Buxoro yangiliklari

Yozda muzdek, qishda esa muzlamaydi — Buxoro sardobalari siri

photo 386

Loading

Jazirama issiq zabtiga olgan shu kunlarda neki jonzot bor, o‘zini soya-salqinga oladi. Muzdek suvga ehtiyoj sezadi. Qiziq, hali insoniyat zamonaviy muzlatgichlarni ixtiro etmagan damlarda ajdodlarimiz bu ehtiyojni qanday qondirishgan ekan?

Biz xuddi shu savol bilan buxorolik yosh tadqiqotchi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti Shavkat Bobojonovga yuzlandik.

— Qadimda ota-bobolarimiz hayotida toshquduq, hovuzlar qatorida sardobalar muhim rol’ o‘ynagan, — deydi yosh olim. — «Sardoba» so‘zi fors tilidan olingan bo‘lib, sard – sovuq, ob-suv, sovuq suv maskani ma’nosini anglatadi. Suv tanqis hududlarda uni to‘plash va saqlash uchun maxsus qurilgan gumbazli ushbu hovuzlar asosan o‘rta asr me’morchiligining nodir mahsuli sanaladi.

Sardobalarning bugungi kunga qadar yetib kelishidagi muhim omillaridan biri, shak-shubhasiz, quriladigan joyining aniq va to‘g‘ri tanlanganidir. Inshootni qurishdan oldin uning rel’efi, geografiyasi, ya’ni quyosh tushishi, atmosferasi, shamolning qay tomondan esishi, yer osti sizot suvlarining joylashuvi chuqur o‘rganilgan. Suv issiq havoda parlanmasligi uchun uning ustiga gumbaz qurilgan. Toza suvning yerga singmasligi yoki sho‘r sizot suvlari bilan aralashib ketmasligi masalasi ham oqilona hal etilgan. Buning uchun hovuz tubiga tuya junidan tayyorlangan kigiz, oshlangan mol terisi to‘shalgan. Sardobalardagi suvning yozda muzdek turgani, qishda esa umuman muzlamagani sabablaridan biri shu bo‘lsa ajab emas.

Sardobalarda ishlatiladigan loy qorishmasi hamda g‘ishtlarning qumi Amudaryo etaklaridan olib kelingan. Ular tarkibiga qamish, cho‘l o‘simligi kukuni, tuya zardobi, qo‘y suti va jun qo‘shilgan.

Sardobaning devori silindr shaklida, diametri 12-13 metr, chuqurligi 10-15 metrni tashkil etib, hovuz yuzasi yer sathi bilan bir tekis bo‘lgan. Tashqi aylanmasi 12×10,8 metr bo‘lgan gidroinshootlar devorining qalinligi 1,5 metr, balandligi 20 metr, gumbazining yuksakligi esa 8 metrni tashkil etadi.

Ushbu suv inshootining gumbazi sifatli pishiq g‘isht va ganchdan ishlanib, tepasi tuynukli bo‘lgan, atroflarida hovuzga suv tushadigan teshiklar qilingan. Ularga kirish uchun eshik ham o‘rnatilgan bo‘lib, uning oldi suvni toza saqlash maqsadida devor bilan o‘ralgan.

Sardoba poyostonasi buloqlar hajmiga qarab, aylana ko‘rinishda bo‘lgan. U oldin qattiq qorishma, keyin qamish, tut, gujum yog‘ochidan bo‘lgan sinch qo‘yilib, so‘ngra pishiq g‘isht terilib yuqorigacha aylantirib ko‘tarilgan. Sahrolarda, yo‘l bo‘ylarida, katta-katta shaharlarning aholi zich joylashgan chorrahalari yon tomonida tiklangan sardobalar suvi ham shirin, ham tiniq, qishda issiq, yozda salqin bo‘lgan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, qishda muzlamagan.

Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Movarounnahrda 44 ta sardoba bo‘lgan. Ulardan 29 tasi Qarshi cho‘lida, 3 tasi Mirzacho‘lda, 3 tasi Toshkent bilan Farg‘ona o‘rtasidagi qadimgi savdo yo‘lida, 1 tasi Karmana yaqinida – Cho‘li Malikda qurilgan. Ammo tarixda yurtimizda sardobalar ko‘p bo‘lgan. Buxoroda barcha podshohlar suv g‘amini ko‘rishda, albatta, sardobalar qurishga e’tibor qaratgan. Masalan, birgina Abdullaxon o‘z hukmronligi davrida mingta sardoba qurdirgan. Har 40 km masofada joylashgan sardobalar «4 farsax oralig‘ida joylashgan suv maxzanidir» deb tarixiy kitoblar ma’lumot beradi. Jo‘yboriy Xojalar ham bu xayrli ishdan chetda qolmagan. Xoja Islom 5 ta, Xoda Sa’didin Kalonxoja 7 ta, Xoja Tojiddin Hasan 4 ta sardoba tiklagan. Ba’zan sardobalarda ularni nazorat qilib va tozalab turuvchi miroblar tayinlangan. Ular uchun maxsus xonalar ham bo‘lgan.

Bugun sardobalardan ayrimlari qolgan, xolos. Buxoro shahristoni hamda Qorovulbozor tomonlarda joylashgan sardobalar ana shular jumlasidan. Eshoni Imlo, Xalifa Xudoydod, Bo‘zachi, Qorovulbozor, Xoja Ubbon sardobalarini misol tariqasida keltirish mumkin. Cho‘li Malik sardobasi esa Buyuk Ipak yo‘lining Samarqand – Buxoro tarmoqlaridan birida joylashgan yagona ob- hayot manbaidir.

Muxtasar aytganda, Buxoro sardobalari tarix durdonalari sanaladi. Ular asrlar osha minglab insonlarning ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilgan. Endilikda bu inshootlar madaniy meros ob’ekti sifatida muhofaza qilinmoqda. Chunki ularda xalqimizning hayoti, san’ati, madaniyati, orzu-umidlari aks etgan. Binobarin, bu nodir tarixiy yodgorliklarni aslidek asrab, kelgusi avlodlarga meros sifatida yetkazish ham farz, ham qarzdir.

(c) Istam Ibrohimov, «Xalq so‘zi» gazetasi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.