Islom
Salom — Allohning ismidir…
Salom bergan kishi Allohning ismini zikr qilgani uchun savob oladi. Ammo keyingi vaqtlarda negadir oramizda salom unutilib borayotgandek tuyulmoqda. Birov bilan bevosita yoki bilvosita muloqot qilganimizda salomdan avval mavzuga kirishib ketishga shoshilamiz. Holbuki, salom-alik nari borsa yarim daqiqani oladi, xolos. Buning asosiy sababi salomning fazilatini bilmaslik, unga beriladigan savobning qadriga yetmaslik sanaladi.
Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Qachon sizga bir salomlashish ila salom berilsa, siz undan ko‘ra yaxshiroq alik oling yoki xuddi o‘zidek javob bering. Albatta, Alloh har bir narsaning hisobini oluvchi Zotdir” (Niso surasi, 86-oyat).
Bu oyatdan shu narsa bilinadiki, salom berish va alik olish insonning ixtiyoridagi ish emas. U insonlar zimmasidagi vojib amallardan ekani hadis shariflarda ham ta’kidlangan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon zimmasiga o‘z birodari uchun besh narsa vojib bo‘ladi: salomga alik olish, aksa urganga sog‘liq tilash, da’vatga ijobat qilish, bemorni ko‘rish va janozaga ergashish”, dedilar” (Termiziy rivoyati).
Musulmon kishining musulmonlarga salom berishi, salom berilganda alik olishi, aksa urganda hamd aytishi, aksa urgan kishiga baraka tilashi, birov chaqirganda unga javob berishi, bemorlar holidan xabar olishi, janoza namozlarida ishtirok etishi, ta’ziya bildirishi kabi zimmasidagi bir qancha vojib amallar bor. Ularga befarq bo‘lish mumkin emas. Bu sunnatda ta’kidlangan ko‘rsatmalardandir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kirmaysiz. O‘zaro muhabbat qilmaguningizcha mo‘min bo‘lmaysiz. Sizni shunday amalga dalolat qilaymi-ki, uni qilsangiz o‘zaro muhabbat paydo bo‘ladi? Orangizda salomni keng tarqating”, dedilar” (Abu Dovud, Termiziy va Muslim rivoyat qilganlar).
Alloh taolo bekorga qasam ichmagan. U faqat muhim masalalarda qasam ichgan. Payg‘ambar alayhissalom ham muhim va zarur ishlarda qasam ichganlar. Bundan ham ko‘rinib turibdiki, muhabbat paydo qilish va jannatga kirish istagida bo‘lganlar salomga nihoyatda e’tibor bersinlar. Payg‘ambar alayhissalomga deyarli hech kim salom berishga ulgurmagan. U zotning o‘zlari birinchi bo‘lib salom berishga shoshilganlar. Biz ham sunnatga amal qilgan holda birinchi bo‘lib salom berishga intilaylik.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning Allohga eng yaqini ularga eng avval salom berganidir”, dedilar” (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar).
Ko‘rgan yoki uchratgan kishilarimizga avval salom berishga odatlanmog‘imiz lozim. Bu amal Payg‘ambarimizning ko‘rsatmalari ekaniga yana bir bor diqqat qarataylik. Salomni tarqataylik. Uni bolalarimizga o‘rgataylik. Jannatga intilaylik.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Rahmonga ibodat qilinglar! Salomni tarqatinglar! Jannatga salom ila kirursizlar”, dedilar” (Termiziy rivoyat qilgan).
Bu kabi ishlarga odatlangan kishilar o‘zlari jannatga kirishlari uchun lozim bo‘lgan ikki muhim omilni qo‘lga kiritgan bo‘ladilar.
Nafaqat ko‘cha-kuyda, balki xonadonga kirayotgan paytda ham salom berib kirish kerak. Salom bilan kirilgan xonadonga xayr-baraka yog‘ilishi hadis shariflarda zikr qilingan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: “Ey bolam! Qachon ahling oldiga kirsang, salom ber. Bu senga ham, ahli baytingga ham baraka bo‘ladi”, dedilar” (Termiziy rivoyat qilgan).
Shu o‘rinda bir narsaga diqqat-e’tibor qaratish lozim. Ba’zan “Somalaykum”, “Assalom” kabi salomlashishlarni ham eshitib qolamiz. Bu to‘liq salom emas. Shunday ekan, salomga e’tibor beraylik. Uning lafzlarini to‘g‘ri aytaylik. Har qanday vaziyatda ham salomni yoddan chiqarmaylik. Eng to‘g‘ri salomlashish lafzi: “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh” yoki qisqa shaklda “Assalomu alaykum”dir.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi
-
20.08.2022Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


