Mashhurlar
“Otarchi deb teatrga ishga olishmagan”. Botir Muhammadxo‘jayev qiziqchilikdagi muammolar hamda 64 yoshida Instagram va TikTok yuritayotgani haqida
Taniqli qiziqchi va aktyor Botir Muhammadxo‘jayev YouTube’dagi intervyularidan birida o‘zbek qiziqchiligi san’atidagi og‘riqli masalalar va shaxsiy hayotidagi qiziqarli burilishlar haqida so‘zlab berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.
“Hozir hamma sohibi aql”

— Agar gapdan ibrat olinib, jamiyat tuzaladigan boʻlganida, odamlar “Otalar soʻzi — aqlning koʻzi”ini koʻrib, tuzalib ketgan boʻlardi. Afsuski, XXI asr, xohlaysizmi-yoʻqmi, tezkor zamonda hamma sohibi aql. Hozir hech kimga aql oʻrgatadigan zamon emas.
“64 yoshimda Instagram, TikTokʼlarni ishlatishni eplayapman”
— Hozir hamma narsa ijtimoiy tarmoqqa bogʻlanib ketdi. TikTokʼka kirsam koʻpchilik “Botir aka, Tik Tokʼda nima qilyapsiz”, deydi. Endi aytadigan boʻlsam, 64 yoshdaman va mening yoshimda TikTokʼka kirib, uni eplab ketish ham bir mahorat. Yoshlar orasida hali ham ijtimoiy tarmoqni uncha tushunmaydiganlari bor. Instagramʼimni ham oʻzim yuritaman. Oʻzim video olib, montaj qilib, kontentlar tayyorlayman.
Agar biror-bir qiyinchilikka duch kelib qolsam, ana oʻshanda SMM mutaxassisi, mobilografimdan yordam soʻrayman. Ungacha boʻlgan jarayonlarning hammasini oʻzim qilaman. Chunki buni oʻzim oʻrganib, his qilib, nimaligini bilishim kerak.
Zamonaviy texnologik imkoniyatlarni oʻrganmaydigan boʻlsam, qarilikni boʻynimga olib, nabiralarim bergan ovqatni yeb, divanda yotishim kerak. Lekin men buni xohlamayman. Ijtimoiy tarmoqlar hozir zamon talabi. Shunday ekan, zamondan ortda qolgim ham yoʻq. Ijtimoiy tarmoqlarda faol boʻla boshlaganimga bir voqea sabab boʻlgan.

Bir kuni choyxonada yoshlar bilan oshga borib qolganimizda Instagram nima ekanligini soʻrab-surishtirdim. Shunda bir-ikki yoshlar “Botir aka, sizlarning davrlaring oʻtdi endi”, deb ustimdan kulishdi. Keyin unga javoban yoshimiz oʻtmaganini, hali oʻlishga tayyorlanmayotganimizni aytdim. Hali yana yashash niyatimiz bor, desam “Sizlarning avlod 30 yillarga kechga qoldi” dedi. Bu gap menga qattiq taʼsir qildi.
Shuncha yil rahmatli doʻstim Obid bilan bir oylab “Xalqlar doʻstligi”da konsertlar qoʻyganmiz, qiziqchilik qilib, xalqning olqishini olganmiz. Ishlarimiz orqasidan mablagʻ topdik, orzu-havaslar koʻrdik. Shuncha ishni qilgan, hali sizlarga ijtimoiy tarmoqni oʻrganishni koʻrsatib qoʻyaman, dedim-u, uni qanday ishlatishni oʻrgana boshladim.
“Repertuar masalasi — qiziqchilarning katta muammosi”
— Repertuar masalasi — oʻzbek qiziqchilik sanʼatidagi eng katta muammo. Agar hozir bir komissiya tuzib, butun Oʻzbekistonda qiziqchilik boʻyicha kasting eʼlon qilinsa, kastingga kelganlarning birortasi sinovdan oʻtolmaydi. Bunday holatni bir safar boshimdan oʻtkazganman.
Bir kuni rahmatli Oʻzbekiston xalq artisti Bahodir Yoʻldoshev oldilariga meni chaqirib, “Turkiston” saroyiga hamma qiziqchilarni qaysidir tadbir uchun yigʻib berishimni soʻradi. Hojiboy Tojiboyevdan tortib hamma qiziqchilarni chaqirdim. Bahodir aka oʻrta qatorda oʻtirib, 20 daqiqacha ularni eshitib koʻrdi. Lekin chiqishlarni oxiriga yetkazmay hammaga rahmat aytib, javob berib yuborgan.

Rahmatli Obid Asomovning Rossiya, Amerika kabi davlatlarga chiqishida rus adabiyotining xizmati katta. Misol uchun, Rossiyada bitta qiziqchining oʻziga 6-10 talab yozuvchi repertuar yozib beradi. Bizning qiziqchilarga qaysi yozuvchi nimadir yozib beradi? Biznikilar qoʻshigʻining sheʼrini ham oʻzi yozib, oʻzi oranjirovka qiladi. Soʻng oʻzi ijro etib, oʻzi toʻy oladi.
“Shekspir ham asarlarini bir oʻzi yozmagan”
— Yaxshi asar chiqishi uchun alohida kompozitor, alohida rassom, alohida shoir ishlaydi. Shundagina komanda yigʻilib, yaxshi asar yarata oladi. Bir insonning oʻzi hammasini qila olmaydi. Masalan, Shekspir ham asarlarini bir oʻzi yozmagan. Teatrdagi komandasi bilan birga oʻtirib yozishgan. Biz ham Obid bilan komandamizda yigʻilib, Oʻtkir, Toʻxtamurod akalar bilan birga gʻoyalarimizni boʻlishib, qogʻozga tushirishni boshlardik. Undan bir gap, bundan boshqa gap chiqardi. Shundan yaxshi gaplarni olib qolib, nimadir tayyorlardik.
“Dramaturgiyaga ham qoʻl urganman”

Botir Muhammadxoʻjayev suhbat davomida qiziqchilikdan tashqari qiziqishlari sabab dramaturgiyaga ham qoʻl urib, pyesa yozganini aytib oʻtdi. Afsuski, bu pyesa dramaturgiyada ijod qilgan yagona asari boʻlib qoldi. U nima uchun keyinchalik ham yozuvchilikni davom ettirmadingiz, deb berilgan savolga quyidagicha javob berdi:
— Dramaturgiyada ham qalam tebratganman. Adabiyotda eng qiyin jarayon pyesa yozish hisoblanadi. Nima uchunligini bilmayman, pyesani uncha-muncha yozuvchi yozolmaydi. 1995-yilda “Qitmir” sarlavhali bir pyesa yozganman.
Soʻng uni Oʻzbekiston xalq artisti Bahodir Yoʻldoshev sahnalashtirgan. Pyesam sahnaga qoʻyilgan kezlarda yettinchi osmonda uchib yurganman. Chunki “Yulduzli tunlar”, “Kelinlar qoʻzgʻoloni” kabi katta asarlarni sahnalashtirgan inson koʻchada yurgan bir otarchi — mening pyesamni sahnaga olib chiqqandi.
Soʻng xursandligimdan ikkinchi pyesani yozishga kirishayotganimda Bahodir aka yoniga chaqirib, qoʻlimga bir pyesani tutqazib, oʻqib chiqishimni aytdi. Asarni oʻqib tugatdim-u, tan berdim. Bahodir Yoʻldoshevning yaxshi rejissyorligi ham shunda. Soʻng u kishi “avvalgilar yozib qoʻygan narsaning oldida sen undan-da zoʻr qilib yozolmaysan”, degandi. Chindan ham dunyoda shunday asarlar borki, biz ularday qilib yozolmaymiz, deydi u.
“Otarchi deb teatrga ishga olishmagan”

— Biz Oʻzbekistonda birinchi marta yumoristik kooperativ teatr ochib, teatr, konsert va toʻylarga borib chiqish qilardik. Bu ishimiz uchun oʻsha paytda katta sanʼatkorlardan dakki eshitganmiz. Ular bizni “bular sanʼatni pulga sotyapti”, deb tanqid qilishgan. Shuning uchun meni “toʻylarda yuradi bu, otarchi”, deb davlat teatrlariga ishga olishmagan. Hozir endi toʻylarga chiqmasang, teatrdan haydab yuborishadi. Oldin toʻylarga chiqqanimizni tanqid qilishgan boʻlsa, hozir TikTok’ka kirib kelishimni tanqid qilishadi. Lekin biz toʻgʻri yoʻlda boʻlganmiz.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


