Buxoro yangiliklari

Buxorodagi 11 ta maktabda o‘quv jarayoni online o‘tkazilmoqda

photo 236

Loading

Joriy yilning 18-aprelidan boshlab mamlakatimizda karantin nazorati kuchaytirilganidan xabaringiz bor. Xalq ta’limi vazirligi va Sanitariya epidemiologiya xizmati bilan birgalikda koronavirus aniqlangan har bir umumta’lim maktablari faoliyatini ikki haftaga to‘xtatish hamda o‘qish ikki hafta onlayn rejimda amalga oshirilishi belgilandi.

Buxoro viloyatida ayni paytda xalq ta’limi tizimi xodimlarining 6 nafarida, maktab o‘quvchilarining esa 26 nafarida kasallik alomatlari aniqlangan, – deya xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy Axborot Agentligi muxbiri Zarif Komilov. 

– Kasallik tarqalishining oldini olish va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida hozirda ular faoliyat yuritayotgan va tahsil olayotgan 11 ta umumta’lim maktabida an’anaviy tarzdagi faoliyat to‘xtatildi, – deydi viloyat hokimining ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafayeva. – Maktablar 14 kunlik online rejimga o‘tkazildi. Ammo vahimaga aslo o‘rin yo‘q. Kasallik aniqlangan xodim va o‘quvchilar esa zaruriy muolajalarni olmoqda. Ayni paytda kasallik yuqishi va tarqalishining oldini olish, o‘quvchilarimiz va tizim xodimlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda. Ta’lim muassasalaridagi tozalik va ozodalikni saqlash, sinfxonalar va atrofni dezinfeksiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Har kuni dars jarayonlari boshlanishidan oldin maktablar hududi va xonalarida belgilangan tartibda dezinfeksiyalovchi vositalarni qo‘llagan holda umumiy tozalash ishlari o‘tkazilmoqda. O‘quvchilar va o‘qituvchilarning ta’lim muassasasiga tibbiy niqoblarda kelishi qat’iy nazoratga olingan. Kirish eshiklari oldidagi maydonchalarda, oraliq masofani saqlab turish maqsadida har ikki metr oralig‘ida markirovka qilinib, o‘quvchilar sinf rahbarlari tomonidan qabul qilib olinadi. Tibbiy hamshiralar va mas’ul xodimlar o‘quvchilar hamda maktab xodimlarining tana haroratlarini kontaktsiz pirometr yordamida o‘lchagan holda “tonggi filtrlash” bo‘yicha maxsus punktdan o‘tkazib, kunlik ma’lumotlarni  qayd etib bormoqda.  

Kirish yo‘lakchalariga tarkibida xlorli eritma bo‘lgan preparat bilan to‘yintirilgan dezinfeksiya gilamchalari to‘shalgan. Mazkur gilamchalar kuniga kamida 2 marta dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan qayta to‘yintiriladi.

Shuningdek, sinf xonalarini tez-tez shamollatib turish qat’iy nazoratga olingan. Barcha sinf xonalarida “Salomatlik” burchaklari tashkillashtirilgan bo‘lib, burchaklarda qaynatilgan suv, antiseptik vositalar, maskalar va nam salfetkalar mavjud.  

Yuqumli kasalliklarining belgilari, ya’ni isitma, nafas olish, ichak va boshqa kasalliklari bo‘lgan o‘quvchilar, maktab xodimlari ushbu belgilar aniqlangan vaqtdan boshlab tez yordam tibbiy guruhi yoki o‘quvchilarning ota-onalari (qonuniy vakillari) kelguniga qadar zudlik bilan maktablarda tashkil qilingan izolyatsiya xonalariga olinadi. Tibbiy xodimlar va sinf rahbarlari har kuni o‘quvchilarning davomatini qayd qilib, natijalarni tahlil qilmoqda.  

Umumta’lim maktablaridagi o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish maqsadida oshxona va bufetlar sanitariya-epidemiologik talablar asosida faoliyat yuritmoqda.

Maktablardagi hojatxona va undagi uskunalarni kunida 2 marta tozalovchi va dezinfeksiyalovchi vositalar orqali zararsizlantirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyatdagi ta’lim muassasalariga 76 tonna antiseptik, viloyat hokimligi tomonidan 50 000 dona, mahalliy byudjet hisobidan 29 772 dona tibbiy niqob, 3 566 dona dozator va 1 173 dona pirometr yetkazib berildi.  

Umumta’lim maktablarida kasallik kelib chiqishining oldini olish maqsadida viloyatdagi umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 37 468 nafar o‘qituvchi va ishchi xodimlarga 292 992 dona gidroksixloroxin tabletkasi hamda 1 098 720 dona Sink mikroelementi mavjud dori vositalari tarqatildi. Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi tomonidan 1-4 sinf o‘quvchilari uchun 2 000 dona Strongium Sink biologik aktiv qo‘shimchasi berildi.

Shuningdek, umumta’lim muassasalarida gripp va o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida viloyatdagi umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 28 575 nafar pedagog grippga qarshi emlandi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.