O‘zbekiston

“Xastaman-u”, “Bor”, “Yalla habibi”, “Qirmizi olma”: xorijlik xonandalar kuylagan o‘zbek qo‘shiqlari (video)

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

O‘zbek xonandalarining plagiat qo‘shiqlari haqida ko‘p eshitganmiz. Ammo ijod o‘g‘rilari faqat o‘zbek xonandalari orasida emas, balki xorij davlatlarida ham yetarlicha topiladi. Eng quvonarlisi, xorijlik san’atkorlar orasida o‘zbek qo‘shiqlarini shartnoma asosida yoki o‘g‘rincha yo‘llar bilan ijro etganlar ham ko‘plab topiladi. Ayniqsa, rus, qozoq, turk va dog‘istonlik qo‘shiqchilar orasida o‘zbek qo‘shiqlariga shaydo ijrochilar juda ko‘p. Daryo maqolasida shular haqida yozilgan.

G‘aybulla Tursunov “Xastamanu”

Xonanda ijrosidagi qo‘shiq qisqa fursatda hit darajasiga erishdi. Hozirgi kungacha YouTube tarmog‘idagi ko‘rishlar soni 86 mln ga yetgan.

Qo‘shiq janubiy koreyalik xonanda Son Von Sub tomonidan koreys tilida ijro etilgan. Bu xonanda tarmoqda mashhurlikka erishgan juda ko‘plab rus, qozoq, turk qo‘shiqlarining koreys tilidagi variantini ijro etgan. Uning YouTube’dagi obunachilari soni 728 mingtani tashkil etadi. Koreys tilidagi qo‘shiq variantida G‘aybulla Tursunovning klip parchalaridan ham foydalanilgan, demak, ijodkor e’tiroz bildirmagan.

Farruh Fazel “Bor”

Xonanda ijrosidagi “Bor” qo‘shig‘i 2025-yilning eng mashhur taronalaridan biri bo‘ldi, deyish mumkin. U YouTube tarmog‘ida besh oyda 44 mln marta ko‘rildi.

Bu qo‘shiq ham janubiy koreyalik xonanda Son Von Sub nazariga tushdi va uni koreys tilida kuylashga qaror qilgan. Farruh Fazelga xorijlik hamkasbining ijrosi ma’qul kelib, u bilan Toshkentdagi Magic city’da konsert bergan.

Yulduz Usmonova “Mama”

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning ko‘plab qo‘shiqlari o‘zbek va xorij san’atkorlari tomonidan qayta ijro etilgan. Xususan, uning rusiyzabon muxlislari uchun ijro etgan “Mama” qo‘shig‘ini dog‘istonlik Zarina Tilidze ijro etib, kutilmagan mashhurlikka erishgan. Yulduz Usmonova mazkur qo‘shiqni 2003-yili ijro etgan, ammo klip suratga olmagan.

— “Mama” qo‘shig‘ini bizdan dog‘istonlik Zarina Tilidze 1000 dollarga sotib olgan. O‘tgan yili “Muhabbat” qo‘shig‘ini ozarbayjonlik qiz aytmoqchi bo‘ldi. Tanishlar kamida 3 ming dollar so‘rashimni aytishgandi. Ammo u qiz puli kamligini aytib, 100 dollar bera olishini aytdi. “Menga o‘sha pulni bermay, bolalaringga yedir”, dedim. Ammo qo‘shiqni aytishiga ruxsat berdik, deydi Yulduz Usmonovaning prodyuseri Mansur Agaliyev.

Ulug‘bek Rahmatullayev “Qirmizi olma”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Rahmatullayevning “Qirmizi olma” qo‘shig‘i rus va dog‘istonlik tinglovchilar orasida ham mashhurlikka erishgan. “Yabloko lyubvi” qo‘shig‘ini nafaqat yoshi katta ijrochilar, bolalar ham ijro etishgan.

— Bu qo‘shiq haqida “Qaysi davlatdan o‘g‘irlagansiz?” degan savolni ko‘p berishadi. Aslida bu qo‘shiqni 2017-yili YouTube tarmog‘iga joylaganmiz. Uning ilk ijrochisi o‘zimman. Mendan keyin bu qo‘shiqni 15-16 ta ijrochilar aytishdi. Ularning orasida professional ijodkorlar ham bor. Ular qo‘shig‘imni ijro etgani uchun haq olmaganman, bir og‘iz iltimos qilishsa bo‘ldi. Hech qachon “Mening qo‘shig‘imni aytma”, deb qarshilik bildirmayman. Aksincha xursand bo‘laman, deydi xonanda Ulug‘bek Rahmatullayev.

Hosila Rahimova “Roksana”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova 2013-yildagi konsert dasturida “Roksana” nomli qo‘shiqni ijro etgan. 2017-yili qozog‘istonlik ijodkor uni qayta kuylab, YouTube tarmog‘iga joylagan. Faqat bu “o‘g‘rilik” Hosila Rahimovaga umuman yoqmagan va undan ranjigan.

— “Roksana” mualliflik qo‘shig‘im hisoblanadi, Ayshat Aysayevaning uni ruxsatimsiz ijro etganidan jahlim chiqqan. Ijrosi ham umuman yoqmagan. Ming yaxshi ijro qilgan taqdirda ham, beruxsat aytsa, odamga yoqmaydi. Undan keyin “Opa” qo‘shig‘ini tojikistonlik xonandalar ijro etishgan. Ulardan ham  rozilik ham, haq ham olmaganman, deydi xonanda Hosila Rahimova.

Adham Soliyev “Laylo”

Adham Soliyevning “Laylo” qo‘shig‘ini eslasangiz kerak. Bu qo‘shiq qiziqchilarning ham e’tiboriga tushib, qo‘shiqqa parodiyalar ijro etishgandi. Qozog‘istonlik “Dieta KZ” jamoasi “Laylo” qo‘shig‘iga xaridor bo‘lib, uni qozoq tilida ijro etishgan.

— Uch yil avval guruh vakillari tinmay ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqaga chiqishdi. “Qardoshim, qo‘shiqni aytishimizga ruxsat bering”, deb tinmay so‘rayverishdi. Avvaliga rozi bo‘lmadim, keyin yaqinlarim gonorar so‘rashim kerakligini aytishdi. “Biz gonorar berolmaymiz. Sharoitimiz yo‘q”, degandan keyin ularni hali tanilmagan oddiy guruh bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Rozi bo‘ldim va qo‘shiqni qaytadan ijro etishdi. Lafz qilganim uchun qo‘shiq katta mashhurlikka erishganidan keyin ham ular bilan aloqaga chiqmadim. Ular ham jimjit. Faqat ular sharoitimiz yo‘q, deb yolg‘on gapirganidan ham qo‘shiq muallifiga haq to‘lashni istamagani biroz g‘alati. Chunki qo‘shiqni ijro etib, YouTube’ga joylashgandan keyin ularning mashhur jamoa ekanligini bildim, deydi Adham Soliyev.

Dilnoza Akbarova va Jasurbek Jabborov “Azizim”

“Masxaraboz” filmi uchun yaratilgan “Azizim” saundtreki yosh ijrochilar Dilnoza Akbarova va Jasurbek Jabborova ijrosida qaytadan dunyoga keldi. Ularning ijrosi YouTube tarmog‘ida muvaffaqiyatga erishgach, uni 9 ta davlat xonandalari qaytadan kuylashdi.

— Qo‘shiqni ijro etishdan avval Sharof Boshbekov va Kozim Qayumovning ruxsatini olganmiz. Musiqasini qaytadan sayqallab, klip olganimizdan keyin qo‘shiq nafaqat yurtimizda, balki qardosh respublikalardan ham ommalashib ketdi. Uni qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, hind va dog‘istonlik ko‘plab xonandalar ijro etishdi. Ijrochilarning hech biri bizdan ruxsat so‘ramagan va gonorar to‘lamagan. Ammo bunga ustozimiz Kozim Qayumov ham, biz ham qarshi bo‘lmaganmiz. Chunki “Azizim”  qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stona qo‘shiqqa aylandi, deydi Dilnoza Akbarovaning turmush o‘rtog‘i va prodyuseri Nurbek Majidov.

Feruza Jumaniyozova “Yalla habibi”

Xonanda Feruza Jumaniyozovaning tanilishida “Yalla habibi” qo‘shig‘ining o‘rni bo‘lakcha. U qo‘shiqni 2003-yili Tolib Kuliyev va Bobur Umarovlar bilan hamkorlikda yaratgan. Shu kungacha bu qo‘shiqni hind, turk, dog‘istonlik va serbiyalik xonandalar ijro etgan.

— “Qo‘shiqni soting”, degan taklif bilan ko‘plab xorijlik ijodkorlar murojaat qilishgan. Ammo barini rad etganman. “E’tirozim yo‘q, qo‘shiqni ijro etavering, faqat mualliflik o‘zimda qoladi”, deganman. Oxirgi marta serbiyalik mashhur xonanda Tea Tairovich qo‘shiqni kuylashga ruxsat so‘radi. Qarshiligim yo‘qligini aytdim, deydi xonanda Feruza Jumaniyozova.

Boburbek Arapbayev “Tamara”

YouTube tarmog‘ida “Tamara” qo‘shig‘i bilan mashhurlikka erishgan Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Boburbek Arapbayev ham ruxsatsiz qo‘shig‘ini kuylayotgan xorijlik xonandalardan norozi. Uning qo‘shig‘ini shu kungacha qozoq, ozarbayjon va rus ijodkorlari ijro etgan.

— “Tamara” qo‘shig‘ini shu yilning fevral oyida ijro etganman. Qo‘shiqning so‘zlari qoraqalpog‘istonlik ijodkorlar Noker Meretovga, musiqasi esa Jamshid Aimbetovga tegishli. Qo‘shiqqa klipmeyker Abbos Abdullayev bilan hamkorlikda klip ham suratga olganmiz. Uch yil oldin olingan klip  shu kungacha 129 mln marta ko‘rildi. Ammo keyingi paytlarda qo‘shiqqa “egalik qiladigan” ijodkorlar ko‘payib ketdi. Masalan, ozarbayjonlik Aygun Agayeva qo‘shiqni ozar tilida ijro etib, klip bilan birga tarmoqqa joylagan. Uning ham ijrosi salkam 1 mln marta tomosha qilingan. Ammo ruxsat so‘ramay uni ijro etganidan ranjidim. “Men musiqani qaytadan sayqallaganman”, degan bahona bilan uni tarmoqdan olib tashlashni istamayapti. Undan keyin Rustam Aliyev ismli ijrochi “Devushka doza” nomi bilan o‘z ijrosini YouTube tarmog‘iga joyladi. Ammo u ham buning uchun ruxsat so‘ragani yo‘q. Qozog‘istonda Yeldos Januzak va Beybaris Sadiq ismli mashhur xonandalar bor ekan. Ular qo‘shiqni ijro etish uchun ruxsat so‘rab, 1 500 AQSH dollariga qo‘shiqni sotib olishdi. Ularning ijrosiga hech qanday e’tirozim yo‘q, deydi qoraqalpog‘istonlik ijodkor Boburbek Arapbayev.

Hulkar Abdullayeva “Lazgi”

Xonanda Hulkar Abdullayevaning qo‘shig‘i ham xorijlik ijodkor tomonidan ijro etilgan. Isroillik Shani Avraham Hulkar Abdullayevaning “Lazgi” qo‘shig‘ini ijro etib, uning klipidagidek xatti-harakatlarni bajargan.

— Isroillik qiz 2016-yili mening “Lazgi” qo‘shig‘imni ijro etgan. Hatto klipimdagi raqsimga o‘xshab xatti-harakatlarni ham bajargan. Lazgilar ko‘p, har bir san’atkor o‘zi lazgi musiqasiga so‘z yozdirib, o‘ziniki qilib aytadi. Bu qiz esa aynan mening lazgimni aytibdi”, deb Instagram sahifasi orqali ma’lum qilgandi Hulkar Abdullayeva.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.