Buxoro yangiliklari

Jondorda yangi madaniyat markazi foydalanishga topshirildi

post
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Jondor tumani markazidagi “Zarafshon” MFY, Mahmud Torobiy ko‘chasi, 77-uy manzilida ikki qavatli, 16-sonli madaniyat markazi qayta chiroy ochdi.

—Madaniyat markazi bu musiqa va san’at, turli madaniy tadbirlar uchun imkoniyat deganidir,—deydi tuman madaniyat bo‘limi mudiri Shaxobiddin Jo‘rayev.—Bu yerda mahalliy iste’dodlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, turli ansambllar bilan hamkorlik qilish imkoniyati mavjud. Masalan, hozirda tumanimizdagi 3 ta xalq badiiy havaskorlik jamoasi, ya’ni “Jondor” folklor dastasi, “Dildor” ashula va raqs ansambli, “E’tiqod” xalq teatri shu binoda faoliyatini davom ettirmoqda.

Xuddi shunday, musiqa va san’atga oshufta barkamol avlod uchun markazda an’anaviy xonandalik, raqs, drama, an’anaviy cholg‘u asboblari, doyrachilar to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Tuman hokimligi, ma’muriy sektor amaliy ko‘magida homiylik mablag‘i asosida qayta ta’mirdan chiqarilib, zarur inventarlar, qattiq va yumshoq mebel bilan jihozlangan madaniyat markazi bugun 180 nafar yosh avlod vakilini to‘garaklarga qamrab olishi mumkin. Qolaversa, markazda 400 o‘rinli kino zali ta’mirdan chiqarilib, alohida jihozlangan. E’tiborlisi, bu yerda 21 nafar ijodiy xodim, pedagog yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga jalb qilinmoqda.

Madaniy markazni foydalanishga topshirish tadbirida viloyat hokimining o‘rinbosari Botir Shahriyorov, Jondor tumani hokimi Jamshid Xudoyev, viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Tilavov hamda boshqalar so‘zga chiqib, mazkur maskan aholi, jumladan, yoshlar o‘rtasida madaniyat va san’atni keng targ‘ib etish, ular bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, iste’dodli yigit-qizlarni tarbiyalab yetishtirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Yangi madaniyat markazi ramziy lentasi qirqilgach, yig‘ilganlar markazda madaniyat xodimlari, yosh musiqa va san’at shinavandalari uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.