Mashhurlar
Uzoq yillik “zapret”, buzilgan uy va bariatriya: hayot sinovlarida toblangan Ozoda Nursaidova haqida
Ozoda Nursaidova hozirda YouTube tarmog‘ida eng ko‘p ko‘riladigan qo‘shiq va kliplarni suratga olmoqda. Yoshligidan musiqaga qiziqqan, hayot yo‘li bir tekisda kechmagan san’atkor bu yil 52 yoshni qarshiladi.Daryo uning hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar soldi.
“Ko‘nglimda bir kemtik bor”
Ozoda Nursaidova 1974-yilning 9-oktyabr kuni Toshkent viloyati Nurafshon shahrida dunyoga kelgan. Xonandaning otasi Parpi Nursaidov podpolkovnik bo‘lib, uzoq yillar ichki ishlar sohasida faoliyat yuritgan. Onasi esa avtobazada dispetcher bo‘lib ishlagan.

— Hayot yo‘llari har doim ham tekis bo‘lmaydi. Kimdir onaning, yana kimdir otaning mehriga to‘ymay ulg‘ayarkan. Bolaligidan inson bu haqida o‘ylab, baribir ko‘nglida kemtik borligini his qilib yashar ekan. Menda ham shunday kemtik bor. Bolaligimda juda kam gapiradigan, o‘nta savolga bitta javob beradigan qiz edim. O‘zim va xayollarim bilan band bo‘lib yurardim. Ichimdagilarni boshqalar bilan bo‘lishgim kelmasdi, deydi xonanda Ozoda Nursaidova.
“Qulog‘imdan “naushnik” tushmasdi”
“Asl sanʼat nasl suradi”, degan gap bor. Xo‘sh, Ozoda Nursaidovaning yaqinlari orasida sanʼatkorlar bo‘lganmi?

— Oilamizda sanʼatkorlar bo‘lmagan, faqatgina onam xorazmcha raqs tushishni yoqtirardi. U paytlari pleyerlar bo‘lardi. Qulog‘imga “naushnik”ni tiqib, pleyerda musiqa eshitishni yaxshi ko‘rardim. Qulog‘imdan “naushnik” tushmasdi. Faqatgina o‘g‘il bolalar bilan futbol o‘ynashni yoqtirganimni hisobga olmasa, atrofdagilarga eʼtibor bermasdim. Inson eshitib ham juda ko‘p narsalarni o‘rganadi. Fattohxon Mamadaliyev, Rasulqori Mamadaliyev va hind ragalarini eshitishni yoqtirardim, deydi xonanda.
“Ovozing noyob deyishgandi”
Bugungi kunda asosan estrada yo‘nalishida qo‘shiqlar kuylaydigan ijodkor maqom xonandasi bo‘lishni orzu qilgan. Ammo qandaydir sabablar uning maqom emas, estrada xonandasi bo‘lishiga turtki bo‘lgan.

— Konservatoriyaga o‘qishga kirganimda “Ovozing metosaprano ekan. Bunday ovoz juda noyob hisoblanadi”, deyishgan. Yaʼni bu avjiga chiqqanda tembri buzilib ketmaydigan kam uchraydigan ovoz hisoblanadi.
“Maqom qo‘shiqlarni ijro etishing kerak”, deb ko‘p aytishardi. To‘rt yil davomida mumtoz qo‘shiqlarni o‘rganib, ijro etdim, ammo o‘zim ham nimalarnidir yaratgim kelaverardi. Yaʼni menda faqat ijrochilik emas, ijodkorlik xohishi kuchliroq edi. Estrada yo‘nalishida ijodni boshlaganimdan keyin ko‘p ustozlarim ranjidi. Ammo men sof estrada yo‘nalishida ijod qilmayman. Qo‘shiqlarimda bir nechta yo‘nalishlar, xususan, maqomning ham ayrim jihatlari bor, deydi xonanda Ozoda Nursaidova.
“Ketma”ning kutilmagan omadi

Ozoda Nursaidova 1999-yili O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tamomlaydi. 2000-yili yaratilgan “Ketma” qo‘shig‘i unga chinakamiga omad keltiradi. Undan keyin yaratilgan “Asrasin” va “Endi men ketaman” nomli qo‘shiqlari ham xonandaning mashhurlikka erishishiga sabab bo‘ladi. 2001-yili o‘tkazilgan “Tarona” taqdimotida u “Yilning eng yaxshi qo‘shig‘i” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritadi.
“Urush chiqarish kimgadir kerak bo‘ldi”
Xonanda “Inson qadri” loyihasi uchun bergan intervyusida tashkilotchilarning o‘yin qurboni bo‘lgani va uning to‘lovi xonandaga og‘ir kelgani haqida so‘zlab bergan.

— Birinchi taqiqqa 2003-yili uchraganman. O‘sha yili “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyida 13 kunlik konsert bergandim. Oradan bir oy o‘tib “Ozoda seni yuqoriga chaqirishyapti. Tushuntirish xati yozarkansan”, deyishdi, ammo sababini aytishmadi. Ayni o‘sha kunlari Surxondaryo bo‘ylab o‘tkaziladigan konsert dasturiga yo‘l olishim kerak edi. Uchrashuv qoldirilib, safarga otlandim. Ammo o‘shanda juda qiziq va tushunarsiz holat bo‘ldi — tashkilotchilar o‘yin qilishdi. Sho‘rchi tumanidagi konsert aʼlo darajada o‘tdi. Biroq bizga kelishilgan pulni berishgani yo‘q. “Biz Toshkentga qaytamiz”, deganimizda “Yo‘q, Termizga ham boring, konsert boshlanmasidan avval ikkita konsertning pulini beramiz”, deyishdi. Stadionda konsert tayyorgarliklari boshlangan, odamlar to‘plangan, jamoamdagi yigitlar ham hozirlik ko‘rishayotgandi. Stadion yonida tamaddixona bor ekan, men o‘sha yerga kelib tashkilotchilarni kuta boshladim. Afsuski, ular kelmadi, pul berish tugul qo‘ng‘iroq ham qilishmadi. Keyin stadionda katta janjal bo‘ldi. Keyin bilsam aslida konsert emas, ana shu janjal kerak ekan. Amallab Toshkentga qaytib keldim. “Siz sabab Surxondaryoda katta janjal chiqdi”, deyishdi. Emishki, men konsertga bormaganman va bundan xalq g‘azablangan ekan. “Ammo men o‘sha yerda bir necha soat kutdim-ku, tashkilotchilar kelmadi”, degan gapimni hech kim eshitmadi, deydi xonanda Ozoda Nursaidova.
“Zapret”da qolishimga intervyu sabab bo‘ldi
Afsuski, xonanda ijodining eng gullagan vaqtida birdan sahnalarda ko‘rinmay qoldi. Keyinchalik buning sababi ochiqlandi. Xonanda 13 yil mobaynida ijodiy taqiqlar sabab omma eʼtiboridan chetda bo‘lishga majbur bo‘ldi.

— 13 yillik hayotim “zapret” bilan o‘tdi. Sanʼatkor uchun “zapret” degan tushuncha juda og‘ir edi. Hamkasblarimiz ham biz bilan so‘rashmay qo‘ygan kunlar bo‘lgandi.
2016-yilda ko‘pchilik sanʼatkorlarning “zapreti” yechildi-da, meniki qolib ketdi. Men nimaga bunaqa, deb o‘ylardim. Keyin esimga tushdi, 2013-yilda men bir intervyu bergandim. Yakkasaroy tumanida turaman. Tuman hokimligidan odam keldi. “Ozoda opa, uyingizni buzamiz”, deb buldozer olib keldi. Bu 2013-yildagi gaplar. “Zapret”da, umidsizlikda siqilib yurgan paytlarim. O‘shanda emotsiyalarga berilib intervyu berganman. 2016-yilda hamma “zapret”dan chiqib, men qolib ketganimga o‘sha intervyu sabab bo‘lsa kerak, deb o‘yladim, degan xonanda.
“Uyingizni buzamiz”
Xonanda Ozoda Nursaidova uyda o‘tirgan vaqtda mutasaddilar buldozer bilan uyini buzishga kelgani, bu holatdan so‘ng stressga tushgani, 250-300 million so‘m moddiy zarar ko‘rgani, “vahshiylarcha” uyini buzishgani haqida gapirdi.

— Bu mavzu hayotimdagi eng og‘ir damlarni eslatadigan, og‘riqli mavzulardan biri hisoblanadi. 2007-yilda bir korxonaning bo‘sh yerini sotib olganman. To‘g‘rirog‘i, uyimni qurgan kompaniya egalari menga shu taklifni bergan. Bozor narxida pulini to‘lab, shu yerni sotib oldim — 2,5 sotix yer edi. Sotib olib hamma narsani hujjatlashtirdim. Oradan olti yil o‘tib, 2013-yilda uyimda o‘tirgan vaqtimda hokimiyatda ishlaydiganlar buldozer bilan keldi, yer-joy bilan bog‘liq sud bo‘lgan ekan — xabarim yo‘q edi.
Uyimga buldozer bilan kelib, buzamiz deyishdi, ogohlantirishmadi. Uyingizni buzishimiz kerak, sud bo‘lgan, prokuratura kadastrni bekor qilgan, deyishdi. Bekor qilingani haqida xabarim yo‘q edi, birinchi maʼlumotni o‘sha paytda oldim. Shunda o‘sha payt hokimlikning huquqshunosi menga boshqa bir familiyalarni aytdi va shularning buyrug‘i bor dedi. Suddan yoki hokimlikdan biror-bir daʼvogar menga bu haqda aytmagan, deydi xonanda.
“Ozoda” biznesi uzoqqa borgani yo‘q

“Zapret”da bo‘lish inson ruhiyatiga, shu bilan birga salomatligiga ham jiddiy taʼsir etadi. U stresslar sabab katta vazn to‘plagani ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Ammo 2015-yil ko‘rinmay qolgan Ozoda Nursaidova yangi ko‘rinish va o‘zgacha stilda ko‘rinish berdi. O‘shanda u endi nafaqat xonanda, balki tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanayotganini maʼlum qilgandi. O‘sha yillari “Ozoda” nomli parfyum ishlab chiqarishni boshlagandi. Ammo attorlik biznesi uzoqqa borgani yo‘q.
“To‘rt tilni mukammal bilaman”
O‘z repertuarini bir qancha chet tilidagi qo‘shiqlar bilan ham boyitgan xonanda Ozoda Nursaidova to‘rtta tilda bemalol gaplashadi.
— Avvallari til o‘rganishga qiziqishim kuchli edi. Ishtiyoq, qunt va harakatim sabab rus, ingliz, turk hamda fors tillarida tarjimonsiz gaplashadigan bo‘ldim. Arab tilini esa qisman bilaman. Lekin bu tilni ham puxta o‘rganish maqsadim yo‘q emas. Vaqt jihatidan muammo bo‘lmaganida fransuz tilini o‘rganardim, dedi Ozoda Nursaidova.
“Oshqozonimning yarmini kesishga to‘g‘ri kelgan”
Xonanda 2015-yilda sog‘lig‘idagi muammolar sabab ozishga jiddiy qaror qilgan. U intervyulardan birida shunday degandi:

— Turkiyada laparotomiya operatsiyasidan o‘tib qaytdim. Anchadan beri qiynayotgan professional kasallik (murakkab qo‘shiqlar kuylanayotganda bosim qoringa tushadi) bo‘lgan qorin churrasini operatsiya qildirdim. Bunda oshqozonimning ham yarmini kesishga to‘g‘ri kelgan. Hozirda qatʼiy parhez tufayli deyarli oddiy suv bilan kun o‘tkazyapman.
Bugungi xonanda bir necha yil oldingi Ozoda Nursaidovadan butunlay farq qiladi. Xonandaning tashqi ko‘rinishi 8 yil ichida katta o‘zgarishlarga uchragan. Ozoda Nursaidova hozirda sog‘lom ovqatlanishga amal qiladi hamda fitnes bilan muntazam shug‘ullanadi.
“So‘nggi damlarida onamning yonida bo‘la olmadim”
Ozoda Nursaidova jurnalist Sardor Komilovga bergan intervyusida san’atdagi o‘ziga nisbatan dushmanliklar, onasining o‘limidan keyin anglagan haqiqatlari haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram
— Onamning o‘limidan keyin o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Lekin yana sahnaga chiqdim. Chunki onam bu kunlarni uzoq kutdi. “Zapret”dan chiqishimga rosa harakat qildi. Shuning uchun o‘zimni qo‘lga olishga majburman. Hozir menga hech narsaning qizig‘i qolmadi. Ishonsangiz, kechasi uxlay olmayman. Ich-etimni yeb, o‘zimni aybdor deb his qilaman. Sababi onamni men ko‘p qaritdim, mening tashvishlarim onamni kasal qildi. Chunki qanaqa narsalarni boshdan kechirdik. Shou-biznes harom narsa. Shunaqangi vijdonsiz va diyonatsiz insonlar bor. Men o‘zimni aybdor his qilaman, chunki onam ham ko‘rdi shu narsalarni. Ketma-ket “zapretlar” — yo‘q narsaga tuhmatlar bo‘ldi, deydi xonanda.
“So‘nggi manzilga kuzatolmadim”
Xonanda onasining so‘nggi damlarida uning yonida bo‘lolmagani armon bo‘lib qolgani, shuningdek, uning o‘limida o‘zini aybdor his etishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
— Onamning mazasi bo‘lmay qolganida Andijonda to‘yda edim. Ular shaharda yashay olmasdilar — To‘ytepada turardilar. O‘shanda onamning mazasi yo‘qligi haqida xabar keldi. Singlim Nilufar bilan jiyanim Abdulloh ketdi. Men esa yo‘ldan kelganim uchun bormadim. Chunki har kuni deyarli “skoriy” chaqirilardi. Ana shunaqa vaziyat bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Onamni olib ketishayotganida infarkt olganlar. Shifokor kislorod ulayman, deganida kislorod yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Butun Nurafshon shahridan kislorod balloni topilmagan. Bektemirdan topib olib kelishganida esa onam vafot etib bo‘lgan. Ular ko‘p asabiylashish ortidan qandli diabet orttirib olgandilar. Qon bosimlari ham oshib turardi. O‘sha kuni qonlaridagi qand miqdori ham 21 ga chiqib ketgan ekan. Menga xabar keldi, keyin bordim. Armonim bor: ularning so‘nggi damlarida yonlarida bo‘la olmadim, meni deb kasal bo‘ldilar.
Klip syomkasidagi baxtsiz hodisa
Ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yilning mart oyida 22 yoshli aktrisa Sabrina Jabborova Ozoda Nursaidovaning “Dilbarim” klipi suratga olish jarayonida avtomobil urib ketishi oqibatida nogironga aylangani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat internet foydalanuvchilarining keng muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Ozoda Nursaidova ushbu hodisaga quyidagicha munosabat bildirgan:
— Bu hodisa haqiqatan klipim syomkasida bo‘lgan. Avvalo klip syomkasi jarayoni qanday o‘tkazilishi haqida aytib o‘tmoqchiman. San’atkor buyurtmachi. Suratga olish guruhi ishni tugatib san’atkorga topshiradi. Ijodiy guruhdagi aktyor, aktrisa, texnik xodimlar, ularning xavfsizligi uchun men javob bermayman. O‘sha kuni syomkada men bo‘lmaganman. Voqea haqida telefonda eshitdim. Aktrisa o‘sha yerdagi ommaviy sahna aktrisasini mashinada urib ketibdi, deyishdi. Men hayron bo‘ldim, chunki ssenariy bo‘yicha hech kim mashina haydashi kerak emasdi. OAVda yordam qilinmagan, qon yo‘qotilgan, 02 qilinmagan, degan gaplar ketyapti. Lekin hech kim qarab turgani yo‘q. 02 va 03 ga qo‘ng‘iroq qilingan, vaqtlari ham turibdi.

Mayli, minnat bo‘lmasin, mening administratorim 1 oy Sabrinaning uyida yashadi. Kasalxonada nafaqat men, balki suratga olish guruhi hamma qo‘lidan kelgan yordamini qildi. Operatsiya noto‘g‘ri qilinib, bir oyog‘i kalta bo‘lib qolgan, degan ma’lumotni ham men OAVdan bildim. Yanvar oyida ham Sabrina o‘rnidan turib, syomkalarga borib yurganini eshitib biz xursand bo‘ldik. Uni Yangi yilda ham borib tabriklab kelishdi. Mart oyida ham har oy berilayotgan moddiy yordamni berib kelishdi, unaqa gap yo‘q edi. Men unga qo‘limdan kelganicha yordam qilganman. Bundan keyin ham yordam beraman. Hech kim chapak chalib o‘tirgani yo‘q. Sabrina oyoqqa turishi uchun, yashash sharoitini yaxshilab, qo‘ldan kelgancha yordam berdik. Shifokorlar 3 oydan 5 oygacha reabilitatsiya bo‘lishi mumkin, degani uchun Sabrina uyda boquvchi bo‘lganini hisobga olib, 5 oy davomida yashash xarajatlarini ko‘tarishga qaror qildik. Sabrinaning ota-onasiga hamdardlik bildiraman. Yaxshi ish bo‘lmadi, afsusdaman, deydi xonanda.
Bundan so‘ng Ozoda Nursaidova Sabrinaning operatsiyasi uchun yetarli mablag‘ berib, uni Turkiyaga operatsiyaga jo‘natdi. Sabrina 5 oylik davolanishdan so‘ng to‘liq sog‘ayib, yura boshladi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


