Mashhurlar
Oshqozon operatsiyasi orqali vazn yo‘qotib, butunlay o‘zgarib ketgan o‘zbek san’atkorlari (foto)
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ortiqcha vazn va semirishni global muammo deb ataydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili kamida 4 million inson semizlik va uning oqibatida yuzaga kelgan kasallik tufayli hayotdan ko‘z yumadi. O‘zbekiston aholisi orasida ham semizlikdan aziyat chekayotganlar soni oz emas. Quyida Daryo ortiqcha vazndan turli usullar bilan xalos bo‘lgan o‘zbek san’ati vakillarining fikrlarini keltirib o‘tgan.
Zuhra Soliyeva — menga sport ham, parhez ham yordam bermagan

“Menda bunga ehtiyoj bo‘lgani uchun bariatriya operatsiyasini boshdan o‘tkazganman. Organizmimda endokrin gormonlarim buzilib, kundan kunga sog‘lig‘im yomonlashgani sabab operatsiya shart bo‘lgan. Juda sinchkovlik bilan shifokor tanlaganman, reklama evaziga taklif qilishgan ko‘p klinikalar.
Avvalo inson organizmini o‘sha operatsiyagacha olib kelishi kerak emas. Sekin qadam bosib, tabiiy yo‘l bilan boshlash kerak. Agar bu foyda bermasa, keyin jarrohlik amaliyoti haqida o‘ylash kerak.

O‘zim hammasini sinab ko‘rdim: to‘g‘ri ovqatlanish, sport zalga borish, suzish. Lekin 100 gramm ham ozmasdim. Keyin bilsam, gormonlarim buzilib bo‘lgan ekan. Bu amaliyotga borishdan avval inson o‘z organizmini o‘zi o‘rganib borishi kerak. Boshqa odamda yaxshi kechgan amaliyot sizda ijobiy natija bermasligi mumkin”, deydi aktrisa.

Feruza Jumaniyozova: “Salomatligim yomonlashganini yashirmayman”

“Ko‘pchilik bariatrik jarrohlik amaliyotini chiroy uchun qildi, deb o‘ylashadi. Ammo bu salomatligimni tiklashim uchun ham zarur edi. Salomatligimda o‘zgarish bo‘lganini hech qachon yashirmayman. Qomatdagi o‘zgarish ham faqat insonning ishtahasi bilan emas, balki sog‘lig‘i bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Oshqozonni kichraytirish amaliyoti butun dunyoda o‘tkaziladi. Qandli diabet xastaligiga chalinganlar ham bu amaliyotni boshidan o‘tkazadi. Yashirmayman, operatsiyadan keyin immunitetim birdan tushib ketdi. Holsizlanib qoldim. Ammo asta-sekin hammasi yaxshilandi. O‘zimni avvalgidek yengil va g‘ayratli his qilyapman. Jarrohlikdan keyingi avvalgi oylarda katta vazn yo‘qotiladi, normal vaznga erishgach to‘xtaydi”, deydi xonanda.

Oshqozon hajmini kichraytirish — bariatrik operatsiya odatda og‘ir darajadagi ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan va parhez hamda jismoniy mashqlar orqali natijaga erisha olmagan bemorlarda qo‘llanadi. Operatsiyadan so‘ng hazm qilish jarayoni o‘zgaradi: bemor kamroq ovqat yeydi, organizm esa ortiqcha vaznni bosqichma-bosqich yo‘qota boshlaydi. Ammo mazkur jarrohlikning ham ijobiy natijalari, ham xavf va asoratlari mavjud. Shu sababli mutaxassislar nazoratisiz va yetarli tibbiy ko‘rsatmalarsiz bariatriya amaliyotini bajarish tavsiya etilmaydi.
O‘tkir Meliyev: “Vazn tashlash ko‘p jihatdan nafsni jilovlashga bog‘liq ekan”
.jpg)
O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori O‘tkir Meliyev ham ozish uchun so‘nggi chorani qo‘llashga majbur bo‘lgan. Yodingizda bo‘lsa, u “Sardor” serialidagi debyut rolini ijro etganida ham ozg‘in emasdi. Ammo so‘nggi yillarda to‘plangan vazn hatto harakatlanishga ham xalal bergan edi.
“60 kiloga ozdim. Ammo bu kutilgan natija emas, yana vazn tashlashim kerak. Nahorgi oshlarga borganda ham 4-5 qoshiq osh yeb, to‘yib qolyapman. Vazn tashlash ko‘p jihatdan nafsni jilovlashga bog‘liq ekan. Afsuski, ba’zan buni uddalay olmay qolamiz”, deydi aktyor.
Shahnoza Otaboyeva: “Semizlik sabab odamlardan uyalardim”

“Nihol” nomidagi davlat mukofoti sovrindori Shahnoza Otaboyeva ona bo‘lgach, ortiqcha vazn bilan kurashishni boshladi. Hatto u katta vazn sabab 5 yil klip suratga ololmagani va sahnaga chiqishni istamagan:
“Ayol kishi farzand ko‘rgandan keyin baribir semiradi. Ayniqsa, Covid-19 dan keyin ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi, yashash uchun kurashdik. Bariatriya qildirgach, hammasi o‘zgardi. Yashashga bo‘lgan muhabbatim ortdi. Operatsiyadan keyingi oyda 15 kilogramm vazn tashladim, ikkinchi oy esa 5 kilogrammga ozdim. Teri osilib qolish jarayonlari bo‘lmadi, hammasi a’lo”, deydi xonanda.
Bariatrik operatsiyaning qiymati mamlakat, shifoxona va jarroh tajribasiga qarab farq qiladi.
• Oʻzbekistonda: 50–100 million soʻm. Narxga operatsiya, shifoxonada yotish va baʼzan keyingi kuzatuv xizmatlari kiradi;
• Turkiya: 3 000–8 000 dollar. Tibbiy turizmda mashhur, paketga qoʻshimcha xizmatlar ham kiritiladi;
• Hindiston: 4 000–10 000 dollar;
• Janubiy Koreya: 10 000–20 000 dollar va undan yuqori;
• AQSh va Yevropa: 20 000–30 000 dollar va undan koʻproq.
Muyassar Berdiqulova

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muyassar Berdiqulova uzoq yillar ortiqcha vazn bilan kurashgan va uzoq davom etgan qat’iy diyeta sabab 25 kg vazn ham tashlagan. Ammo natijani ushlab qolish oson kechmagani bois aktrisa oshqozon kichraytirish amaliyotini boshdan kechirgan. Vazni 85 kg bo‘lganida jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, 30 kilogrammdan ko‘proq vazndan xalos bo‘lgan.
“Qornim ochganda me’yorida ovqatlanaman. Shirinliklardan, xamirli ovqatlardan voz kechganman. Ba’zida shirinlik yegim kelsa, yeyman, lekin oldingidek mukkasidan ketib iste’mol qilmayman. Oldin va hozirgi holatning farqi bor. Ozgina, 2-3 qoshiq ovqatdan so‘ng qornim to‘yib qoladi”, deydi aktrisa.

Tez vazn yo‘qotish aktrisada teri osilishiga ham sabab bo‘lgan. Shu bois u yana bir bor plastik jarrohlarga murojaat qilgan. Instagram kuzatuvchilari “Ozg‘inlik yoshingizga yarashmabdi, avvalgi qiyofangiz yaxshiroq edi”, deyishsa ham, u amaliyotdan mamnun.
Barchin G‘ofurova — tanqidlardan charchagan edim

Semirib ketgani haqidagi tanqidiy izohlardan o‘ziga bo‘lgan ishonchi sustlashgan aktrisa Barchin G’ofurova 2024-yil oktyabr oyida oshqozonini kestirishga qaror qilgan:
“Rostini aytsam, bu qarorga kelishim menga oson bo‘lmagan. Agar shu amaliyotni amalga oshirmasa, mendagi depressiya yanada chuqur ildiz otar edi. Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda mening tashqi ko‘rinishim haqida bildirilgan salbiy izohlar ko‘nglimga qattiq botdi va keskin chora ko‘rishimga sabab bo‘ldi”, degan edi aktrisa.

Muborak Abdullayeva

Instagram foydalanuvchilariga yaxshi tanish bo‘lgan vayner va aktrisa Muborak Abdullayeva ham oshqozon kichraytirish amaliyotini boshdan kechirgan.

“Vaznim 130 kg edi. Katta vazn egalarining narkozdan keyin o‘ziga kelishi qiyin kechar ekan. Men nafaqat ortiqcha vazndan, balki qandli diabet xastaligidan ham aziyat chekardim. Shu bois oshqozon kichraytirish amaliyotiga rozi bo‘ldim”, deydi Muborak Abdullayeva.
Kamola Oripova: “Jarrohlikdan so‘ng ona bo‘ldim”

Bloger va keratin bilan sochlarni silliqlash bo‘yicha mutaxassis Kamola Oripova Instagram foydalanuvchilariga yaxshi tanish. Uning sahifasini 2 milliondan ortiq obunachi kuzatadi.

“Nega oshqozon operatsiyasini qilishga majbur bo‘lganimni odamlardan yashirmaganman. Chunki hamma ayol go‘zal qomat egasi bo‘lishga haqli. Oshqozon operatsiyasini 2020-yilning 8-fevral sanasida qildirganman. Bir yilda 43 kilo vazn yo‘qotib, o‘zimni yengil his qildim. Undan keyin qizim Maryamxon dunyoga keldi. Keyingi homiladorlik davrida ham haddan ortiq to‘lishib ketganim yo‘q. Bir necha oydan keyin yana 10 kilogrammga ozganman”, deydi Kamola Oripova.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


