Buxoro yangiliklari

Jurnalist portreti: Mehribon Zaripova

photo
Foto: Facebook (ID: 100071130653683)

Loading

Jurnalistika — u uchun shunchaki kasb emas, bolalikdan ichida o‘sgan ovoz edi. Maktab panjarasidan radioga shoshayotgan jurnalistni kuzatgan qizaloq keyinchalik o‘sha ijodxonada kamol topdi. “Buxoro” radiosida “mashinistka”likdan boshlangan yo‘l — muharrirlikka, katta muharrirlikka olib keldi.

— 14 yil qo‘lda mashinka, diqqatim har bir aytilayotgan so‘zda, qalbda mas’uliyat bilan ishladim. Harf bosishni emas, so‘z qadrini o‘rgandim. Samandar Vohidovdan — so‘z o‘yinini, Xadicha Ramazonovadan — janr mas’uliyatini, G‘ulom Shomurodovdan — samimiyat, ishonchni, Olima Mirzayeva va boshqa ustozlardan — kamera bilan ishlashni o‘rgandim, — deydi Mehribon Zaripova.

U muxbir bo‘lish yo‘lida sohaga ilk qadam qo‘ygan davrda texnik imkoniyatlar yetarli darajada emas edi. Radio tasmalari qo‘lni shilardi. Efir uzilib ketmasligi uchun operatorlar lentani qo‘l bilan tortib turardi. Shunga o‘xshash mashaqqatlar ichida M. Zaripova televideniye guruhi katta muharriri yetilib chiqdi. Bugun texnik imkoniyatlar keng. Lekin jurnalistni baribir texnika emas, insonlar tarbiyalaydi.

“Ziynat”, “Tadbirkor ekrani”, “Sumanbar” kabi ko‘rsatuvlar — o‘tgan yillar mehnati. “Salomat bo‘ling”, “Hunarmand”, “Davr qahramonlari”, “Ahillikning siri” esa mohir jurnalistning bugungi izlanishlaridagi yutuqlarini o‘zida aks ettirgan ko‘rsatuvlardir.

— 45 yillik faoliyatimda eng katta boyligim — mehrli odamlar bo‘ldi. Shu ishonch sabab davlat mukofotlari, xalqaro tanlovlardagi gʻalabalar nasib etdi. “Shuhrat” medali, “O‘zbekiston mustaqilligiga 20 yil” koʻkrak nishoni shular jumlasidan. Ammo eng katta mukofot — “ustoz” degan maqomga arzish, — deydi Mehribon Zaripova.

Mehribon Zaripova mehrdan kuch olgan, ishonchdan qanot chiqargan, jurnalistikaga sadoqat bilan xizmat qilayotgan ayol. U bugun “Buxoro viloyati teleradiokanali” DM da o‘nlab shogirdlar qurshovida mehnat qilmoqda.

— Jurnalistika menga avval insonni o‘rgatdi. Tinglashni, his qilishni, sukut ortidagi ma’noni anglatdi. Men mehrli odamlar qo‘lida o‘sib ulg‘aydim. Shuning uchun kasbimda qattiqqo‘llik emas, insof, vijdon ustun bo‘ldi. Ortga qarasam — shukrona, oldinga qarasam — hali mas’uliyat borligini his qilaman. Yoshlarga aytarim: texnika tez o‘zgaradi, so‘z esa sinovdan o‘tadi. So‘zga xiyonat qilmang.

M. Zaripova kasbidan baxt topgan jurnalist ekanini ta’kidlashdan charchamaydi. Bunday baxt esa oʻz-oʻzidan bunyod bo‘lmadi. Uning ortidagi zahmatlar bugun unut bo‘lgan. Ammo jurnalist hamon mas’uliyatni bir daqiqa bo‘lsa-da unutmaydi.

photo 02
Rasmda (chapdan o‘ngga): Lobar Qilicheva, Mehribon Zaripova, Matluba Odinayeva, Zuhra Ramazonova

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi materiallari asosida tayyorlandi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.