Buxoro yangiliklari

Bugun Shavkat Mirziyoyev Buxoroda, ertaga Qozog‘iston prezidenti ham shaharda amaliy tashrif bilan bo‘ladi

pic
Foto: Prezident.uz

Loading

Bugun, 10-aprel kuni soat 17:00 atrofida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga maxsus reys bilan uchib keldi.

Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga tashrifi davomida Buxoro viloyatining yangi maʼmuriy markazida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Majmua Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumanida sinovdan oʻtgan boshqaruv organlarini integratsiyalash tajribasining davomidir. U yerda 38 ta davlat idorasi bir joyda jamlanib, aholi uchun katta qulaylik yaratilgan. Avvallari turli yumush bilan olis masofalarni bosib, boshqa tuman idoralariga qatnagan fuqarolar barcha xizmatlarni oʻziga yaqin joyda olish imkoniyatiga ega boʻldi.

photo 2026 04 10 20.44.32

Prezidentimiz oʻtgan yili Koʻkdalaga tashrifi chogʻida bunday yondashuv barcha tumanlar uchun namuna ekanini taʼkidlagan edi. Oʻtgan davrda boshqa hududlarda ham ushbu tajriba asosida bunyodkorlik ishlari boshlangan.

Xususan, Buxorodagi maʼmuriy markaz 14 gektar maydonni egallagan boʻlib, birinchi bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuratura hamda ichki ishlar boshqarmalari kabi davlat idoralari bir hududda jamlangan. Bu, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro muvofiqlashuvini yaxshilash, murojaatlar bilan ishlashni tezlashtirish va davlat xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.

photo 2026 04 10 20.44.28

Majmua faqat maʼmuriy binolardan iborat emas. Bu yerda fuqarolarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun xiyobonlar, favvoralar va yashil hududlar barpo etilmoqda.

Prezidentimiz viloyat hokimligining yangi binosidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

photo 2026 04 10 20.44.33

Odamlarga qulaylik yaratish, fuqarolar turli masalalar yuzasidan har xil manzillarga borib yurmasdan, zarur xizmatlarni bir hududning o‘zida olishini ta’minlash maqsadida davlat idoralarini yagona ma’muriy markazlarga birlashtirish ishlarini izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.

photo 2026 04 10 20.44.29

Jumladan, banklar tomonidan sun’iy intellektdan foydalangan holda hudud va mahallalar kesimida tahlil o‘tkazilib, Buxoro tumani misolida o‘sish nuqtalari aniqlangani haqida axborot berildi. Bu tahlillar yer, suv, mehnat resurslari, bozor talabi, infratuzilma va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zaro bog‘liq holda baholash imkonini berdi. Natijada Buxoro tumanida agrobiznes, turizm, sanoat va yo‘l bo‘yi xizmatlari eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

Xususan, 15 ming gektar yerni o‘zlashtirish, 500 gektar yangi uzumzorlar barpo etish, enoturizmni kengaytirish, shuningdek, neft-gaz, kimyo, qurilish va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2026–2031-yillarda ushbu yo‘nalishlarda 7,4 trillion so‘mlik loyihalarni amalga oshirish va 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkin.

photo 2026 04 10 20.44.35

Shuningdek, tumandagi 36 ta mahallani 6 ta drayver yo‘nalish – uzumchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, turizm va servisga ixtisoslashtirish mumkinligi qayd etildi. Loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida mahallalar uchun resurs bazasini shakllantirish, biznes-rejalarni avtomatik tayyorlash, mablag‘lar harakati va natijalarni real vaqt rejimida nazorat qilish bo‘yicha sun’iy intellekt asosidagi yechimlar ishlab chiqilmoqda.

photo 2026 04 10 20.44.30

Prezidentimiz sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib, har bir hududning salohiyatini ochish, loyihalarni natijaga qaratilgan holda shakllantirish va aholi bandligi hamda daromadini oshirishga xizmat qiladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.

photo 2026 04 10 20.44.38

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroning tarixiy qismiga tashrif buyurdi.

photo 2026 04 10 21.58.35

Davlatimiz rahbari shahar aholisi va mehmonlarini samimiy qutladi.

photo 2026 04 10 21.58.32

Buxoroning boy madaniy merosini, tarixiy qiyofasini asrash va uni yanada obod etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.

photo 2026 04 10 21.58.28

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga safari chogʻida shaharning yangi aeroportini barpo etish loyihasi bilan ham tanishdi.

Mamlakatimizda transport infratuzilmasi izchil rivojlantirilmoqda. Yangi yoʻl va koʻpriklar qurilib, yoʻlovchilarga qulayliklar oshirilmoqda. Qayd etish kerakki, davlatimiz rahbari 2024-yilda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Buxoroning yangi xalqaro aeroportini barpo etish boʻyicha muhim topshiriq bergan edi.

photo 2026 04 10 22.28.12

Ushbu transport inshooti hamda unga tutash infratuzilmani barpo etish uchun shahar tashqarisidan jami 370 gektar yer maydoni ajratilgan. Loyiha doirasida aeroportga olib boruvchi avtomobil yoʻli ham qurilmoqda. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrni tashkil etib, shundan 2,7 kilometri mutlaqo yangi yoʻl, 21,1 kilometri esa rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, yoʻl boʻyida 2 ta yoʻl oʻtkazgich, 9 ta yer osti piyodalar oʻtish joyi va 8 ta koʻprik barpo etilishi nazarda tutilgan.

photo 2026 04 10 22.28.09

Loyihaga koʻra, yangi aeroportda uzunligi 3,3 kilometr boʻlgan, barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega uchish-qoʻnish yoʻlagi, shuningdek, soatiga 1200 nafar yoʻlovchiga yuqori darajada xizmat koʻrsatish quvvatiga ega aerovokzal majmuasi quriladi.

– Biz Buxoro viloyati aholisi, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy va qulay xizmat koʻrsatadigan aeroport barpo etishni maqsad qilganmiz. Shunday ekan, ushbu aeroport jahon standartlari talablariga toʻliq mos boʻlishi shart, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbariga Buxoro viloyatining iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa qurilish loyihalari haqida ham axborot berildi.

photo 2026 04 10 22.28.13

Eslatib o‘tamiz, ertaga, 11-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev amaliy tashrif bilan keladi.

Tashrif doirasida Buxoroda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Siyosiy muloqotni, parlamentlararo, hukumatlararo va hududlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport, energetika, suv va ekologiya sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalarini muhokama qiladilar.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Birgalikda tarixiy obidalarni ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishish rejalashtirilgan.

Buxoroga tashrif buyurgan oliy martabali mehmonlar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ba’zi hududlarda vaqtincha harakat cheklanadi. Shu sababli ayrim yo‘llarda tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin.

Haydovchilardan zarurat bo‘lmaganda shahar markaziga kirmaslik so‘raladi.

Buxoroisharif.uz tahririyati eng so‘nggi yangiliklar bilan tezkor ravishda xabardor qilib boradi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.