Mashhurlar
Saratonni yenggan o‘zbek san’atkorlarining samimiy iqrorlari
Yil sayin saraton kasalligi bilan og‘riganlar soni ortib bormoqda. Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 35 million kishiga yetishi kutilmoqda. Bu esa global sog‘liqni saqlash tizimi oldida jiddiy chaqiriqdir. Shunga qaramay, saraton mutlaqo davosiz dard emas: uni erta aniqlash, oldini olish va samarali davolash usullari mavjud. So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi ayrim aktrisalar ham mazkur tashxisni boshdan kechirgan bo‘lib, o‘z vaqtida o‘tkazilgan tibbiy muolajalar natijasida sog‘lom hayotga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Daryo maqolasi shu haqida.
Saida Rametova: “Begona yurtda qolib ketmaslikni, tezroq oilam bag‘riga qaytishni istardim”

Aktrisa Saida Rametovaga 2020-yilda ikkinchi darajali ko‘krak saratoni tashxisi qo‘yilgan.
2020-yil butun dunyo uchun sinovli yil bo‘ldi. Ayni pandemiya avjiga chiqqan paytda bir guruh ijodkorlar bilan Turkiyada “Jaloliddin Manguberdi” serialida suratga tushayotgandik. Uydagilar qo‘ng‘iroq qilib ketma-ket qaynsinglim va tug‘ishgan opamdan ayrilganimni aytishdi. Yaqinlarimni so‘nggi manzilga kuzatolmadim, deb rosa yig‘ladim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, chap ko‘kragimda og‘riq paydo bo‘ldi, shamol tegdi, deb taxmin qildim. Ammo og‘riq zo‘rayib boraverdi. Tohir Saidov shifokorga ketayotgan ekan, men ham ko‘rikdan o‘taman, deb unga ergashdim. Tohirni besh daqiqada ko‘rikdan o‘tkazishdi, meni esa ancha vaqt tekshirishdi. Keyin professor menda 2-darajali ko‘krak saratoni aniqlanganini ma’lum qildi.
.jpg)
Kasallik haqida o‘ylaganim yo‘q, faqat begona yurtda qolib ketmaslikni, tezroq oilam bag‘riga qaytishni istadim. Xayriyatki, bir necha kundan keyin Toshkentga charter reys bilan samolyot uchadigan bo‘ldi. O‘zbekistonga qaytib muolajalar oldim. Shu kungacha bir necha marta kimyoterapiya, undan keyin nur oldim. Ahvolim ancha yaxshilandi, deydi aktrisa.
Ra’no Shodiyeva: “Turkiyadagi kasalxonada 4 marta hayot bilan xayrlashganman”

Turkiyada davolanayotgan paytimda eng kamida to‘rt marta hayot bilan xayrlashdim. Hatto shifokorlarning o‘zlari ham “Yaqinlaringizni, turmush o‘rtog‘ingiz va bolalaringizni chaqiring, ular siz bilan xayrlashishga ulgurishsin”, deyishgan. Shunday gaplardan keyin men hamma narsaga tayyor edim. Organizmim, immunitetim charchab qolgan edi. Hayotdan ketayotganimni qabul qilib bo‘lgan edim. Kunlardan birida erta tongda ko‘zimni ochdim va o‘zimga “Sen nima qilyapsan? Qayerga ketmoqchisan? To‘g‘ri, farzandlaring sensiz ham yashashda davom etadi. Lekin o‘zing-chi? Yashashni istamaysanmi?”, dedim. Shu tarzda o‘zim bilan o‘zim suhbatlashib, o‘zimni yerga tushirdim.

Avvalambor Alloh, lekin inson kasal bo‘lganida o‘ziga rahmi kelmasligi kerak. Imkon qadar kurashish kerak. Shifokorlar mening yashab ketganimni mo‘jiza ekanligini aytishdi.
Birinchi operatsiyadan keyin metastaz kuzatildi va meni ikkinchi operatsiyaga tayyorlay boshlashdi. O‘shanda “Mendirman Jaloliddin” serialining ikkinchi fasli syomkasi boshlangan edi. O‘rnimga boshqa aktrisa olishsa, mendan ham yaxshi o‘ynab berardi balki. Lekin men obrazimni boshqa aktrisadan qizg‘andim. O‘shanda prodyuserlarimiz menga qo‘ng‘iroq qilib, “O‘zingiz o‘ynab bera olasizmi?”, deyishdi. Men esa faqat ma’lum shart-sharoitlar asosida ishlay olishimni aytdim. Mehmet Bo‘zdag‘ “Rolingizni o‘zingiz o‘ynab bersangiz, mamnun bo‘lar edik”, dedi. Shu gaplar ham menga katta turtki bo‘ldi.
Shifokorlar menga 8 soat davom etadigan kimyoterapiyani qilishdi, undan so‘ng esa 42 soatlik boshqa kimyoterapiyani ulashdi. Men salkam uch kun mobaynida kimyoterapiya olib yurganman. Bo‘ynimga osiladigan sumkachaga ximiyani solib qo‘yishardi. Men o‘sha holatda sumkani kiyimlarim tagiga yashirib, serialda suratga tushganman.
Sobirjon Rahimjonov: “Ruhiyat butun tanani boshqarar ekan”

Tomoshabinlar aktyor Sobirjon Rahimjonovni “Opa-singillar” serialidagi mehribon qaynota roli orqali yaxshi tanishadi. 84 yoshni qarshilagan aktyor hamon taklif etilgan rollarni rad etmaydi va dublyaj jarayonlarida ham ishtirok etadi. 11 yil avval shifokorlar uni hayoti nihoyalanayotganidan ogohlantirgan edi. Ammo unday bo‘lmadi.
— 70 yoshni qarshilab biror marta kasallikdan aziyat chekkan inson emasdim. Ayni “Opa-singillar” serialining suratga olish ishlari avjiga chiqqan paytda qulog‘im orqasida no‘xatdek tugun paydo bo‘ldi. 7-son shahar kasalxonasiga borib ko‘rikdan o‘tsam, shifokor bitta ukol bilan tugun yo‘qolishini aytdi. Afsuski, muolajadan so‘ng kichik tugun kattalashib ketdi. Shoshilinch Respublika onkologiya markaziga yuborishdi. Tahlillarning bari saraton kasalligiga chalinganimni ko‘rsatdi.

Aslida bu tugunni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlamasa, ahvol yanada og‘irlashishi mumkin ekan. Shu bois, tahlillarni shveysariyalik mutaxassislarga yuborishdi. Bir haftadan keyin: “Tugun asosiy qon tomirga juda yaqin, operatsiya qilish xavfli” degan javob xati keldi. Shundan so‘ng davolash ishlarini boshlashdi. Har oy bir hafta davomida kasalxonada yotib davolandim. Umumiy hisobda 14 ta kimyoterapiya va 18 marotaba nur amaliyotlarini oldim. Qattiq tushkunlikka tushib qolgandim, ammo kasalxonadagi bemorlarning ahvolini ko‘rib, Yaratganga shukr aytdim. U yerda hali yoshiga to‘lmagan go‘daklar, chimildiq ko‘rmagan yigitlar, emizikli onalar ham bor edi.
Foto: Instagram
“Opa-singillar” serialining suratga olish maydonchasiga kelib kayfiyatim ko‘tarilardi. Aktyorlar jamoasi ko‘nglimga qarab, yupatishga urinishardi. “Doda o‘lib qolmasinlar, serialni tugatib olaylik”, degan gaplar ham qulog‘imga chalindi. Ammo ranjiganim yo‘q. Haqiqatan ahvolim havas qilgudek emasdi. Shukrki, umrim uzoq ekan, davolanishlar samara berib darddan xalos bo‘ldim. Inson tushkunlikka tushib qolishi kerak emas. Ruhiyat butun tanani boshqaradi, “Men o‘laman” degan fikr miyaga o‘rnashib qolsa, muolajalar samara bermaydi.
Bahrom Matchonov: “Men kasalman, demaslik kerak ekan”

Bahrom Matchonov o‘zbek tomoshabinlariga “Kichkina tabib”, “Oyijon”, “Shaytanat” va “Ilhaq” filmidagi rollari bilan yaxshi tanish. 19 yildan buyon AQShda istiqomat qilayotgan aktyorni hayot ko‘p bor sinagan. 2006-yilda unda limfomiya xastaligi aniqlangan.
“AQShga kelganimda deyarli ingliz tilini bilmasdim. Xorijda yashash, odamlariga moslashishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Oradan 4 yil o‘tib, menda limfomiya xastaligi aniqlandi. Juda tez vazn yo‘qotdim. Charchoq, holsizlik, ko‘p terlash, og‘riqlar… Dard qanchalik og‘ir bo‘lmasin odam o‘zini qo‘lga olishi, ruhan sinmasligi kerak. Bu xastalik bilan bir-ikkita tanishim ham davolangan. Shu bois, ruhiyatimni cho‘ktirmadim.

Amerikalik shifokorlarga ming rahmat, garchi hujjatlarim bo‘lmasa-da, ijtimoiy himoya xodimlarining yordami sabab, bepul davolandim. “Men kasalman!” degan fikr miyaga o‘rnashib qolsa, tanadagi og‘riqlar yanada zo‘rayadi. Shu bois, kasallik aniqlangan taqdirda ham “Men sog‘lomman, kasallik meni yengolmaydi”, deb o‘z-o‘zini ishontirish sog‘ayishning eng mukammal davosi hisoblanadi.
Gulchehra Sa’dullayeva: “O‘zbek ayollari sog‘lig‘iga nihoyatda e’tiborsiz”

Gulchehra Sa’dullayeva O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, o‘zbek tomoshabinlari qalbiga Zaynab roli orqali muhrlangan ijodkor. Unga 31 yil avval shifokorlar tanasida og‘ir xastalik kurtak ochayotganini aytishgan. O‘shanda aktrisa 39 yoshda edi.
— Kasallikning kelishi oson, ketishi qiyin. Tan olish kerak, o‘zbek ayollari sog‘lig‘iga nihoyatda e’tiborsiz bo‘ladi. Menda ham toliqish, kuchli charchoq, asabbuzarlik va ko‘krak qismida sanchiqlar bo‘lib turgan. Shifokorlar menda “kista” borligi aniqladi. Ulardan biri xastalikdan qutilishning eng oson yo‘li farzandli bo‘lish ekanini aytdi. Shu yoshda farzand ko‘rishga biroz ikkilandim, ammo Allohning qudrati bilan qiz farzandlik bo‘ldim. Kenjatoyim Muqaddas tug‘ilgach, tanamdan dard ham aridi. Farzand nafaqat oilani quvonchga to‘ldiradi, ona tanasini ham yashartiradi.

Aliye Parast: “Saraton bilan kurashgan 3 yillik umrimni so‘z bilan ifodalab berishim qiyin”

Aliye Parast — asli professional raqqosa, ammo uni ko‘pchilik “Meni asra” serialidagi Ruxshona obrazi orqali tanishadi. Unga 3-bosqichdagi Xojkin limfomasi tashxisi qo‘yilgan.
Saraton juda qo‘rqinchli so‘z, ochig‘i u haqda o‘ylashni ham istamayman. Menga 3-bosqich Xojkin limfomasi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik kun sayin rivojlanib borgan. Juda ko‘p terlardim, chap qo‘limni qimirlatishga ham kuchim yetmasdi. Ko‘kragim va qo‘lim tutashgan nuqtada kuchli og‘riqni his qilardim. Har kuni qattiq nafas qisishi, zaiflik, kuchli yo‘tal, bo‘yin va yuz shishish holatlari kuzatilardi. Og‘riqlar sabab tuni bilan ko‘zimga uyqu kelmasdi.
O‘zim yashaydigan Farg‘onadagi eng malakali shifokorlarning bariga murojaat qildim. Ammo ulardan samara bo‘lmagach, og‘ir ahvolda Toshkentga keldim. Tekshiruvlar natijasida 21 santimetr o‘simta va o‘pkamda 1 litr suv borligi aniqlandi. Respublika onkologiyasi shifokori Sergey Viktorovich Kamishov tahlil natijalarini ko‘rib, menga umid berdi. Uch yillik davolanishlar o‘z samarasini berib, darddan butunlay qutuldim.

Saraton bilan kurashgan uch yillik umrimni so‘z bilan ifodalab berishim qiyin. Hayotning bahosi naqadar qimmat ekanini ana o‘shanda his qilganman. Bu xastalik bilan kurashayotgan insonlarga maslahatim — har kimning ham gapiga quloq solmang, tabibga-ku murojaat qilmaganingiz ma’qul. Sababi bularning bari vaqtni besamar o‘tkazishga sabab bo‘ladi. Saraton — hammasi tugadi, degani emas. Uning ham davosi borligini unutmaslik va muolajalarni kechiktirmay boshlash kerak, deydi Aliye Parast.
Odina To‘xtasinova: “‘Bu rak bo‘lib qoldi’ deb aza ochib yuborishlaridan qo‘rqib uydagilarimga aytmaganman”

“Sevgi”, “Shukrona”, “Sensiz” seriallari qahramoni aktrisa Odina To‘xtasinova saraton kasali sabab 13 marotaba jarrohlik operatsiyasini boshidan o‘tkazgan.
Katta farzandimni dunyoga keltirganimdan keyin poliklinikaga chiqsam, “Onkologiyaga borishingiz kerak” deyishdi. Keyin Oqtepadagi onkologiyaga borsam, tezda operatsiya qilish kerakligini aytishdi. O‘sha haftaning o‘zida operatsiya qildirdik. Ammo ko‘p o‘tmay, yana o‘simta paydo bo‘ldi. Respublika onkologiyasida yana operatsiya qildirdim. Bunday jarrohlik amaliyotlari 11 marta o‘tkazildi. Narkozdan chiqar-chiqmas limon bilan qatiq olaman, limonni shundoqligicha shimaman va bolalarimga qarashim kerak, ovqat qilishim kerak, deb uyga ketaman. Doktorlar esa qozon tepasiga borma, quyoshga chiqma, deyishardi.
Uydagilarga kasalligimni aytsam “Bu rak bo‘lib qoldi” deb, aza ochib yuborishadi, menga rahmlari keladi, deb o‘ylab aytmaganman. O‘n bir marotaba operatsiya bo‘lgandan keyin charchadim. Har safar kelaman, xo‘rozni so‘ygandek kesishadi, yana jo‘natib yuborishadi.

Doktor bilan gaplashib, “Endi nima qilishim kerak”, deganimda, ular “Yana analiz topshirib keling” dedi. U shifokorni yomonlash emas, balki yetuk mutaxassis emasdir. Tashxis natijalarini olib kelsam, kimyoviy terapiya, qilish kerakligini aytishdi. Keyin “Tananing bu qismini olib tashlaymiz, ko‘payib ketibdi”, deyishdi. Men esa “Qanday qilib? Axir men yoshman, hali tug‘gim kelyapti”, dedim. Doktor esa “Tug‘ish mumkin emas, tug‘sang o‘lib ketasan” dedi.
Keyin xorijga ketish va o‘sha yerda operatsiya qildirishga qaror qildim. Koreyada operatsiyam uchun ishlab, pul yig‘dim. Onam 3 yoki 4 marotaba operatsiya bo‘lganimni biladilar, xolos, boshqalarini bilmaydilar. Koreyada ham operatsiya kunim aniqlangan, ammo buni hech kim bilmaydi. Hech kimga aytolmayman. Qo‘rqmasdan 7-8 soatlik operatsiyaga kirganman.

Foto: Instagram
Koreyalik shifokorlar bu barchasi bitta operatsiyada hal bo‘ladigan narsa ekanini, o‘zbekistonlik shifokorlar esa qayta-qayta kesib, ko‘paytirib yuborganini aytdi. Bir yildan keyin qayta tashxis topshirsam, “Ikkinchi tomoningga ham o‘tgan”, deyishdi. Buni ham onamga aytolmadim. Shunda “Koreyada bir oy toshbaqa sho‘rva ichsang, yaxshi bo‘lib ketasan”, deyishdi. Doktorga pulim yo‘qligi uchun, dengiz bo‘yida bir oy yashab, toshbaqa sho‘rva ichdim. U kuchli narsa bo‘lganiga qon bosimim ko‘tarilib ketdi, bosh og‘rig‘imga esa chidolmayman, suv bo‘yiga chiqib, dod solib yig‘lardim. Keyin baribir doktorga bordim, toshbaqa ta’sir qilmabdi. Shundan keyin yana bir kichik operatsiya qildirdim va hozir yaxshiman. Sizlarga maslahatim yaxshilab tekshirtirib, keyin operatsiya qildiringlar, deydi aktrisa.
Parizoda Bo‘rixo‘jayeva: “Shifokorlar bu tuzalmaydigan kasallik ekanligini aytishgandi”

“Tohir va Zuhra” filmining yangi talqinidagi variantida Zuhra rolini o‘ynagan aktrisa Parizoda Bo‘rixo‘jayeva shifokorlarning qo‘rqinchli tashxisiga qaramay, og‘ir kasallikni yengib o‘tgan.
Qiyinchiliklar hammada bo‘ladi. Taxminan 25 yoshimda, turmushga chiqqanimdan bir necha yildan so‘ng sog‘lig‘im bilan muammolar bo‘lgan. Bu sinov hayotimni juda qattiq o‘zgartirgan. O‘sha vaqtda shifokorlar “Yo‘q, siz tuzalib ketmaysiz, bu narsa tuzalmaydigan kasal”, deyishgandi. Bu muammo nafaqat men uchun, balki butun oilam uchun berilgan. Kasallik tufayli kim qanaqaligini, menga qanaqa munosabatdaligini bildim.

O‘sha paytda turmush o‘rtog‘im va yaqinlarim meni qanday e’zozlashini ko‘rdim. Otamning bir gaplari bor: “Sinov ham odamning kuchiga qarab beriladi. Kuchli odamga kuchli sinov beriladi. Zaifroq insonga yengilrog‘i beriladi”. Men tabiatan qo‘rqoq odamman, balandlik va tezlikdan qo‘rqaman. Lekin o‘sha paytda ichimdan “Hali tuzalib ketaman, hammasi yaxshi bo‘ladi”, degan katta kuch topganman. Sinovdan turmush o‘rtog‘im bilan birga o‘tganmiz. U kunlarni eslasam, ko‘zimga yosh keladi, deydi Parizoda Bo‘rixo‘jayeva.
Zarnigor G‘aniyeva: “Saratonga chalingan ayol rolini ijro etgach, men ham shu xastalikka yo‘liqdim”

Aktrisa Zarnigor G‘aniyevaga 2022-yili 3-darajali saraton tashxisi qo‘yilgan. Unga hindistonlik shifokorlar 3 oylik umri qolgani haqida aytishgan.
2022-yilning avgust oyida Zohidjon Zokirov rejissyorligidagi serialda saratonga chalingan ayol rolini ijro etgandim. Tabiatan irimchi emasman, ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay sog‘ligimda jiddiy muammolar kuzatildi. Oktyabr oyiga borib, hojatga chiqolmay qoldim va qorin bo‘shlig‘imda kuchli og‘riqlar paydo bo‘ldi. Shifokorlar onkologik kasallikdan shubha qilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishimni maslahat berishdi. Koreyada analiz topshiraman, deb uchib ketdim. U yerda ham analiz natijalari xuddi shunday chiqdi va tezda operatsiya qildirishimni maslahat berishdi. Moddiy jihatdan imkoniyatim bor edi, negadir u yerda operatsiya qildirishni istamadim va Toshkentga qaytib keldim. Respublika onkologiyasidagi Odil Ahmedov degan shifokorga uchrashdim va operatsiya bo‘ldim.
Qattiq tushkunlikka tushganim uchun sochim to‘kilib ketdi. Kimyoterapiyadan keyin esa butunlay kal bo‘lib qoldim. Oradan tadbirkorlik faoliyatimda bir inson qattiq aldadi va siqilib, qornimga metastaz tarqab ketdi. Xunuk shishib ketdi, nafaqat soch, balki kiprik va qoshlarim ham to‘kilib ketdi. Hindistonga tashxis qog‘ozlarini jo‘natsak, “Kelishining hojati yo‘q, uch oylik umri qolgan”, degan javob keldi. O‘lar ekanman, deb kuchli tushkunlikka tushdim. Bir yilga yaqin qorong‘i xonadan tashqariga chiqishni istamay qoldim. Hech narsaning qizig‘i qolmadi. Kimyoterapiya olganda tanam shu qadar azoblanardiki, o‘limimga ham rozi bo‘ldim. Kechalari qanchalik qiynalganimni faqat oldimdagi sanoqli insonlar bildi xolos. Eng qizig‘i, undan avval atrofimda tanish-bilishlarim, do‘stman deganlar ko‘p edi. Kasal bo‘lganimdan keyin ular shu qadar kamayib ketdiki, hayron qoldim. Kasallikni ham Yaratgan bejizga bergani yo‘q, atrofimdagi insonlarning asl yuzini ko‘rishim uchun bir sabab bo‘ldi, deb o‘yladim. Sobiq turmush o‘rtog‘im ruhan va moddiy jihatdan ko‘p yordam berdi.
Ilgari pulim ko‘p bo‘lsa, farzandlarimga yaxshi sharoit yaratib bersam, deb orzu qilardim. Kasal bo‘lganimdan keyin baxt aslida sog‘lik va xotirjamlikda ekanligini angladim. Joningiz og‘risa, pul ham joningizga oro kirmas ekan.
Ayollarga maslahatim: o‘zingizni seving. Bu dunyoda hech narsa kuyib-pishishingizga arzimaydi, deydi aktrisa Zarnigor G‘aniyeva.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


