Buxoro yangiliklari

Buxoroda an’anaviy “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali” o‘tkazildi

pic
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Ko‘hna Buxoro yana bir bor milliy hunarmandchilik va san’at markaziga aylandi. Joriy ilning 15–17-may kunlari Ark qo‘rg‘oni maydoni, eski shahar qismida “III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali” yuqori saviyada tashkil etilib, dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan hunarmandlar, olimlar, dizaynerlar va san’at ixlosmandlarini bir maydonga jamladi.

Festival davomida Buxoro qadimiy hunarmandchilik an’analari, zardo‘zlik va zargarlik maktablari, milliy san’at va zamonaviy ijod uyg‘unlashgan markazga aylandi. Tadbirda 50 ga yaqin davlatdan hamda O‘zbekistonning turli hududlaridan 600 nafardan ortiq hunarmand, ekspert, faxriy mehmon va OAV vakillari ishtirok etdi.

Uch kun davom etgan festival doirasida ko‘rgazmalar, mahorat darslari, teatrlashtirilgan chiqishlar, milliy liboslar namoyishi, hujjatli filmlar taqdimoti va konsert dasturlari tashkil etildi. Ayniqsa, taniqli ustalarning noyob ishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Qadimiy naqshlar bilan bezatilgan zardo‘zlik namunalari va nafis zargarlik buyumlari milliy hunarmandchilikning yuksak darajasini namoyish etdi.

Festival doirasida “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkazildi. Unda mutaxassislar sohaning bugungi holati, uni rivojlantirish istiqbollari va yosh avlodga hunar sirlarini yetkazish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, “Buxoro zandanachisi: tarixi, tipologiyasi va qayta tiklash masalalari” mavzusidagi xalqaro simpozium ham katta qiziqish uyg‘otdi. Unda qadimiy to‘qimachilik an’analari, tarixiy matolarni tiklash va saqlab qolish bo‘yicha ilmiy fikrlar bildirildi.

Festival davomida milliy hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar ham alohida e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, Prezident tashabbusi bilan zardo‘zlik, zargarlik va xalq amaliy san’ati yo‘nalishlarida keng imkoniyatlar yaratilmoqda. 2021-yil 29-apreldagi qaror asosida festivalning har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi esa ustalar uchun muhim rag‘bat bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan tanlovlarda eng yaxshi hunarmandlar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. “Eng yaxshi zargar”, “Eng yaxshi zardo‘z”, “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan usta” va “Eng yosh mahoratli hunarmand” kabi yo‘nalishlarda g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Festival nafaqat milliy hunarmandchilikni targ‘ib qilish, balki xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qildi. Tadbir davomida xorijlik mehmonlar Buxoroning tarixiy obidalari, qadimiy bozorlari va hunarmandchilik markazlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Mutaxassislarning fikricha, bunday xalqaro festivallar milliy merosni asrab-avaylash, yosh hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash va turizm salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Buxoroning zardo‘zlik va zargarlik maktablari xalqaro miqyosda tobora ko‘proq e’tibor qozonayotgani qayd etildi.

Festival yakunida teatrlashtirilgan tarixiy sahna ko‘rinishlari va konsert dasturlari namoyish etildi. Milliy kuy-qo‘shiqlar va zamonaviy sahna yechimlari uyg‘unlashgan tadbir ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

“III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali” Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy san’ati va hunarmandchilik an’analarini dunyoga yana bir bor namoyon etdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.