Mashhurlar
“Qizim bor va men uni yerto‘lada saqlarmishman”. Rayhon o‘zi haqidagi mish-mishlar, birinchi turmushi va DJ Piligrim bilan bo‘lgan mojaro haqida
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva No Filter loyihasiga intervyu berdi. Xonanda suhbat davomida ijodiy yangiliklari, shaxsiy hayoti haqidagi turli mish-mishlar va hamkasblari bilan bo‘lgan mojarolarning asl sabablarini ma’lum qildi. Daryo shular haqida yozmoqda.
— Rayhon, bolaligingiz qanday o‘tgani haqida so‘zlab bersangiz.
— To‘g‘risini aytsam, bolaligim ko‘pchilik tasavvur qilganidek quvnoq va rang-barang bo‘lmagan. Ota-onam o‘z davrining juda band aktyorlari edi, ular doim suratga olish maydonchalarida, safarlarda bo‘lishardi. Onam meni qanchalik yaxshi ko‘rmasin, tirikchilik va ish sabab meni yotib qoladigan rejimdagi bog‘chaga berishga majbur bo‘lgan. Tasavvur qiling, hatto kechalari ham bog‘chada qolib ketardim. Keyinchalik maktab davrim ham xuddi shunday o‘tdi. V. Uspenskiy va Gliyer nomidagi musiqa maktablarining qat’iy tartib-intizomi meni oddiy bolalik quvonchlaridan ayirgan. Men ko‘chada bolalar bilan chopib yurmaganman, doim pianino qarshisida o‘tirib, mashq qilishim shart edi. Bugungi irodam, har qanday qiyinchilikka chidashim aynan o‘sha yolg‘izlikda o‘tgan bolaligim mahsulidir.

— Aslida mutaxassisligingiz nima? Nima uchun musiqa sohasini tanladingiz?
— Men azaldan balerina bo‘lishni telbalarcha orzu qilganman! Uyda shippak o‘rniga puantalarda yurardim, hatto ularni yechmasdan uxlashga tayyor edim. Ammo onam san’at olamidagi qiyinchiliklarni bilgani uchun meni boshqa yo‘lga yo‘naltirishni xohlagan. U kishi meni aldab: “Balerina bo‘lish uchun avval pianino chalishni mukammal o‘rganishing kerak, usiz o‘qishga qabul qilishmaydi”, degan. Shunday qilib, 11 yilim musiqa maktabida o‘tdi. Maktabni bitirish arafasida nufuzli tanlovda g‘olib chiqdim va afsonaviy dirijyor Haqnazarov bilan simfonik orkestr hamrohligida chiqish qilish imkoniga ega bo‘ldim. Ammo o‘shanda sahna ortidagi g‘irromliklarni, insonlarning bir-biriga bo‘lgan hasadini va intrigalarni ko‘rib, qattiq ko‘nglim qoldi. “Musiqa olami shunday bo‘lsa, men bu yerda qolmayman”, deb, uyimga yaqin joylashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga o‘qishga kirdim.

— Karyerangiz qanday boshlangan va avvaliga qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?
— Mening eng katta muammoyim pulim yo‘qligi edi. Albatta onam ham san’atni tanlashimga qarshi bo‘lgan. So‘ng musiqaga chin dildan ko‘ngil qo‘yganimni tushungan onam meni qo‘llab-quvvatlay boshladi.
Shou-biznes sohasi o‘ziga yarasha qing‘ir ishlarga to‘la, deyishadi. Ammo men hayotimda hech qachon bunday holatni uchratmaganman. Faqat moliyaviy muammolar meni qiynagan.
“Tohir va Zuhra” filmi hayotimda burilish yasagan loyiha edi. Aslida filmda boshqa tarkib — o‘sha davrning eng mashhur yulduzlari ishtirok etishi kerak edi. Ammo tasodifni qarangki, bir xonanda suratga olishga bir kun qolganda rad javobini bergan. Menga kechasi qo‘ng‘iroq qilib: “Ertaga tongda soat 6 da uchib ketishimiz kerak, kela olasanmi?” deyishdi. Men o‘sha zahoti, meni hattoki nima kutayotganini bilmay rozilik berdim. “Azoblaysan” qo‘shig‘i o‘shanda hitga aylandi va men o‘zim kutmagan darajada mashhur bo‘lib ketdim. Pulim yo‘q bo‘lsa ham, ishtiyoqim va Alloh bergan omadim bor edi.https://www.youtube.com/embed/UIE1vkkbvhE
— Bugungi davr o‘zbek estradasi haqida fikrlaringiz? Raqobat muhiti o‘zgarganmi?
— Avvallari har birimiz o‘z uslubimiz uchun tish-tirnoq bilan kurashardik. “Bu — mening yo‘nalishim, bu — mening imijim” degan tushuncha kuchli edi. Hozir esa nega ijodkorlar zamonaviy, urf bo‘lgan musiqadan qochayotganini tushunmayman. Balki, hozirgi tinglovchiga bu qiziq emasdir? Bu meni biroz o‘ylantiradi va afsuslantiradi. Men hamon zamonaviy trendlar tarafdoriman. Boshqa san’atkorlar faoliyatini esa baholamayman va tanqid qilmayman.

— Birinchi turmushingiz haqida so‘zlab bersangiz. Munosabatlaringiz qanday boshlangan va nima uchun tugagan?
— Bu barchaga ma’lum bo‘lsa kera. Hammasi klip suratga olish jarayonidan boshlangan. Turmush qurish taklifi ham telefonda kelganida, oradagi yosh farqi sabab biroz ajablanganmiz. Taqdir ekan, turmush qurdik. Ammo nikoh ajrim bilan yakunlandi.
Har bir nikoh arshda sodir bo‘lishiga va taqdirga ishonaman. Ajrim esa men uchun katta zarba edi. Har bir ayol kabi menda ham tushkunlik, “farzandlarim otasiz qanday yashaydi?” degan qo‘rquvlar bor edi. Bir necha yil og‘ir depressiyada yurdim. Menga singlim Nasiba, do‘stim Yakzon, shuningdek, professional psixolog bilan o‘tkazilgan seanslar yordam berdi. Shundan keyingina men o‘zimni angladim va hayotga boshqacha qaray boshladim. Hozir har birimiz o‘z oilamizga egamiz. Men esa ikki nafar o‘g‘lim borligidan baxtliman.

— Ikkinchi turmushingiz haqida bir og‘iz aytib o‘tsangiz.
— Biz Farhod bilan bir-birimizni talabalikdan beri taniymiz. Qizig‘i, institutda bir dugonam unga juda oshiq edi. Biz dugonamiz xursand bo‘lishi uchun kafeda o‘tirib, Farhodning derazadan o‘tib ketishini poylar edik! (kuladi). Yillar o‘tib taqdir bizni bog‘ladi. U menga turmush qurish taklifini berganda juda uyaldim, hatto o‘sha dugonamdan “xafa bo‘lmaysanmi?” deb ruxsat so‘radim. Turmush qurishimga esa Rashid Xoliqov turtki bo‘lgan. U kishi meni tushlikka chaqirib: “Rayhon, Farhod juda yaxshi yigit, men o‘zim kafilman. Senga turmush o‘rtoq va bolalaringga ota kerak, qo‘rqma”, deb nasihat qilgan edi. Men u kishini qattiq hurmat qilardim va aytganlarini qildim. Mana, 10 yildirki baxtli yashayapmiz.

— Sizni militsiyaga berishgani, DJ Piligrim bilan bo‘lgan mojaro haqida ham to‘xtalsak. Aslida nima bo‘lgan edi?
— Ilhom (DJ Piligrim) bilan institutda birga o‘qiganmiz, u o‘sha paytdayoq mashhur edi. U bilan sodir bo‘lgan mojaro esa hayotimdagi eng tushunarsiz vaziyatlardan biri bo‘lgan. Biz ajoyib duet yozgandik, hammasi joyida edi. To‘satdan u barcha ishni to‘xtatdi, men unga gaplashib olishni, barchasiga oydinlik kiritishni taklif qildim, ammo u menga qo‘ng‘iroq qilib, dahshatli ayblovlar yog‘dira boshladi va hatto o‘g‘ri deb ham atadi.
Keyin esa meni militsiyaga berganini eshitdim. U meni “shaxsiyatini haqorat qilish”da ayblagan ekan. Men shokka tushganman, chunki hayotimda birinchi marta organ xodimlariga tushuntirish berishimga to‘g‘ri kelgan. Oxiri hamma intervyularimni tekshirib, haqorat so‘zlari yo‘qligini aytib, ishni yopishdi. O‘shanda judayam qattiq ranjiganman, lekin hozir bari o‘tib ketdi. Men gina saqlamayman. Menimcha, Ilhom kayfiyati juda o‘zgaruvchan inson. Balki yana duet ham yozarmiz (kuladi).
— So‘nggi konsertingizga tayyorgarlik jarayonlari qanday kechdi?
— Konsertga tayyorgarlik o‘tgan yilning iyun oyidan boshlangan edi. Biz jamoamiz bilan har bir qo‘shiqni, har bir raqsni o‘n martalab qayta ishladik. Bu juda og‘ir va asabni charxlaydigan jarayon: ba’zan musiqa uslubi yoqmay qoladi, ba’zan g‘oya o‘zgaradi. Masalan, musiqa prodyuserimiz Jamshid Gafarov birgina qo‘shiqni o‘n marta qayta ishlagan bo‘lsa ham, hammasiga chidadi. Men o‘zim juda talabchanman, mukammallikka intilaman.

— Mish-mishlar haqida. Siz haqingizda eshitgan eng dahshatli yoki kulgili gap qaysi?
— Mish-mishlarning sanog‘i yo‘q. Eng hayratlanarlisi mening hammadan yashirgan qizim borligi va men uni yerto‘lada saqlashim haqidagi uydirma bo‘lsa kerak. Buni kim o‘ylab topganiga hayronman. Balki, o‘sha paytda qo‘shnimiz Rashid akaning qizchasi menga juda bog‘lanib qolgani va ishga birga qatnaganimiz uchun shunday o‘ylashgandir. Yana turmush o‘rtog‘im bilan “shartnoma asosida” yashaganimiz, bolalarimiz ham “kontrakt” bo‘yicha dunyoga kelgani haqidagi gaplar… Bularning hammasi safsata. Mening shaxsiy hayotim faqat o‘zimning Instagram sahifamda, qolgan hamma narsa yolg‘on.

— Ba’zilar “Rayhonning davri o‘tdi” deyishadi. Bunga munosabatingiz?
— Tanqidlarni juda og‘ir qabul qilaman. Yuzta maqtov tursa ham, bitta yomon gapni o‘qib tushkunlikka tushaman. Bir marta hatto bir nashr “Rayhonning chiptalari sotilmayapti, u endi qulagan uchuvchiga o‘xshab qolgan”, deb yozganida, ulardan xafa bo‘lib obunani bekor qilganman. Lekin oradan bir oy o‘tib, 2024-yilgi konsertimda barcha biletlar sotildi. Mana bu mening sahnadagi javobim edi! Men hamon sahnadaman, hamon muxlislarim ardog‘idaman.
— Muxlislaringizga tilaklaringiz?
— Men sizlarni juda ham yaxshi ko‘raman! Har bir harakatim, har bir uyqusiz tunim va yangi qo‘shig‘im faqat sizlar uchun. Sahnaga chiqqanimda sizdan kelayotgan energiya menga ilhom beradi. Borligingiz uchun rahmat!
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


