Islom

Hadis: Do‘zax azobidan qo‘rqib yig‘lagan ko‘zlar qiyomatda namlanmaydi, unga jahannam olovi tegmaydi

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Ko‘ngli yumshoqlik, dardkashlik, o‘rni kelganda yig‘lay bilish bandaga berilgan ilohiy ne’mat. Ko‘z yoshi bandaning Parvardigor rahmatiga bo‘lgan umidvorlik hissi, yolvorishning yuqori cho‘qqisidir. U hammada ham kuzatilavermaydi. Qotgan qalb egalaridan ko‘p ham ko‘z yosh chiqavermasligi ana shundan.

Islomda yig‘i mavzusiga alohida e’tibor berilgan. Hatto namozda yig‘lagan kishining namozi buzilishi yoki buzilmasligi, nikohda izn so‘ralganda qiz bolaning ko‘zidan chiqqan yoshiga qarab uning rozi yoki noroziligini aniqlash fiqhiy masalalar qatoriga kiritilgani ham bejiz emas, albatta.

Yig‘i Allohga yaqinlik hissini oshiradi, unga yaratganning rahmatiga sazovor bo‘lishning muhim omili sifatida qaraladi. Ba’zan to‘yib yig‘lasangiz dardingiz yengillashadi.

Mashhur alloma Abu Bakr Ibn Abdulloh “Ar-Riqqotu val buko” (Siniqlik va yig‘i) nomli kitob yozib, unda yig‘i bilan bog‘liq 248 ta hadisni keltirib o‘tganlar. Bu borada “Payg‘ambar s. a. v. ni yig‘latgan hodisalar” nomli kitob ham tasnif etilganiga barchamiz guvohmiz.

Demakkim, oyati kalima va hadisi shariflarda bu borada yetarlicha ma’lumotlar berilgan. Hadisi shariflarning birida Allohning rahmatidan umid qilib, do‘zax azobidan qo‘rqib yig‘lagan ko‘zlar qiyomatda namlanmasligi, unga jahannam olovi tegmasligi aytib o‘tilgan.

Abu Hurayra (r. a.)dan  rivoyat qilinadi: Payg‘ambar s. a. v: “Allohdan qo‘rqib yig‘lagan banda sut yelinga qaytib kirmagani aniq bo‘lganidek do‘zaxga kirmaydi”, – dedilar (Termiziy rivoyati).

Boshqa bir hadisda Payg‘ambar s. a. v: “Agar bandasining qalbi Allohdan qo‘rqib titrasa gunohlari daraxt yaproqlari to‘kilganidek to‘kilib ketadi”, – deganlar (Jaloliddin Suyutiy Jome ul-ahodis).

Alloh taolo: “Mening azobimdan qo‘rqib yig‘lagan, ko‘z yoshlari yanog‘iga oqqan bandaning mukofoti uning yuzini do‘zaxga harom qilganimdir”,- degan (Abu  Noʻmon Asqaloniy Hilyatul avliyo).

Mashhur sahobalar, tobeinlar va ajdodlarimiz bu borada ibrat bo‘lganlar, ayrimlari boshqalardan alohida ajralib turganlar. Hatto ko‘p yig‘lagandan hushdan ketganlari, ko‘zlari  ojiz bo‘lib qolganlari ham talaygina. Mumtoz adabiyotimiz namoyondalari o‘z asrlarida yozib qoldirganlar. Ular tomonidan bitilgan munojotlar bizgacha yetib kelgan.

Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, she’riyat mulkining sultoni Navoiy hazratlari: “Ilohi ko‘nglimni dardu shavqing bilan ovut va ko‘zimni nadomat ashki selobi ila ravshan tut”, – deb yaratganga yolvorgan.

Chaqaloq ham  bu yorug‘ olamga yig‘lab keladi. Agar uning yig‘i ovozi chiqmasa hatto tashvishga tushib sarosimaga qoladi. U yig‘lasagina g‘am anduhlar arib, dillarga surur kiradi.

Ko‘z yoshi rahmat bo‘lsa kerakki, biror a’zongiz og‘risa, og‘ir musibatda qolsangiz, yaqin insoningizdan ayrilsangiz, tanishlaringizdan biri og‘ir bemor bo‘lsa, noiloj yig‘laysiz. Duoga qo‘l ochib, ko‘zingiz yoshga to‘lib, iltijo qilasiz. Goho o‘kirib-o‘kirib yig‘laysiz.  Kimdir hech kimga sezdirmay pinhona yig‘lashi, yana kimlardir qattiq xursandligidan, muvaffaqiyat qozonganidan, orzulari amalga oshganidan o‘zini to‘xtatolmay oshkora kuz yosh to‘kadi. 

Iloho rahmat bulog‘ining mevasi sanalmish quvonch ko‘z yoshlaridan hech kimni ayirmasin.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.