Mashhurlar

Umida Mirhamidovaning omadsiz turmushi, amerikalik kelini va uyi bilan bog‘liq noodatiy hikoyasi haqida

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

U “Oq atirgullar” qo‘shig‘i bilan mashhurlikka erishgan xonanda sifatida ko‘pchilikka tanish. Bolalikdan san’atkor bo‘lish orzusi bilan yongan, Yulduz Usmonova, Nasiba Abdullayeva kabi xonandalarga o‘xshashga harakat qilgan, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashib, Amerikada yashagan qizni kelin qilgan Umida Mirhamidovaning hayoti va ijodiy faoliyatiga Daryo nazar solgan.

“Uydan ketib qolganman”

Xonanda Umida Mirhamidova Parkent tumanining Changchi qishlog‘ida san’atkor Mirsobit Mirhamidov oilasida tavallud topgan. Oila boshi san’atkor bo‘lsa-da, u qizining bu sohaning etagidan tutishini istamadi.

— Bolaligim juda go‘zal o‘tgan. To‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun onamning dastyori edim. 3—4 sinfda o‘qib yurgan paytimdayoq chaqaloqni qanday yo‘rgaklash, uxlatishni yaxshi bilardim. San’atga qiziqqanim uchun tuman ijodiyot markazidagi to‘garaklarga qatnardim. 1989-yili maktabni tamomlab, san’at bo‘yicha o‘qiyman deganimda dadam jiddiy qarshilik qilgan. Qishlog‘imiz tog‘lar orasida joylashgani uchun shu yerlarda nomim chiqmay qolib ketamanmi deb, xat yozib uydan ketganman, deydi xonanda Umida Mirhamidova.

“Umidaning qadami o‘zgarib qolibdi, deya gap-so‘z bo‘lgan”

U ota-onasiga xat yozib, avtobusga o‘tirib, Toshkentda yashaydigan xolasining uyiga kelmoqchi bo‘lgani ammo yo‘ldan adashib qolgani haqida kulib eslaydi.

— Toshkent haqida umuman tasavvurim yo‘q edi. Qishloqdek bir joy bo‘lsa kerak, hamma bir-birini taniydi deb o‘ylabman. Xolamning Qo‘yliqda yashashini bilaman xolos. Go‘yoki shu yerga kelib xolamning nomini aytsam birov uyini ko‘rsatib yuboradi, deb o‘ylaganman. Ammo Toshkentga kelib adashib qolganman va bir ayol menga yo‘lni ko‘rsatib yuborishini aytib, Parkentga ketadigan avtobusga yana o‘tirganman. Ammo ungacha kech tushgan, ota-onam sho‘rlik meni ancha vaqtdan beri izlashayotgan ekan. Mana shu voqeadan keyin qiz bolaga qanchalar qiyinligini va uning har bir qadami ota-onaga malomat yog‘dirishini tushunib yetganman. Chunki mahalla-ko‘y orasida “Qadami o‘zgarib qolgandi, aynibdi, qochib ketibdi”, degan gaplar tarqalgan.

image

“Nasiba Abdullayeva va Yulduz Usmonovaning ijrosiga taqlid qilardim”

Mana shu voqeadan keyin Mirsobit Mirhamidov qizidagi san’atga bo‘lgan ishtiyoqning qat’iyligini bilib, poytaxtdagi Yunus Rajabiy nomidagi musiqa bilim yurtiga o‘qishga kirishiga rozi bo‘ladi. 1991-yili bilim yurtini tamomlab, Muqimiy teatriga xor ijrochisi bo‘lib ishga kiradi. Bu yerda Zulayho Boyxonova bilan tanishib, undan qo‘shiq aytish sirlarini o‘rganadi.

— To‘y xizmatlariga ko‘p taklif etishardi. Nasiba Abdullayeva va Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlarini xuddi ulardek aytishga harakat qilardim. Tabiiyki, ijrom boshqalarga ham yoqardi. Bir kuni to‘yda rahmatli Muhriddin Holiqov meni kuzatib turgan ekan. Yonimga kelib, “Umida, ijrongiz juda yaxshi. Nahotki, o‘z mualliflik qo‘shig‘ingiz bo‘lishini istamaysiz?” degan. O‘ylab qarasam haqiqatan ham 7 yil mobaynida birorta mualliflik qo‘shig‘imni chiqarmagan ekanman. Ana shu gapdan keyin “Sayrang bulbulim” nomli qo‘shiqni ijro etganman. Qo‘shiq xalq orasida tanilishimga sababchi bo‘lgan, deydi xonanda.

“Qaynonam mening o‘rnimga uy yumushlarini qilib qo‘yardi”

U paytlari ayol xonandalarga sovchi qo‘yadigan insonlar kamdan-kam edi. Ammo Umida Mirhamidovani bir ayol yoqtirib o‘g‘liga kelin qilmoqchi bo‘ladi.

— Turmushga chiqqanimda 23 yoshda edim. Qaynonam bilan juda iliq munosabatda edik. Katta oilaning yettinchi kelini bo‘lganman. Yarim kechasi to‘ydan qaytib, ertalab ko‘zimni ocholmasdim. Qaynonam esa erta turib, xuddi men supurgandek hovli va ko‘chalarni tozalab qo‘yardi. Aybimni yashirishga harakat qilishini dildan his qilardim. Nihoyatda samimiy, ko‘ngli toza ayol edi. Ammo turmushimiz uzoqqa cho‘zilmadi. O‘g‘lim tug‘ilgach, turmush o‘rtog‘im bilan munosabatlarimiz uzoqqa borolmasligini tushundim, deydi xonanda.

“Kelishgan holda ajrashganmiz”

Umida Mirhamidova sobiq turmush o‘rtog‘i nihoyatda g‘ururli bo‘lgani va san’at yoki oilani tanlash shart qo‘yilganida u karyerasini tanlaganini quyidagicha izohlaydi.

— Men san’atdan osonlikcha voz kechib ketolmasdim. San’atda o‘z o‘rnimni topishni chin dildan istardim. Bu vaziyatda turmush o‘rtog‘imga ham oson bo‘lmagan. Chunki hamma ham ayolning san’atkor ekanini to‘g‘ri tushunmasdi. Mendan yaxshi ayol chiqmasligi ham aniq edi. Biz kelishgan holda ajrashganmiz. Ammo bu qarorimdan umuman afsuslanmaganman. O‘g‘lim tug‘ilishi kerak bo‘lgan, biz oila qurganmiz. Agar u insonda menga nisbatan ishonch bo‘lganida ajrashmagan bo‘lardik, deydi xonanda Umida Mirhamidova.

“‘Oq atirgullar’ni kuylashni xohlamaganman”

Umida Mirhamidovaning “Oq atirgullar” qo‘shig‘i hamon o‘z muxlislariga ega, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qo‘shiq premyerasi 2000-yilda o‘tkazilgan. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay, qo‘shiq hamon muxlislar e’tiborida.

— Bu qo‘shiqni ijro etishni istamaganman, hatto g‘oyasi ikki yilgacha shkafdagi keraksiz qog‘ozlar saqlanadigan qutichada yotgan. O‘zim xushlamay ijro etgan qo‘shiq kutilmaganda muvaffaqiyatga erishdi. Rosti, uni to‘ylarda ijro etishga xijolat bo‘laman. Visol oqshomida ayriliq haqida kuylash biroz noqulay. Ammo xalqimizga bu qo‘shiq yoqadi va uni bir necha bor qayta-qayta tinglashdan ham bosh tortishmaydi, deydi xonanda Umida Mirhamidova.

Bu qo‘shiq Umida Mirhamidovaning hit taronasiga aylanadi. 1994-yilda ijro etgan “Ey nozanin”, 2000-yilda ijro etgan “Oq atir gullar” qo‘shiqlari ham xonandaning hit taronalar pog‘onasidan joy oladi. Hozirgi kungacha xonandaning bir nechta musiqiy to‘plamlari muxlislar e’tiboriga havola etilgan. 1999-yilda esa Umida Mirhamidova “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “Mehmonim bo‘ling” deb nomlangan konsert dasturini o‘z muxlislariga havola etdi.

“Rollarim o‘zimga yoqmaydi”

Umida Mirhamidova bir necha filmlarda komik rollarni ijro etgan, hatto qiziqchilar bilan ko‘plab sahna ko‘rinishlarida ham ishtirok etgan.

— Aktrisalikka da’vom yo‘q, shunchaki tabiatan hazil-mutoyibaga moyilligim bor. Qarindoshlarim orasida so‘zga chechan ayollar ko‘p, balki shu uchun tilim burrodir. Ammo rollarim o‘zimga umuman yoqmaydi, deydi Umida Mirhamidova.

“Qozog‘istonda singan qo‘lim bilan sahnaga chiqqanman”

— Bir yili Qozog‘istonga tadbirga borganimizda zinadan qoqilib ketib, qo‘lim sinib qoldi. Kechqurun xizmatga chiqishim kerak edi. Juda qattiq og‘ridi, lekin qo‘lim qimirlab turgani uchun uncha e’tibor bermadim. Shu bilan Toshkentga qaytganimizda og‘riq kuchayib ketdi. Kasalxonaga borib rentgen qildirsam singan dedi va gips qilingan qo‘l bilan chiqib ketdim.

Yana bir voqea: “QVZ”da chiqadigan paytim birdaniga bel og‘rig‘i tutib qoldi, xalq tili bilan aytganda “grija”. Menda “grija” bor deb hech o‘ylamagandim. Repetitsiya paytida belimga qalin jun ro‘mollar bog‘lab yurganman, faqat o‘tirib tayyorlanganman, turolmaganman. O‘sha konsertni ahamiyat berib tomosha qilsangiz, juda sekin yurganman. Hattoki bel og‘rig‘im tutib qolsa, go‘yo sizlarga suyangandek bo‘lib turaman, shunday sahnalar ham qilamiz, deb yigitlarga iltimos qilganman. Chunki chidab bo‘lmas darajadagi og‘riq bor edi.

O‘sha vaqtlar qishda qattiq qor yoqqandi. Yunusobodda juda uzun zinali to‘yxonaga xizmatga bordik. To‘y egalariga belim og‘riyotganini tushuntirdim. Meni e’lon qilganingizda yugurib sahnaga chiqolmayman, go‘yoki siz bilan gaplashib borayotgandek sekin yurib kelaman, dedim. To‘yxona sahnasi ham bir oz yuqoriroq ekan, tepaga chiqmay, o‘zimcha obraz yasab, sahnaga o‘tirib qo‘shiq kuylaganman. Lekin bunday vaziyatlarni muxlislarga sezdirmaslikka harakat qilamiz. Nega desangiz, pul o‘lsin, shu ahvolida ham pul deb to‘yga kelibdi, deydiganlar bor. Ammo biz rostdan ham shunday og‘ir ahvoldaligimizni to‘y egalariga ko‘rsatmagunimizcha ular ishonmaydi. Shu sababli ham mana shunday qiyin vaziyatlarda vazifamizni bajarishga harakat qilamiz, deydi xonanda.

“O‘g‘limga yaxshi ona bo‘lolmadim”

Xonanda turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgach, oila qurmadi. U o‘g‘li Hamidulloni yolg‘iz tarbiyalashni istadi. Hamidullo Sayfullayev ayni kunda hisobchilik sohasida tahsil oladi. U onasi kabi san’atkor emas balki bank xodimi bo‘lishni afzal ko‘rdi.

— O‘g‘limga otasining yonimizda emasligini bildirmaslik uchun har narsaga tayyorman. Hayotda unga otadek bo‘loldim, kerak paytida moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatladim. Ammo ona bo‘lib har doim ham yonida bo‘lolmadim. O‘g‘lim hech qachon “Otam nega biz bilan emas”, degan savolni bermadi. Aksincha, hamisha meni tushundi, deydi xonanda.

Umida Mirhamidovani ko‘pchilik O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist deb biladi. Ammo u 31 yillik mehnati davomida birorta mukofotni qo‘lga kiritmagan. Xonanda bundan o‘ksinmasligi, muhimi xalq orasida yashayotgan qo‘shiqlari borligini aytadi.

Xonandaning uyi bilan bog‘liq qiziqarli hikoyasi

Umida Mirhamidova intervyularidan birida pul zarurligi uchun sotgan sevimli uyini yillar o‘tib yana qaytarib sotib olgani haqida aytib bergan.

— Hozirgi uyimni birinchi topgan pullarimga sotib olganman. O‘sha yillari oilamizning boshiga mushkul ish tushib, orada ukamning ham qattiq mazasi bo‘lmay qoldi. Shunday vaziyatda mana shu xonadonimni sotib, qo‘limda qolgan ozgina pulga boshqa joydan 2 xonali uy olib chiqib ketganman. Bu xonadon sotilishidan avval o‘sha “Oq atirgullar” qo‘shig‘imizning klipida ishlatilgan juda chiroyli sun’iy atirgullar bo‘lardi. Gullarni chiroyli idishga solib, yo‘lakka qo‘yib qo‘ygandik. Uyga kelgan hamma mehmonlarning ko‘zi birinchi o‘sha gullarga tushardi. “Voy, o‘sha klipdagi gullar-ku”, deyishardi. Uyni sotganimda hamma narsa chiqib ketgan. Hamma narsani tarqatib yuborganman.

8 yil davomida Yunusobod tumanida yashab keldik. Bu uyimga qaytib kelishim mo‘jiza bo‘lgan. Haligacha hayratlanib gapiraman. O‘shanda uyni sotganimda men yo‘lakda turib, uyim bilan xayrlashganman, “men seni tashlab ketmoqchi emasdim, mendan xafa bo‘lma, men, albatta, qaytib kelaman”, deb yig‘laganman. Bir oy ichida sotilib ketgan bo‘lsa, shu vaqt ichida mana shu uy ko‘karib ketgan. Xafa bo‘lganidanmi, shu uyning energiyasi tugab qolganidanmi, bilmadim.

Bir oy ichida ko‘chib chiqib ketdik, lekin uyimni sog‘inib 8 yil yig‘ladim. Qo‘shnilarim bilan ham inoq edik. Shu yillar ichida uch marta uyning egasi almashdi. Boshqa uy olish uchun harakatda yurgan paytimizda qo‘shnilarimdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: “Umida, uyingiz sotilyapti”, deyishdi. Shunaqangi yugurib kelib, 10 daqiqa ichida ishimiz hal bo‘ldi. 15 kundan keyin uyimga qaytib ko‘chib kirdim. Qanday yig‘lab chiqib ketgan bo‘lsam, shunday yig‘lab qaytib keldim. “Uyim, assalomu alaykum, men qaytib keldim, ishonganmiding qaytishimga?”, deb yana yig‘ladim. Mana hozir sevimli uyimda yashayotganimga 3 yil bo‘ldi, deydi xonanda.

Xonanda Nyu Yorkdan kelin olgan

Umida Mirhamidova 2024-yilning 8-avgustida yolg‘iz farzandi Hamidulloni uylantirdi. Xonanda intervyularidan birida kelini Amerikada tug‘ilib-o‘sgani haqida aytib bergan.

— To‘y qilganga 40 yil tegma, degan gap bekorga aytilmagan ekan. Chunki yugur-yugurlarga nafaqat pul, balki sog‘liq ham ketib qolarkan. Juda charchar ekansiz. Men o‘zimga kelishim uchun 2 oy vaqt kerak bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam o‘zimni qaynonadek his etmayapman hali. Ba’zilar, “hali vaqt bor, ozgina vaqt o‘tsin boshlanadi hammasi”, deydi. Hamma narsaning boshlanishi go‘zal bo‘ladi, ishqilib oxiridan suyuntirsin. Kelinim meni televizorda qattiqqo‘l qaynona obrazida ko‘p ko‘rgani uchun hayotda ham shunaqa deb o‘ylagan ekan. “Onajon, men sizni qo‘liga yelpig‘ichlar olib o‘tiradigan qaynona bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylagandim”, dedi. Kelinim O‘zbekistondan emas. U AQSHning Nyu York shahrida tug‘ilib o‘sgan. Qudalarim bilan uzoq yillardan beri tanishmiz. Hech qachon uzoq yurtdan kelin qilaman, deb o‘ylamagandim. Lekin taqdir taqozosi. Kelinimdan uyingizni sog‘inmayapsizmi, deb ko‘p so‘rayman. “Yo‘q, Toshkent menga juda yoqadi”, deydi. Mana yaqinda uyiga borib keldi 1 oyga. Uzoq bo‘lgani uchun bundan kam muddatga bora olmaydi, deydi xonanda.

Umida Mirhamidova 2025-yilning avgustida ilk marta buvi bo‘ldi. U hozirgi kunda nevarasining parvarishi bilan band.  

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.