Mashhurlar
Hokimning qiziga uylangani aytiladigan, Munisa Rizayevaning qo‘shnisi bo‘lgan, bir qo‘shig‘i ortidan 4 ta uy olgan Sardor Mamadaliyev haqida
Hamkasblaridan ajralib turadigan ovozi, san’atga o‘ziga xos nolalari bilan kirib kelgan Sardor Mamadaliyevning oila a’zolari qo‘shiqchi bo‘lishiga qarshilik qilgan ekan. U kirakashlik qilib o‘z muxlislarini manziliga eltib qo‘ygan. Daryo bu xonandaning hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar soldi.
“San’atkor bo‘lishimga barcha qarshi bo‘lgan”

— Bolalikdanoq sanʼatga mehrim baland boʻlgan. Baʼzi bolalar singari koʻcha changitib, shoʻxlik qiladigan bola boʻlmaganman. Maktabdan kelib, tushlik qilardim-u, gitara yoki tor chalishni mashq qilardim. Sheʼrlarga oʻzimcha musiqa bastalab ijro etardim. Kun tartibim deyarli oʻzgarmasdi.
Mening oliy maqsadim faqat sanʼatkor boʻlish edi. Ammo yaqinlarim huquqshunos boʻlishimni orzu qilishardi. 2000-yilda oʻrta maktabni tamomlab, sanʼat kollejiga hujjat topshiraman deganimda, qarorimga otamdan tashqari barcha oila aʼzolarim qarshi boʻlishgan. Oilamizda sanʼatkorlar yoʻqligi bois bu sohada oʻz oʻrnimni topishimga ishonishmagandi. Ammo men tanlagan yoʻlimdan qaytmadim, avval sanʼat kollejida, undan keyin Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida tahsil oldim, deydi ijodkor.
“Ilk ustozim akam bo‘lgan”

— Ilk ustozim ham akam Avazbek Mamadaliyev. Menga tor ushlab, qoʻshiq kuylashni ham u oʻrgatgandi. Afsuski, uning sanʼatkor boʻlish orzusi amalga oshmadi. U huquqshunoslik sohasini tanladi. Bugun oʻz ishidan mamnun. Mening sanʼatda oʻz kumirlarim bor. Musiqa va ijro borasida ulardan andoza olishga, eng sara yangiliklarini oʻzbek sanʼatiga ham olib kirishga harakat qilaman. Keyingi paytlarda koʻproq jaz va rok musiqalarini eshityapman, deydi xonanda.
Xonanda ijod borasida kimga suyanadi?

— Mashhurlik osonlikcha kelgan emas. Sanʼatga kirib kelishim qanchalik qiyin boʻlganini atrofimdagi insonlar yaxshi bilishadi. Ijodda bir toʻxtamga kelishimda, umuman, qoʻshiq yaratishda koʻnglimga quloq tutaman. Sheʼr borasida akam bilan yoki yaqin shoirlarim fikrini oʻrganaman. Ammo musiqa tanlash va ijro borasida ancha injiqman. Musiqadan oʻzim istagan notani topmagunimcha, uni ijro etishga hech kim koʻndirolmaydi, Sardor Mamadaliyev.
“Qo‘shig‘im ko‘chada hit, ammo o‘zimni hech kim tanimasdi”

— Ota-onam san’at sohasida ketishimga qarshi bo‘lishgani sababli pul berishsa ham ulardan olishni istamasdim. Yoshlikdagi “Hali o‘zim ko‘rsatib qo‘yaman”, degan shijoat bilan ishlardim. Talabalik davrimda bir talaba nima ish qilishi mumkin bo‘lsa, barchasini qilganman. Lekin talabalikda ham yaxshi pul topardim. Yashirmayman, kafelarda ham qo‘shiq aytganman. “Seni hech kim sevolmaydi meningdek” qo‘shig‘im chiqqanida o‘zimni hech kim tanimasdi. Matiz mashinam bo‘lardi, kirakashlik ham qilardim. Cho‘ntagimda ortiqcha bir tiyin pul yo‘q, lekin qo‘shig‘im ko‘chada hit. O‘zim Matiz’da yuraman, odamlar qimmat, zo‘r mashinalarda “Seni hech kim sevolmaydi meningdek”ni baland qilib qo‘yib o‘tib ketishardi. Chilonzor tumanida bir do‘stim bilan ijarada yashardim, deya xotirlaydi u.
“20 kunning ichida efir uchun 1 ming 400 dollar topib kelishim kerak bo‘lgan”
Sardor Mamadaliyevni mashhur qilgan “Seni hech kim sevolmaydi meningdek” qo‘shig‘ini o‘zi taksichilik qilib yozgan, degan mish-mishlar yuradi. Xo‘sh, bu qanchalik rost?https://www.youtube.com/embed/9BoifS961ws
— Qo‘shig‘im hit bo‘lgach, “Tarona”, “Panterra” tashkilotlari, hatto Ravshan Komilov va yana bir nechta san’atkorlar keling, birga ishlaymiz, deb chaqirgan. Hammasiga rad javobini berganman. Chunki men orqali biznes qilishadi deganman-da. Endi og‘zingiz oshga yetib borganda sherik ko‘payib ketar ekan. Taklifini rad etganimdan keyin ko‘pchilik yoqtirmay ham qolgan. Shuning uchun san’atda ham sherigim yo‘q. Haligi katta tashkilotlar menda bir nima ko‘rgan-ki, chaqirgan. Undan ko‘ra qo‘shig‘imni o‘zim “aylantiraman” deb to‘ylardan, kafedagi ishimdan, hatto kirakashlik qilib bo‘lsa ham o‘zim pul topganman. Televideniyada “Yoshlar” telekanali tijorat dasturiga o‘tgan edi. 20 kunning ichida 1 ming 400 dollar qayerdan bo‘lsa ham topib, to‘lashim kerak bo‘lgan. Undan keyin klip oldirishim ham kerak edi. Bir studiya 300 dollarga oddiy syomka qilib berishgan. Ko‘chada pul topib, shunga yetkazganman.
Qo‘shig‘im radioda tinmasdan aylanardi. O‘zim kirakashlik qilayotganimda soqol qo‘yib olib, hech kim tanib qolmasin deb yurardim. Bir odam mashinamga chiqib, iye, siz Sardor Mamadaliyevga o‘xshar ekansiz-a, dedi. Yo‘q-yo‘q, o‘xshatishadi, dedim. Ko‘zini uzmayapti, men xijolat bo‘lib ketyapman. Tushib ketayotganda siz Sardorsiz, baribir, deb ketgan. Bo‘lmasa klipim televideniyada bir martagina efirga ketgan. Yangi yil dasturi bo‘lardi, soat kechki 12 gacha qo‘yib beramiz deb, tonggi soat 4 da qo‘yishgan (kulib). Keyin ertasiga bir marta takror efir ketgan. Bo‘ldi. Millionta odamning ichida bittasi tanib qolmasa, hech kim tanishi mumkin emasdi. Taqdirni qarang, shuni ko‘rgan odam aynan o‘zimning mashinamga chiqib qolgan. Xullas, pul topib to‘laganman, 30-40 tacha efirdan keyin hammasi yaxshi bo‘lib ketgan, deydi xonanda.
Sardor Mamadaliyev Namangan viloyati hokimining qiziga uylanganmi?
Xonanda ayoli bilan qanday tanishgani haqida gapirib berdi.

— Namangandan uylanganman, lekin hokimning qiziga emas. “Menga, menga, yor kerak menga” qo‘shig‘imni eshitganidan keyin, odamlarning xayolidan qiz topishga qiynalib qolgan, degan gap o‘tgan bo‘lishi mumkin. San’atkor uylanishi uchun tanlovi keng bo‘ladi. Juda ko‘p nomzodlar bo‘lgan uylanishga, ko‘rganman. Nasib qilganiga uylandim. Oldindan ko‘rib-bilib emas, so‘rab-surishtirib sovchilik orqali turmush qurdim. O‘zim o‘qigan san’at kollejidagi ustozlarim tavsiya qilgan. Doim o‘zimdan yoshi ancha kichik qiz bo‘lsin, derdim. Xohlaganimdek bo‘ldi ham. Shunday qilib o‘qituvchilarim turmushimizga sababchi bo‘lib qolishgan, deydi xonanda.
“Alloh degan so‘zni aytish mumkin bo‘lmagan”
Sardor Mamadaliyev ijodining dastlabki yillarida videoklip va qo‘shiqlari badiiy kengashlardan o‘ta olmagani, kliplarini boshqatdan suratga olishga majbur bo‘lgan vaziyatlar haqida gapirib berdi.

— San’atga kirib kelgan vaqtlarimda iqtisodiy qiyinchiliklar bo‘lgan. Xarajat qilib suratga olgan kliplarimiz ham arzimas sabablarga ko‘ra telekanallarda “zapret”ga uchragan. Misol uchun, tor ushlab chiqqan klipim “zapret” bo‘lgan. Tor mumkin bo‘lmagan. Keyin yana pul sarflab boshqatdan videoklip suratga olishga majbur bo‘lganmiz. Endi torda nima ayb deysiz? Bu gapni boshqa san’atkorlardan so‘rasangiz, ular ham tasdiqlashi mumkin. Bir kelin ko‘ylak “zapret” bo‘lib qolarmidi. Misol uchun, klipingizda kelin ko‘ylak kiyib chiqqan qiz bo‘lishi mumkin bo‘lmagan. Unday klip badiiy kengashdan o‘tmasdi. Nima uchun desangiz, hech kim buning sababini aytmagan. Alloh degan so‘zni qo‘shiqlarimizda ishlatish mumkin bo‘lmagan. Agar qo‘shig‘ingizda Alloh degan so‘z bo‘lsa, u qo‘shiq badiiy kengashdan o‘tmagan. Bu davrlardan o‘tganimiz rost bo‘lsin. Shu davrlardan o‘tishimiz kerak ekan, Xudoga shukr o‘tdik. O‘zi oldimga qo‘ygan maqsadim to‘g‘riligiga ishonsam qaysarlik qilib, albatta, o‘sha maqsadga yetish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman, deydi qo‘shiqchi.
“Ilk konsertim arafasida 3 dona qo‘shig‘im bo‘lgan”
— Konsert berishim qiziq holat bo‘lgan. Umumiy 3-4 dona qo‘shig‘im bor edi xolos. Men “E, qanaqa konsert, o‘zi ikki dona ashulam bo‘lsa” deb kulganman. Yo‘q, talab bo‘lyapti, deyishgan. Mayli deb ikki kun konsert qo‘yganmiz. Ko‘chada bitta ham chipta qolmagan, qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. Shundan so‘ng har yili konsert qo‘yish an’ana bo‘lib qoldi. Sababi konsert qo‘yilmasa, ko‘p ashula yaratilmaydi, deydi ijodkor.
“Birgina qo‘shig‘im ortidan 4 ta uy sotib olganman”
“Yig‘latma”, “Ko‘nglimda bir yor”, “Seni hech kim sevolmaydi meningdek”, “Ajralishdik”, “Yor kerak menga”, “Qoshi qarolar” kabi ko‘plab taronalari hit bo‘lgan Sardor Mamadaliyev qaysi qo‘shig‘i unga mo‘may daromad keltirgani haqida so‘zlab berdi.

— “Seni hech kim sevolmaydi meningdek” degan qo‘shiqni aytganimdan keyin 2-3 oy ichida 3-4 ta uy va mashina olganman. Shunday darajada Xudo bergan. Birdan kelib qolgan. Birovdan shu paytgacha qarz so‘ray olmaganman, qarz tushunchasidan juda ham uzoqman. Chunki niyatim shunday. Ey Xudo, birovdan qarz qilmagin, deyman. Prodyusserim ham, homiyim ham bo‘lmagan. Faqat ish boshqaruvchim bor, deydi u.
Xonandaning eng qimmat klipi qaysi?
— “Ajralishdik”, “Yig‘latma”, “Armonlarim” kliplarimga katta mablag‘ ketgan. “Yig‘latma” klipimdagi aktyorlar jamoasi — Alisher Uzoqov, Shahzoda Matchonova, Sitora Farmonova, To‘ti Yusupovalar uchun taxminan 2 ming dollar atrofida to‘langan. Klip uchun esa 5 ming yoki undan ham ko‘proq ketgan. Jamoaning rizqi, hamma pulni o‘zim yesam ham bo‘lavermaydi.
Kliplarimda asosan bosh rolni o‘zim ijro etaman. Baribir ijodkormiz, bu tomonda ham ijod qilgimiz keladi. Qizil fura bilan chiqadigan “Ajralishdik” klipida birinchi marta o‘zingiz suratga tushasiz deyishgan. Yo‘q-e, men o‘ynamayman deganimdan keyin, klipni suratga olish studiyasi “Bo‘lmasa ssenariyni yana boshqa odamga beramiz”, deyishgan. Chunki bu qizil furalik ssenariy Ozodbek Nazarbekovning “Meni kuchliroq sev” klipi uchun yaratilgan, ular bilan hamkorlik bo‘lmagandan keyin Asilbek akaga aytishgan. Aka ham men eplolmayman, degach, bu ssenariy menga nasib qildi. Ammo rol o‘ynash qo‘shiq aytishdan ancha qiyinroq ekan, shuni bildim, deydi san’atkor.
“Toshkentda hovlim va domlarim bor”
Sardor Mamadaliyevning Toshkent shahrida bir nechta uylari va ofisi, studiyasi bor. U yashash uchun nimaga aynan Tashkent City’ni tanlagan?

— Chilonzorda hovlim bor. Hozir yashash uchun Tashkent City’ni tanlaganimning sababi yashash uchun qulay, yaxshi qo‘riqlanadi. Hozirgi uylarning narxini bilmayman, lekin men eng boshida sotib olganman. U paytda narx unchalik qimmat emas edi — kvadrati ming dollardan edi. U paytda boshqa joylar 400-500 dollar bo‘lsa, bu yer ming bo‘lgan. Hozir lekin narx juda ko‘tarilib ketdi, 3 ming atrofida bo‘lsa kerak. Farzandlarim ham hovlidan ko‘ra bu yerni ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Bu yerda to‘g‘rimda Munisa Rizayeva turardi. Yulduz Usmonova, Rashid Xoliqovning ham uyi bor deyishadi, lekin ularni ko‘rmayman. Umuman, bu yerda turli millat vakillarini ko‘rish mumkin, deydi qo‘shiqchi.
“Birinchi mashinamning pulini yarmini dadam bergan”
Xonandani mashina ishqibozi deyish mumkin.

— Birinchi mashinam “Jiguli” bo‘lgan, 2006-yillarda haydardim. Keyin Matiz, undan so‘ng Nexia, Captiva, Toyota, undan keyin yana Toyota mindim. Hozir Xitoyda chiqarilgan elektromobil haydayapman, boshqa mashinalarimga qaraganda ancha qulayroq ekan.
“Jiguli”mning pulining yarmini dadam bergan, qolgan yarmini o‘zim qo‘shib, olganman. Undan keyingi mashinalarimning barchasini o‘zim sotib olganman. Hozir Tashkent City’dagi avtoturargohlarning narxi taxminan 20000-25000 dollar. Bu yerda ikkita mashinam turadi, deydi xonanda.
Sardor Mamadaliyevga shogird tushish uchun pul to‘lash kerakmi?
Xonanda vaqtni ortga qaytarish imkoni bo‘lganida, ustoz ko‘rib, shogird tushishni istashini aytib o‘tdi.
— O‘zimga ham sizga shogird tushish uchun pul berishimiz kerakmi, deb ko‘p yozishadi. Yo‘q, unday emas. Zo‘r qo‘shiq aytsa ham, xulqi yaxshi bo‘lmasa, kerakmas. Shunday shogirdlarim bor, qishda -15, -20 gradus sovuqda podyezdimning oldida turardi. Sababi nima qilib bo‘lsa ham shogird tushishni maqsad qilgan. Haligi bolani ko‘rib, oxiri shogirdlikka olib yuborganman. Qiladigan ishi kostyum shimimni oladi, olib chiqib beradi. Ey ukam, bunaqa sovuqda kelmagin, birovning bolasisan desam, yo‘q, yana kelib turaverardi. Lekin o‘zim bu darajada hech kimga shogird tushmaganman, shuning uchun ham xatolarim ko‘p. Imkonim bo‘lganida, ustoz tanlab, shogird tushib, kerak bo‘lsa, kiyimini tashib yurardim, deya afsus chekadi ijodkor.
Xonanda qo‘shiqlarida nega bo‘ri obraziga ko‘p murojaat qiladi?

— Hayvonlarning ichida bo‘ri ko‘proq yoqadi menga. Har bir insonning ma’lum bir hayvonga tortadigan fe’li bo‘ladi. Hatto tashqi ko‘rinishini ham o‘xshatsa bo‘ladi. Sirkda o‘ynamaydigan hayvon faqatgina bo‘ri ekan — sherni ham, burgutni ham o‘rgatsa bo‘ladi, lekin bo‘ri o‘rganmaydi. Shuning uchun bo‘ri yoqadi menga, deydi Sardor Mamadaliyev.
“Menga eng mos partnyor aktrisa bu…”
Kliplarida unga eng mos tushadigan partnyor aktrisa qaysi? Zarina Nizomiddinova, Yulduz Rajabova, instabloger Shahzoda (Leo), Anna Pirimqulova, raqqosa Parizoda yoki Farangiz Ahmadova?
— Bu savolga variantsiz ham javob berishim mumkin — “Ajralishdik” klipimdagi aktrisa Anna.
Sababi Instagram’imni yurituvchi mutaxassis ukalarim 4-5 ta klipimdan parcha qo‘yib, qaysi aktrisa munosib, deya yozishganida, shu qiz doim yutadi. Xalq yaxshi ko‘radi uni. Juda mashhur ham emas, lekin istarasi borligi uchun ko‘pchilik yoqtiradi, deydi u.
“Sog‘inib, sog‘intirib yashadik”
2020-yilning dekabr oyida ijodkorning onasi vafot etdi. Shundan so‘ng xonanda onasiga bag‘ishlab bir nechta qo‘shiqlar yozdi.
.jpg)
— Ota-onamni poytaxtga olib kelaman deb, doim sog‘inchda yashaganman. Buni viloyatdan kelib ijod qiladigan san’atkorlar yaxshi biladi, shu yerda yashab yurgan qo‘shiqchilar yaxshi tushunishadi. Doim sog‘inib, sog‘intirib yashadik. Hozir onamning sog‘inch qiynaydi. Volidam vafot etganidan so‘ng bergan konsertimda ham “4 ming 200 ta o‘rindiqning hammasi band, lekin afsuski bitta o‘rindiq bo‘sh turibdi” deya ko‘zimda yosh bilan onamga atalgan qo‘shiqni kuylagan edim, deydi xonanda onasini qumsab.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


