Islom
Qur’on o‘qiladigan xonadon
Inson hayotida uy — bu faqatgina panoh topadigan joy emas, balki qalblar orom oladigan, ruhlar oziqlanadigan muqaddas maskandir. Agar bu maskanda Allohning kalomi — Qur’oni Karim sadosi yangrasa, u oddiy devorlar bilan cheklanib qolmaydi, balki nurga to‘lgan ma’naviy bog‘ga aylanadi. Qur’on tilovati tushgan xonadon — farishtalar qo‘nadigan, rahmat yog‘iladigan va sakinat hukm suradigan makondir. Ana shunday uylar haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida bashorat berganlar.
Imom Buxoriy keltirgan hadisda:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam:
عن أبي هريرة رضي الله عنه أن النبي صلى الله عليه وسلم قال: » مَا اجْتَمَعَ قَوْمٌ فِي بَيْتٍ مِنْ بُيُوتِ اللَّهِ يَتْلُونَ كِتَابَ اللَّهِ وَيَتَدَارَسُونَهُ بَيْنَهُمْ إِلَّا نَزَلَتْ عَلَيْهِمُ السَّكِينَةُ وَغَشِيَتْهُمُ الرَّحْمَةُ وَحَفَّتْهُمُ الْمَلَائِكَةُ وَذَكَرَهُمُ اللَّهُ فِيمَنْ عِنْدَهُ «
ya’ni “Qaysi bir qavm Allohning uylaridan birida jam bo‘lib, Allohning kitobini tilovat qilsalar, uni o‘rgansalar, albatta, ularning ustiga sakiyna tushadi, ularni rahmat o‘rab oladi, farishtalar qurshab oladi va Alloh O‘z huzuridagilar qatorida zikr qiladi”, deb marhamat qildilar.
Qur’on tilovati yangragan xonadon — bu osmon bilan yerni bog‘lovchi nurli ko‘prikdir. U yerda yig‘ilgan qalblar Allohning kalomi atrofida birlashar ekan, ularning ustiga sakina tushadi, rahmat ularni quchadi, farishtalar esa ularni himoya qanotlari bilan o‘rab oladi. Bu holat inson qalbi uchun eng buyuk ne’matdir. Chunki Qur’on — faqat o‘qiladigan kitob emas, balki yashaladigan hayot, tutiladigan yo‘l va qalblarga shifo bo‘lgan ilohiy nurdir.
Imom Bayhaqiy keltirgan hadisda: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ: «إِنَّ الْبَيْتَ الَّذِي يُقْرَأُ فِيهِ الْقُرْآنُ لَيَتَرَاءَى لِأَهْلِ السَّمَاءِ كَمَا تَتَرَاءَى النُّجُومُ لِأَهْلِ الْأَرْضِ».
ya’ni “Albatta, ichida Qur’on o‘qiladigan uy osmon ahliga (farishtalarga), xuddi yer ahliga yulduzlar ko‘ringanidek (porlab) ko‘rinadi”.
Qaysi uyda Qur’on tilovati yangrasa, u uy zaminda bo‘lsa-da, osmon bilan bog‘lanib qoladi. U nurli makon farishtalar nazarida yulduz misoli porlaydi — xuddi yer ahliga osmon yulduzlari qanday ko‘rinsa, shunday ravshan va go‘zal manzara bo‘lib namoyon bo‘ladi.
Qanday baxtlidirki, shunday xonadonlar osmon ahliga yulduzlar kabi porlab ko‘rinadi! Yer ahli yulduzlarga qarab hayratga tushgani kabi, farishtalar ham Qur’on sadosi yangragan uylarga boqib huzur topadilar. Bu — Allohning kalomini ulug‘laganlarga berilgan buyuk sharafdir.
Imom Doroqutniy keltirgan hadisda: Anas va Jobir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
عَنْ أَنَسٍ وَجَابِرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «أَكْثِرُوا مِنْ تِلَاوَةِ الْقُرْآنِ فِي بُيُوتِكُمْ، فَإِنَّ الْبَيْتَ الَّذِي لَايُقْرَأُ فِيهِ الْقُرْآنُ يَقِلُّ خَيْرُهُ وَيَكْثُرُ شَرُّهُ وَيُضَيَّقُ عَلَى أَهْلِهِ».
ya’ni “Uylaringizda Qur’on tilovatini ko‘paytiringlar. Chunki qaysi uyda Qur’on o‘qilmasa, u uyning yaxshiliklari kamayib, yomonliklari ko‘payadi va ahlining barakasi ko‘tariladi”.
Inson ruhi ilohiy ozuqaga muhtoj. Qur’on — Allohning kalomi va nuridir. Uy ichida bu nur bo‘lmasa, u yerda ma’naviy zulmat hukm sura boshlaydi. Qur’on o‘qilmagan uyda ilohiy fayz kamayadi. Bu xuddi quyosh nuri kirmaydigan xonaning zax va sovuq bo‘lishiga o‘xshaydi.
Hadislarda kelishicha, Qur’on o‘qilmagan uydan farishtalar chiqib ketadi. Farishtalar bo‘lmagan joyda esa inson o‘zini himoyasiz va yolg‘iz his qiladi. Ma’naviy bo‘shliq hech qachon bo‘sh turmaydi. Farishtalar tark etgan joyni shaytonlar va jinlar egallaydi.
Shaytonning eng katta quroli — insonga qo‘rquv va kambag‘allik va’da qilishdir. Qur’on tilovati bilan himoyalanmagan uyda shaytoniy vasvasalar insonning xayolini buzadi, arzimagan narsalardan vahima chiqaradi.
Shaytonlar uydagi arzimagan tushunmovchiliklarni katta janjalga aylantiradi. Doimiy urush-janjal bo‘lgan uyda esa xotirjamlik bo‘lmaydi, bu esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushkunlikka olib keladi.
Imom Dorimiy keltirgan hadisda: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: «إِنَّ الْبَيْتَ لَيَتَّسِعُ عَلَى أَهْلِهِ، وَتَحْضُرُهُ الْمَلائِكَةُ، وَتَهْجُرُهُ الشَّيَاطِينُ، وَيَكْثُرُ خَيْرُهُ أَنْ يُقْرَأَ فِيهِ الْقُرْآنُ، وَإِنَّ الْبَيْتَ لَيَضِيقُ عَلَى أَهْلِهِ، وَتَهْجُرُهُ الْمَلائِكَةُ، وَتَحْضُرُهُ الشَّيَاطِينُ، وَيَقِلُّ خَيْرُهُ أَنْ لا يُقْرَأَ فِيهِ الْقُرْآنُ».
ya’ni “Albatta, ichida Qur’on o‘qiladigan uy o‘z ahli uchun kengayadi, unga farishtalar hozir bo‘ladi, shaytonlar undan qochadi va uning yaxshiliklari (xayri) ko‘payadi. Va albatta, ichida Qur’on o‘qilmaydigan uy o‘z ahli uchun tor bo‘lib qoladi, undan farishtalar ketadi, shaytonlar esa unga keladi (to‘planadi) va uning yaxshiligi kamayadi”.
Insonning uyi qasrdek keng bo‘lsa ham, agar unda Allohning zikri bo‘lmasa, qalbi siqilaveradi. Bu tibbiyotda “ruhiy siqilish” deb ataladi. Vaqtning, pulni va mehrning barakasi uchadi. Inson tinmay ishlaydi, lekin halovat topmaydi.
Keyingi davr olimlari ta’kidlaydilarki, uyda ovoz chiqarib Qur’on o‘qish — farzandlar uchun eng katta tarbiyadir. Bola ota-onasidan ko‘rgan amalni tabiiy ravishda qabul qiladi va uyda Qur’on ovozi eshitilib turishi unda ma’naviy himoyani shakllantiradi.
Albatta, qalb va uyga g‘aflat g‘olib bo‘lsa, u shaytonning tutuni (duxon) bilan to‘ladi. Bu tutun torlik va nizo-janjallarni keltirib chiqaradi. Qachonki u yerda Qur’on ovozi yuksalsa, xuddi kuchli shamol tumanni tarqatgani kabi, o‘sha tutun tarqab ketadi. Natijada sakinat tushadi va makon o‘z ahli uchun kengayadi.
Hakim Termiziyning ta’biri bilan aytganda, Qur’on — Allohning sifati bo‘lib, u zikr qilingan joyda zulmat tura olmaydi. Farishtalar kelgan makon esa muborak bo‘ladi, vaqt ham, hayot ham barakali kechadi. Demak, Qur’on o‘qilgan uy — bu dunyodayoq jannat nafasi ufurib turgan makondir.
Xulosa qilib aytganda, Inson uyini go‘zal jihozlar, keng xonalar va zohiriy farovonlik bilan bezashi mumkin. Ammo agar u yerda Qur’on sadosi eshitilmasa, bu go‘zalliklar ruhga orom bermaydi. Asl obodlik — devorlarda emas, qalblarda; asl nur — chiroqlarda emas, Qur’on oyatlaridadir. U yerda qalblar yumshaydi, rizq barakalanadi va inson o‘zini Allohga yaqin his etadi.
Aksincha, Qur’ondan mahrum uy — qanchalik keng bo‘lmasin, ruhan tor va zulmatli bo‘lib qoladi. Shuning uchun har bir mo‘min o‘z uyini Qur’on nuri bilan yoritishga intilishi, uning sadosini devorlariga emas, avvalo qalbiga joylashtirishi lozim. Zero, Qur’on o‘qilgan joy — faqat uy emas, balki Alloh rahmati tushadigan, saodat gullaydigan muborak makondir.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


