Mashhurlar
“Ishonma” qo‘shig‘i bilan tanilgan, turmush o‘rtog‘ining xiyonatini kechirgan, 10 ming dollarlik to‘yni rad etgan Dildora Niyozova haqida
2012-yilda “Yilning eng yaxshi xonandasi” deb topilgan, ko‘plab qo‘shiqlari xit darajasiga chiqqan qo‘shiqchi Dildora Niyozova bu yil 48 yoshni qarshilaydi. So‘nggi yillarda turli mojarolar bilan omma e’tiborida bo‘lib kelayotgan xonandaning ijodi biroz sokinlashgan bo‘lsa-da, to‘y va tadbirlarda unga talab so‘ngani yo‘q. Daryo uning hayoti va faoliyatiga nazar soldi.
“Maktabdanoq qo‘shiq yozardim”
— Maktab paytidayoq o‘z qo‘shiqlarimni yozardim. Eng birinchi qo‘shig‘im “Yashash” deb nomlangan bo‘lib, uni sinfdoshlarim juda yaxshi kutib olishgan. Keyin musiqa maktabini a’lo baholarga bitirdim. Lekin kutilmaganda Jahon tillari institutining ingliz falsafasi fakultetiga o‘qishga kirdim.

Otam “Qizim otarchi bo‘ladimi” degandilar
— San’atkor bo‘lishim avvalo qismat. Ammo otam san’atkor bo‘lishimga jiddiy qarshilik qilgan. U inson o‘z davrida “Metropoliten” va “Metroqurilish”da yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan. O‘ziga yarasha obro‘si bo‘lgani va uchta o‘g‘ildan keyin tug‘ilgan bitta qiz bo‘lganim uchun xonanda bo‘lishimga norozi bo‘lgan. “Qizim san’atkor bo‘lsa, baxtsiz bo‘ladi”, deb o‘ylardi.
Bir kuni Alisher Ikromovni oldiga olib borib: “Qizimda haqiqatan iqtidor bormi, bir umr otarchi bo‘lib yurmaydi-ku”, degan. Alisher aka ovozimni eshitib ko‘rgach, dadamga “Qizingizda chiroyli ovoz bor ekan. Hali ancha yil xalqqa xizmat qiladi”, — degan. Ana shu gapdan keyin otamning san’atimga bo‘lgan munosabati o‘zgargan. U paytlarda bayram kunlari ko‘chalarda sayllar o‘tkazilardi. O‘sha sayllarda qo‘shiqlarimni eshitib to‘planayotgan xalqni ko‘rib, ishonchlari ortgan. Ana shu voqeadan keyin “Tarona rekords” studiyasida bir nechta qo‘shiqlarimni yozdirib, ilk audiokassetamni sotuvga chiqarishgan. Kasseta sotuvchi erkak rus millatiga mansub bo‘lgan. Otam uning oldiga borib kassetalarim qanday sotilayotganiga qiziqqan. O‘sha paytda Yulduz Usmonova va Ozoda Nursaidovaning qo‘shiqlari trendda edi. Rus sotuvchi kassetamni ko‘rsatib, “O‘zi bu kim, hamma shuning kassetasini so‘rayapti”, degan. Uyimizga to‘y xizmatlariga aytib, ko‘p kelishardi. Ammo otam to‘ylarga chiqishimga qarshi bo‘lgan. “Qizim to‘y uchun qo‘shiq aytmaydi”, deb rad javobini berardi. Onam “Qizim yolg‘iz konsertlarga bormaydi”, deb hamisha yonimda yurardi. Ammo bugungi darajaga erishishim oson bo‘lmagan. Otam yaxshi joyda ishlaganlari bilan biror konsertga qatnashgim kelsa, borib iltimos qilardi. Chunki hozirgidek shart-sharoitlar oson emasdi. Hatto sahnadan haydab yuborgan yoki pora berib konsertga chiqqan kunlarimiz ham bo‘lgan, deydi Dildora Niyozova.

“Qiz bola bo‘la turib bu qo‘shiqni aytgani uyalmaysanmi?”, deganlar.
Dildora Niyozova “Ishonma” qo‘shig‘ini ijro etgani uchun otasi undan qattiq ranjigani haqida so‘zlab berdi.
— Bu qo‘shiqni xorazmlik Otajon ismli yigit ijro etgan ekan. Afsuski, u inson olamdan o‘tib ketgan ekan. Endi san’atga kirib kelgan paytlarimda prodyuserim Tohir aka qo‘shiqni olib kelib, ijro etishimni so‘ragan. Qo‘shiqning matnini o‘qib ko‘rib “Bu qo‘shiqni aytmayman, sharmanda-ku”, deganman. Tohir aka “So‘zlarini o‘zgartirdim, xavotir olma”, degan. Qo‘shiq matnining ilk variantida haqiqatan ham ochiq so‘zlar ko‘p edi. U hayotiy qo‘shiq bo‘lgani bilan omma oldida aytishga uyalgandim. Xullas, Tohir aka qo‘shiqni aytishga ko‘ndirgan. Qo‘shiqni studiyada yozib, uyda dadamga eshittirganimda, rosa so‘kkandi. “Sen qiz bola bo‘lsang, uyalmay shu qo‘shiqni aytdingmi?” degan. Eshitgan “shirin” gaplarimdan ertalabgacha uxlolmay chiqqandim. Bu gaplardan xabari yo‘q prodyuserim qo‘shiqni tarqatib yuborgan. Ertasi kuni tursam hamma yerda Dildora Niyozovaning “Ishonma” qo‘shig‘i yangrayapti. Bozorda ham do‘konda ham qo‘shiqni eshitganimizda hammamiz shokka tushib qolganmiz. Dadam ham hayron bo‘lgan, ammo “Qiz bola narsa nega bunday qo‘shiqni ayting”, deb rosa ranjigandi. Shunday bo‘lsa-da, xalq orasida Dildora Niyozova bo‘lib tanilishim bu qo‘shiqning hissasi katta. Shu qo‘shiq ommalashganidan keyin Surxondaryo stadionida konsert berganimda ketmasin deb mashinani ko‘tarib yuborgan paytlari ham bo‘lgan. Davralarda qo‘shiqni qayta-qayta ijro etishimni so‘rashardi. Yaratganga shukr, shunday kunlarni ham ko‘rdik, deydi xonanda.
“Qo‘shiqni efirga berish juda qimmat edi”
— 2002-2003-yillarda pulini berib, yo‘lini qilsangiz, yarim soatdan keyin qo‘shig‘ingiz televideniyeda berilardi. Biz ham qo‘shnimiz ishlaydigan telekanalda tanish-bilish qilib, qo‘shig‘imni aylantirganimizni yaxshi eslayman. Bundan boshqa iloj yo‘q edi. Undan keyin shartnoma tizimi yo‘lga qo‘yildi. Pulini to‘lab, istaganda televizorda chiqish mumkin. Ammo uning narxi juda qimmat. Oxirgi marta klipimni aylantirganimda bitta qo‘shiqning efiri 100 AQSH dollari edi. Bu narx yosh xonandalar uchun juda qimmatlik qiladi. Oxirgi paytlarda televizor ko‘rmayotganim va ro‘molda bo‘lganim uchun televideniyega qiziqayotganim yo‘q, deydi xonanda Dildora Niyozova.
“10 ming dollarlik to‘yni rad etganman”

— Bu dunyoda besabab hech narsa bo‘lmaydi. Men to‘g‘ri qaror qabul qilganman, deb o‘ylayman. Ommaga aytiladigan va aytish joyiz bo‘lmagan gaplar bor. Boshimga og‘ir sinovlar tushdi. Ammo ular haqida ochiq gapirishni istamayman. Hijobga kirmasimdan avval to‘ylarim juda ko‘p edi. O‘sha paytlarda “Yuragim” qo‘shig‘i trendga chiqib, viloyat to‘ylarida ham menga talab yuqori edi. Tug‘ilgan kunim kuni boshimga ro‘mol o‘radim va turmush o‘rtog‘im kelganida “Men endi hech qayerga chiqmayman, ro‘molim bilan meni hech kim chaqirmaydi”, dedim. U paytda islomiy to‘ylar kam, ochiq to‘ylar esa ko‘p o‘tkazilardi. Buni eshitib sozanda yigitlar ham shokka tushib qolishgandi. Ertasi kuni sozanda yigitlar uyimizga kelib “Opa nega unday qaror qabul qildingiz. Hali ham kech emas, ro‘mol yechsangiz ham hech kim bilmaydi. Alloh bergan san’atingiz bor, bu yoqda farzandlaringiz ham ulg‘ayib qolishdi. Muxlislaringiz ham sizni juda yaxshi ko‘rishadi. Shuncha to‘y olingan, ishni beliga tepayapsiz”, deyishdi. Yigitlar ham yosh-da, “Shuncha insonlarga va’da berilgan, to‘ylarga “zaklad” olingan ularga nima deb aytasiz”, deyishyapti. Nima bo‘lishini bilmadim, hammasini Alloh biladi.
“Sog’lig‘imdagi muammo tufayli o‘lib qolsam kerak degandim”
— Haqiqatan ham sog‘lig‘imdan yomon qiynaldim. Shu darajaga keldimki, o‘lib qolsam kerak, deb qo‘rqib qoldim. Shundan keyin ro‘molni o‘rashim xayrli bo‘lsin, dedim. Sozanda yigitlarga ham “Ro‘mol o‘raganimni hech kim ko‘rmas, ammo so‘z berganman-ku, lafzim qayerda qoladi”, dedim. Yaratgan taqdirimga yozgan bo‘lsa, ro‘molim bilan ham ijod qilaman, bo‘lmasa roziman, dedim. Xo‘jayinimning ham ozgina jahli chiqdi. Chunki biz yaxshi yashaganmiz, hurmatda, e’zozda bo‘lganmiz. Turmush o‘rtog‘im: “Endi avvalgi hayotni unuting, endi oddiy yashashga ko‘niking”, dedi. Men mingdan-ming roziman, ro‘molni o‘radimmi qaytib yechmayman, dedim. Oradan 2-3 oy o‘tdi, hammasi o‘zgardi. Ammo bir narsani angladimki, men to‘yda yurgan vaqtlarimda ham shunchalik baxtli bo‘lmaganimni his qildim. Hammasiga ko‘nikdim, ammo san’atni sahnani sog‘ina boshladim. Ro‘molga kirishdan avval hammasiga rozi bo‘lganman. Chunki konsertlarga, televideniyaga chaqirmasliklarini yaxshi bilardim. Hozir ham ko‘rsatuvlarga chaqirishadi. Ammo “Ro‘molni unaqa o‘rang, bunaqa o‘rang”, deyishadi. Yo‘q, men faqat shu ko‘rinishimda chiqaman, deyman.
To‘ylarda ham faqat ayollar davrasida ishtirok etaman. Ayol-u, erkak ishtirok etadigan va ichkilik bo‘ladigan to‘ylarga bormayman. Viloyatlarga qimmat pullarga taklif etishadi. Qancha pul berilsa ham qarorimni o‘zgartirmayman. Turmush o‘rtog‘im ham bunga jiddiy e’tibor beradi. Hatto, to‘yxonaga kirib, erkaklarning ayollar bilan bir davrada o‘tirganini ko‘rib, pulni qaytarib bergan paytlari ham ko‘p bo‘lgan. Surxondaryoga 10 ming dollar beramiz, deb chaqirilgan to‘ylarni ham rad etgan, deydi xonanda Dildora Niyozova.
“Pulni yaxshi ko‘rasizda, shuning uchun san’atdan ketolmaysiz”, deyishadi
— Har bir oilada o‘ziga yarasha sinovli kunlar bo‘ladi. Ammo san’atkor taniqli inson bo‘lgani uchungina uning shaxsiy hayotidagi ma’lumotlar keng tarqalib ketadi. Dunyoda urishmaydigan er-xotin bormi? Jahlda aql ketadi, deb bekorga aytishmaydi. Ayollar baribir og‘irroq bo‘lmasa, vaziyat butunlay izidan chiqib ketadi. Oilaning mustahkamligini saqlash oson emas. Erkakning jahli chiqqanida tez qaror qilib qo‘yadi. Turmush o‘rtog‘im jahl ustida Instagram’ga san’atdan ketishim haqida video joyladi. Har bir oilada tushunmovchiliklar bo‘lib turadi. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Turmush o‘rtog‘imning fe’li tez bo‘lgani uchun shu videoni joylagan.
Ammo o‘zga oiladagi vaziyatni bilmay turib, munosabat bildiradiganlardan ranjidim. “Pulni yaxshi ko‘rasizda, shuning uchun san’atdan ketolmaysiz”, deyishdi. To‘g‘risi, shunga o‘xshash gaplar qalbimga og‘ir botdi. Rizqni avvalo Alloh beradi, san’atda shuncha harakat qilib turib ham hech narsaga erisholmayotganlar bor. Men to‘ylarga chiqib nima yomon ish qilayapman. Birovning haqqiga xiyonat qilayotganim yo‘q. San’atkor kichkina pulga xizmatga bormaydi, ammo odamlar niyat qilib uni yaxshi kuniga taklif etadi. “Odamlar meni to‘yiga aytsin”, deb niyat qilmayman. Rizqimni faqat Allohdan so‘rayman.
Ro‘molga katta kuch bilan kirganman. Haqiqatan ham o‘sha vaqtda qo‘shiq ham aytmayman, degandim. Ammo san’atdan ketdim emas, faqat salovat va nashidalar aytaman, deb hayolimdan o‘tkazgandim. Angladimki, Allohga bo‘lgan muhabbatimiz qalbimizda, uni ha deb atrofdagilarga ko‘rsatish shart emas. Qo‘shiq aytish taqdir qismatimda bor. Uni ham Alloh bergan. Agar taqdirimda shunday yozilmaganida men bugungi darajaga erishmagan bo‘lardim. To‘y xizmatlariga borsam “Sizning qo‘shig‘ingiz sabab hayotga qaytdim”, deb haqqimga duo qilishadi. Balki qilayotgan ishim noto‘g‘ri emasdir, deb o‘ylab qolaman. Bandaning bandaga hukm qilishga haqqi yo‘q. Shunday ekan u noto‘g‘ri ish qilyapti, deb xulosa chiqarish yaxshi emas. Men haqimda negativ fikr birdirayotganlarning xatosi, gunohi yo‘qmi? Men yomon gaplarni eshitib o‘rganmaganman. Negativ gaplarni ko‘nglimga qattiq ta’sir qiladi. Shuning uchun bilib-bilmay odamlar haqida yomon gumonga borishlarini istamasdim, deydi u.
“Erimning xiyonatini kechirdim”

— Oilamda oson bo‘lmagan sinovlar bo‘ldi. Eng og‘irlaridan biri — turmush o‘rtog‘imning xiyonatini bilib qolganim edi. O‘sha paytda yuragim yorilib ketgandek bo‘ldi, odamlar ko‘ziga qarash ham qiyin tuyulardi. Bir muddat xalq orasida ham ko‘rinishni istamadim. Ammo vaqt o‘tishi bilan o‘ylab ko‘rdim. Yaratgan bandaning eng katta fazilatlaridan biri — kechirish ekan. Men ham o‘zimga savol berdim: “Yaratgan bizning shuncha gunohlarimizni kechirsa, men nega kechirolmay?” Shu qarorga keldim.
Atrofdagilar hayron bo‘lib, “Siz mashhur ayol bo‘lib turib, qanday qilib kechirdingiz?” deyishdi. Men “Kechirsam, bu men uchun ham, oilam uchun ham yengillik. Adovat saqlash bilan hech kim baxtli bo‘la olmaydi”, dedim. Shu qarorimni eshitgan ko‘plab ayollar menga ijtimoiy tarmoqlarda yozishdi, maslahat so‘rashdi. Shunda bildimki, oramizda shunday sinovlarga duch kelayotgan ayollar juda ko‘p.
“Turmush o‘rtog‘imni alfons deb gap tarqatishdi”

— Bir paytlar turmush o‘rtog‘im haqida “alfons” degan mish-mishlar ham tarqaldi. Bu gaplar unga qattiq og‘ir botdi. Men uni yaxshi bilaman — u halol mehnatkash, ro‘zg‘ori va farzandlari uchun qayg‘uradigan inson. O‘sha mish-mishlardan so‘ng u odamlar noto‘g‘ri tushunmasin, deb o‘z kasbiga qaytdi. Hozir Andijonda klinika qurilishida ishlayapti. Men borib ko‘rdim — oddiy ishchilar qanday mehnat qilsa, u ham shunday ishlayapti. Bu uning halolligi va oilasi uchun mas’uliyatini yana bir bor isbotladi.
Shu voqealardan keyin men hayotda bir narsani tushundim — ayol faqatgina Yaratganga suyanishi kerak. Hech bir inson — na er, na boshqalar — ayolning hayotini mukammal qilib bera olmaydi. O‘zim ham asta-sekin mustaqil bo‘lishni, mashina haydashni, ro‘zg‘orimni yolg‘iz boshqarishni o‘rgandim. Yolg‘izlik insonni pishirar ekan, deydi Dildora Niyozova.
“Milliarder Alisher Usmonov mening muxlisim”

— To‘g‘risi internet tarmoqlarini muntazam kuzatmaganim uchun Alisher Usmonovni tanimas edim. Viloyatma-viloyat to‘ylarda yurganmiz-da. Keyin turmush o‘rtog‘im “bu insonning kimligini bilasanmi, bu inson dunyoning eng boy odamlaridan biri”, dedilar. Bir kuni ularning xizmatiga borganimizda “hamma jim bo‘lsin”, deb, butun davra jim bo‘lgandan so‘ng ijodim haqida juda ham yaxshi fikrlarni, tilaklarni bildirdilar. “Seni ko‘rishim kerak” deb nomlangan qo‘shig‘im bo‘lardi, Alisher Usmonov ushbu qo‘shig‘imni juda yaxshi ko‘rib tinglardilar. Bir tadbirlarida shu qo‘shig‘imni yigirma martalab aytganman, shu qadar ko‘p kuylaganimdan o‘zim ham charchab ketganman, deydi san’atkor.
“Hamkasblarim meni yoqtirishmagani uchun ham rahmat”

— Meni yoqtirishmagani uchun ham rahmat. Chunki ikki ayol bir-biriga qo‘shilsa, bilib-bilmay xato gapirib qo‘yamiz. Ayol kishi g‘iybat qilishga moyil bo‘ladi. Inson qancha bekorchi bo‘lsa, shuncha ko‘p gunoh va noto‘g‘ri ishlar qilib qo‘yadi. Ularga qo‘shilmaganimga va yoqtirishmaganiga ham rahmat. Balki ular yoqtirishmadi deb noto‘g‘ri xulosa qilgandirman. San’atkorlar bilan gap-gashtaklarga borib, bordi-keldi qilmasam ham ular bilan munosabatlarim yaxshi. Ko‘rganda tabassum bilan ko‘rishaman, shuning o‘zi yetadi. Ortiqcha bir soat gaplashib qolsam gap ko‘payadi, keyin boshni ushlab nega shunday dedim, deb afsuslanamiz. O‘zimning fe’l-atvorimni bilganim uchun san’atkorlar davrasidan nari-beri bo‘lishni ma’qul ko‘raman. Umr juda qisqa. Uy ishlarini qilib, bolalarim bilan shug‘ullangunimga qadar kech tushadi. Ishlarimni qilib, uyquga ketgunimga qadar kechki soat 1-2 bo‘lib ketadi. Ertasi kuni bu jarayon yana takrorlanadi. Yaqin bir insonimning ishlari yurishgan vaqtida ko‘chadagi do‘st-u dugonalari ko‘p bo‘lgan. Boshiga ish tushgach. Ularning safi ancha kamaydi. Men avvalgi ko‘p pul topgan paytimda ham hech kim bilan dugona bo‘lmaganman, hozir ham xuddi shunday. Ko‘pchilik san’atkor ayollar gap-gashtak o‘ynashni taklif etishdi. Ammo ularning birortasiga bormaganman. Keyinchalik esa baribir kelmaydi, deb chaqirmay ham qo‘yishgan, deydi xonanda Dildora Niyozova.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


