Islom

O‘ta nozik masala: kelin va kuyov unashtirilgandan nikoh to‘yigacha bo‘lgan munosabatlari. Nimalar mumkin?

photo 1116

Loading

Munosib kuyov va munosib kelin tanlanib unashtirilishining o‘zi nikoh degani emas, balki bu ikki oila o‘zaro quda-andachilik rishtalarini bog‘lashga kelishuvi hisoblanadi. Bu bilan ikki bir-biriga mahram bo‘lmagan bo‘lajak er va bo‘lajak xotin bir-biriga halol bo‘lib qolmaydi. Shu sababli unashtiruvdan keyin yigit va qizning o‘zaro muomalasi juda ham avj olib ketishi shu darajadaki, ikkisi orasida huddi to‘y bo‘lgandek va nikoh o‘qilgandek muomalada bo‘lishi mumkin emas. Afsuski, bugungi kunda unashtiruvdan keyin yigit va qizning bir-biriga xat yozishi, telefonda gaplashishi, yuzma-yuz gaplashishi, uchrashuvlar, birga aylanishga borishlar va hokazo. Hatto qizning ota-onasi, o‘zlari yigit va qizning xilvatda qolishlariga imkoniyat yaratib berishlari shariatimiz tomonidan qoralangan.

Xalqimiz doim o‘z ajdodlari, ularning ma’naviy-madaniy meroslari bilan faxrlanadi, ularga munosib farzand bo‘lishga intiladi. Lekin afsuslar bo‘lsinki, bu faqat og‘izda qolib ketmoqda, xolos. Amalda esa… Qiziq insonlarmiz-da! Ba’zi urf-odatlarimiz borki, ular haqida qayerdan kelib chiqqan, kim bunga asos solgan, manbasi bormi yoki biz doim faxrlanib yuradigan Buxoriy, Termiziy, Naqshbandiy, Ahmad Yassaviy, Amir Temur… kabi ajdodlarning qaysi biri shu kabi yo‘l tutgan, bajargan yoki targ‘ib qilgan deb so‘ramaymiz ham. Natijada asli bo‘lmagan bir ishni boshlab, kelajak avlodga kulgili ajdod bo‘lib qolaveramiz. Bir dolzarb masala — yoshlar masalasi — unashtirilgan yoshlar orasida keng ommalashib borayotgan nikohgacha bo‘lgan so‘zlashuvlar, kelishuvlardagi haddan oshish holati. Ba’zi yoshlar buning gunoh ekanligini eshitib aniqlashtirish uchun ulamolarga savol bermoqda: «Ikki yosh bir-birini yoqtirib qolsa, oila qurishga qaror qilgandan keyin, ular ko‘rishib tursa bo‘ladimi? Ko‘rishishga imkon topa olmasa, ijtimoiy, tarmoqlar orqali xat yozadilar yoki qo‘ng‘iroqlashishadi. Zarur masaladan ortiq, kelajak orzu umidlari haqida gaplashib ketishadi. Shuncha farzandimiz bo‘lsin, ularga falon ismlarni qo‘yamiz, oilamiz shunaqa bo‘ladi, munosabatimiz bunday bo‘ladi…». Yoki «yigitning qizni erkalab yuborishi, ismiga qo‘shimcha qilib «Falonchim» kabi muloqotga o‘tib ketadi. Bu zinoning bir turi emasmi!?

Islom shariati bu kabi holatlar va munosabatlarga chegara qo‘ygan. Avvalo, shuni bilib olish kerakki, unashtiruv nikoh va’dasi xolos, nikoh emas. Xuddi nikohdan oldin yigit va qiz bir-biriga begona bo‘lganidek, unashtiruvdan keyin ham aynan shu hukm qoladi. Shunga ko‘ra, unashturuvdan keyin ham yigit qiz uchun va qiz yigit uchun halol bo‘lmaydi. Ikkisining o‘zaro xat yozishishi, telefonda gaplashishi, birga aylanishga borishi va xilvatda uchrashishi kabi barcha ishlar harom va nojoizdir.

Mabodo, biror zarur masala bo‘lib qolsa, yonlarida guvohlar hozirligida hal qilinishi mumkin. Ammo, nomahramlarning yuqoridagi holatlardagi kabi muloqotga kirishishlari mutlaqo shariatga zid. Nikohdan oldin bunday ishlarga ruxsat yo‘q. Oila qurish niyatidagi kishilar bevosita bir-birlari bilan ko‘rishishlari shariat hukmiga binoan o‘tishi kerak. O‘zlari xilvatda yolg‘iz qolishlari mumkin emas. Balki, mahramlardan biror kishi ular bilan birga bo‘lishi shart.

Qachonki, ikki musulmon, oqil, bolig‘ erkak kishilar yoki mazkur sifatlarga ega bo‘lgan bir erkak va ikki ayolning guvohligida nikohlanilsa, bu nikoh aqdida ishtirok etayotgan guvohlar nikohlanuvchilarni iyjob va qabulini birgalikda eshitsa, bu nikoh sahih hisoblanib, unashtirilgan yigit va qiz eru-xotinga aylanadi. Shundan keyingina ular bir-biriga halol sanaladi, shundan keyingina Alloh taolo insonni yaratganda qo‘shib yaratgan jinsiy tuyg‘u va ehtiyojni halol yo‘l bilan qondirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Zero, har bir insonda mavjud o‘sha jinsiy ehtiyojni faqatgina nikoh orqali halol-pok suratda qondirish mumkin. Bu o‘ta nozik va hissiyotli amaliyotning ham o‘ziga yarasha odoblari va madaniyati bor.

Ming afsuslar bo‘lsinki, ushbu o‘ta muhim odob ham musulmonlar orasida unutilib, o‘zga halqlarning “odob”i, ya’ni odobsizligi kirib keldi. Ularning fahsh filmlari, nashriyotlari, qo‘llanmalari va internet tarmog‘iga joylayotgan sahifalari “odob”, ya’ni jinsiy odobsizlikni o‘rgatadigan manbaga aylanib qoldi. Buni internet tarmog‘ida yoki telefonda yoki SMS xabarlar orqali yoki o‘zaro ulamolar bilan muloqot chog‘ida berilayotgan savollardan tushunish mumkin. Erkagu-ayollar “Unday qilsa bo‘ladimi, bunday qilsa bo‘ladimi?”, – deya “boshqa-boshqa madaniyat” vakillari targ‘ib qilayotgan axloqsizlik (aslida madanyaitsizlik) lar haqida so‘raydilar.

Foydalanilgan adabiyot: “Baxtiyor oila” kitobi. 147-bet.
Muallif: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Ko‘kaldosh” o‘rta-maxsus bilim yurti.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.