qadriyatlar avloddan-avlodga oson singadi.

To‘g‘risini aytganda, turmush qurganidan keyin mustaqil yashay boshlagan oilalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning ko‘pi ota-ona bilan yashayotgan yosh oilalarda uncha-bunchaga yuz beravermaydi. Bu ‒ isbotlangan haqiqat. 

Oilada tinchlik-totuvlikning, mehr-oqibatning o‘zaro izzat-hurmatning o‘rni beqiyosdir. O‘zaro totuvlik, mehr-oqibat bir joyda barakot bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, barakot qochadi. Xalqimiz bejiz: “Bir kun janjal bo‘lgan uydan, 40 kun barakot qochadi”, ‒ deb aytishmagan. 

Rivoyat qilishlaricha, Ibrohim alayhissalomning uylarida to‘rt eshik bo‘lib, qaysi eshikdan biror kishi kelar ekin, deb qarab o‘tirarkanlar. Mehmondo‘stlik xalqimiz qoniga sut bilan kirgan. Mehmonni otaday ulug‘ ko‘rish, mehmondorchilikni uyining ziynati deb bilish – xalqimizga xos sifat. Mehmon kelgan uyning chirog‘i ravshan tortib, xonadon yanada barakali bo‘ladi, dasturxonlar ko‘rkamlashadi, mehmonxona tor bo‘lsa ham, mehri diling kengayadi. Hadisi shariflarda aytilishicha, uylariga mehmon qo‘nmaydigan odamlar yomon kishilardir, bunday uylarga farishtalar ham kirmaydi. Mehmonsiz uy suvi qurigan tegirmonga o‘xshaydi. Mehmon bahonasida uy-joylar tozalanadi, ro‘zg‘or butun bo‘lib, dasturxon noz-ne’matlarga to‘ladi. Hatto, ba’zan oilada o‘zaro urishib, gaplashmay yurgan er-xotinlar mehmon sharofati bilan yarashib ham ketishadi. Mehmondorchilik ‒ buyuk mutafakkir va donishmandlar, yozuvchi va shoirlar ijodida, xalq maqollarida keng o‘rin egallagan. Mehmondorchilik, bu – eng yaqin do‘stlarning qadrdonligidir.

Mana bu hadislarning ma’no-mazmuni ham bizni xonadonimizni fayzli qilishga undaydi: 

“Alloh taolo nazdida uylaringizning eng yaxshisi yetim hurmat qilinadigan xonadondir”. Umar (raziyallohu anhu)dan Bayhaqiy rivoyati.

“Alloh zikr qilinadigan uy bilan Alloh zikr etilmaydigan uyning misoli xuddi o‘lik bilan tirikning misoliga o‘xshaydi”. Abu Muso Ash’ariy (raziyallohu anhu)dan Buxoriy va Muslim rivoyati.

“Ayollarning barakalisi chiqimi yengillaridir”. Hazrat Oysha (raziyallohu anho)dan Ahmad rivoyati.

“Jam bo‘lib ovqat yenglar. Tarqoq bo‘lib yemanglar. Chunki baraka to‘planib yeganlar bilan birgadir”. Ibn Moja rivoyati.

Bu mulohazalardan ma’lum bo‘lyaptiki, xonadonning fayzli, barakotli, farishtali bo‘lishi ko‘p narsaga bog‘liq ekan. Kimki xonadonining farishtali bo‘lishini xohlasa, shu shartlarga amal qilishi lozim.

Muallif: Gʻafurjon Razzoqov, “Bahouddin Naqshband” jome masjidi imom-xatibi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.