Islom

Har bir ne’matda shukr, har bir holatda ibodat

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummatlikni da’vo qilamiz-u, ammo amallarimiz u zotning amallaridan ancha farq qiladi. Mana, masalan, biz ko‘pincha ibodat qilmaslik uchun bahona izlasak, u zot alayhissalom ibodat qilish uchun sabab topar edilar. Keling, ayrim holatlarni eslab o‘taylik.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyosh yer yuzini qizdirib, choshgoh vaqti kirganda Zuho (choshgoh) namozini o‘qir edilar. Biz: “Quyosh yerni qizitsa, nima bo‘pti?” deb o‘ylashimiz mumkin. Ammo u zot alayhissalom har bir holatdan Allohga yaqinlashish uchun foydalanar edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vitr namozini doimiy ravishda ado etardilar. Bunga esa ajoyib sabab keltirganlar: “Alloh toqdir va toqni yaxshi ko‘radi. Men kunimning so‘nggi amalini toq qilib yakunlashni istayman”, deganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytganlarida, avvalo masjidga kirib, ikki rak’at namoz o‘qirdilar.

U zot alayhissalom tunlari namoz o‘qiyverib, hatto muborak oyoqlari shishib ketardi. Shunda Oisha onamiz roziyallohu anho:

— Ey Allohning Rasuli! Alloh sizning avvalgi va keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilgan bo‘lsa, nega o‘zingizni bunchalik qiynaysiz? — deb so‘radilar.

Shunda u zot:

— Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?! — dedilar.

Oisha onamizning ushbu so‘zlaridan gunohkor banda gunohlarining kechirilishi uchun yanada ko‘proq ibodat qilishga intilishi lozimligini anglaymiz. Payg‘ambarimiz alayhissalom esa ma’sum zot edilar, ya’ni gunohdan saqlangan edilar. Shunga qaramay, ibodatlarini yanada ziyoda qilish uchun sabab topdilar — bu sabab shukr edi.

U zot alayhissalom quyosh yoki oy tutilganda ham namoz o‘qirdilar. Bunday hodisalar kam uchraydi. Biz esa ko‘pincha buni tomosha qilish bilan cheklanib qolamiz. U zot esa ibodat qilardilar. Haqiqiy obid banda shunday bo‘ladi. Uning uchun quyosh chiqishi ham, botishi ham, tutilishi ham ibodatga sababdir. Chunki uning maqsadi Allohning roziligini topish va Uning jamoliga yetishdir.

Payg‘ambarimiz alayhissalom dushanba kunlari ro‘za tutardilar. Buning sababi so‘ralganda, aynan shu kunda tug‘ilganlarini aytganlar. Bizda tug‘ilgan kun ba’zan ma’siyatlarga sabab bo‘lib qolsa, u zot alayhissalom undan ibodat uchun sabab topgan ekanlar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam payshanba kunlari ham ro‘za tutardilar. Sababi so‘ralganda:

— Bu kunda amallar Allohga ko‘tariladi. Men amallarim ko‘tarilayotgan paytda ro‘zador bo‘lishni istayman, — deganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlarida yahudiylar Ashuro kunida ro‘za tutayotganlarini ko‘rdilar. Ulardan:

— Bu qanday kun? — deb so‘radilar.

Ular:

— Bu Muso alayhissalom Fir’avn ustidan g‘alaba qozongan kun, — deb javob berdilar.

Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

— Sizlardan ko‘ra Musoga biz haqliroqmiz. O‘sha kunning ro‘zasini tutinglar, — dedilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam oy to‘lin bo‘ladigan 13-, 14- va 15-kunlarda ham ro‘za tutardilar. Obid banda shunday bo‘ladi: oy to‘lsa ham, oy tutilsa ham, Allohga yaqinlashish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zikr qiluvchilarning peshvosi edilar. Har bir holatda Allohni zikr qilar edilar. Hatto tepalikka ko‘tarilsalar: “Allohu akbar!” deb, pastga tushsalar: “Subhanalloh!” deb zikr aytardilar. Bu esa u zotning Allohni yod etishga naqadar oshufta ekanliklarini ko‘rsatadi.

Duo — bandaning Allohga hech bir vositasiz qiladigan murojaati, munojoti va bog‘lanishidir. Bu banda Allohga eng yaqin bo‘ladigan holatdir.

Payg‘ambarimiz alayhissalom Allohga doimo yaqin zot edilar. U zot uyquga yotganlarida ham, uyg‘onganlarida ham, kiyim kiyganlarida ham, yechganlarida ham, uydan chiqqanlarida ham, masjidga borganlarida ham, masjidga kirganlarida ham, undan chiqqanlarida ham, yomg‘ir yog‘ganida ham duo qilar edilar. Hatto kechasi uyg‘onib ketganlarida ham Allohga munojot qilardilar.

Yuqoridagi holatlar Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlaridan keltirilgan ayrim misollardir, xolos. Bizning holimiz esa o‘zimizga ayon.

Xulosa shuki, kim o‘z holidan mamnun bo‘lsa, Allohga shukr qilsin. Aks holda, o‘zimizni isloh qilishga ehtiyojimiz borligini tan olaylik.

Alloh taolo barchamizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga munosib ummatlardan qilsin. Dunyoda u zotning hidoyatlaridan, oxiratda esa shafoatlaridan bahramand bo‘lishimizni nasib etsin. Kavsar hovuzi boshida u zot bilan uchrashganimizda farishtalar: «Ular sizdan keyin o‘zgarib ketdilar», deb ziddimizga guvohlik bermasin.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.