Buxoro yangiliklari

Bahodir Yalangto‘sh kim va uning Buxoro xoni Abdullaxon II ga nima aloqasi bor?

photo 607

Loading

Xo‘sh, Yalangto‘sh Bahodir kim o‘zi? U Vatanimiz tarixida qanday o‘rin tutgan? Bugungi kunda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda uning hayot yo‘li qanday ahamiyat kasb etadi?

Nima uchun Yalangto‘sh?
Ko‘pchilik Yalangto‘shni Samarqandning Registon maydonidagi Sherdor va Tillakori madrasalarining asoschisi sifatida biladi. Aslida, u o‘zbek davlatchiligi tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan siyosatchilardan sanaladi.

Mahmud ibn Valining «Bahr al-asror» asarida yozilishicha, amirning asl ismi Xatoy Bahodir bo‘lgan. Ayrim manbalarda uning ismi goh Nizomiddin, goh Abdulkarim tarzida keltiriladi. Rivoyatlarga ko‘ra, u dushmanga qarshi janglardan birida hech qanday sovut taqmasdan, qalqon tutmasdan, ko‘ksini ochib, maydonga tushgani uchun Yalangto‘sh laqabini olgan ekan.

Uning tarjimai holiga nazar tashlasak, 1576-yilda Nurota hokimi Boyxo‘ja oilasida tug‘ilgan. Bahodir Buxoro xoni Abdullaxon II nazariga tushgan va uning homiyligida 1590–1593-yillarda maxsus harbiy maktabda o‘qigan.

O‘zining davlat oldidagi munosib xizmatlari evaziga dastlab Bulung‘ur, Loyish, Kattaqo‘rg‘onda tumanlari boshlig‘i lavozimida ishlagan (1593–1595) Yalangto‘sh Bahodir 1611-yil Ashtarxoniylar sulolasiga mansub Imomqulixonni taxtga o‘tqazishda faol qatnashgan.

U Samarqandni 1626-yildan amalda mustaqil idora eta boshlagan, unga otaliq unvoni berilgan. Yalangto‘sh Bahodir Buxoro xonligining barcha harbiy amaliyotlarida faol ishtirok etgan.

Davlat boshqaruvini qo‘lga olishiga hissa qo‘shgani, sadoqatli va namunali xizmatlarini e’tiborga olgan Imomqulixon 1612-yili Yalangto‘sh Bahodirni Samarqand viloyati hokimi etib tayinlaydi. Bir qator tanaffuslar bilan u qirq yil Samarqandni boshqargan.

Samarqand registoni qanday qurilgan?
Bahodir Yalanto‘shning tarix oldidagi eng buyuk xizmatlaridan biri Samarqandda 1416-1420-yillarda bunyod etilgan Ulug‘bek madrasasiga monand tarzida Tillakori (1646–1660) va Sherdor (1619–1636) madrasalarini bunyod etib, Registonni yaxlit majmua holatiga keltirganidadir.

Registon majmuasining bugungi ko‘rinishga kelishida Yalangto‘sh Bahodirning hissasi katta bo‘ldi. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, 1619-yilda Ulug‘bek madrasasi ro‘parasida xuddi shunday uslubda yangi madrasa qurilishi boshlanadi.

17 yil davom etgan qurilish so‘ngida har jihatdan Ulug‘bek madrasasiga hamohang yangi me’mriy obida qad rostlaydi. Ikki qavatli ushbu madrsa 54 ta hujradan iborat. Madrasaning Sherdor deb atalishiga sabab uning peshtoqida inson yuzi aks etgan quyosh va sherlar tasviridir. Ayni paytgacha peshtoqning ikki tomonida simmetrik tarzda aks etgan quyosh, sher va ohu timsollarini mutaxassislar turlicha sharhlaganlar.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, madrasa qurilishi quyosh hamal burjida turgan paytda boshlanib, arslon (asad) burjiga kirgan paytda yakuniga yetgani uchun ana shunday timsollar madrasa peshtoqiga tushirilgan deb hisoblashgan.

Ispan sayyohi Don Ryui Gonzales de Klavixo o‘zining sayohatnomasida Shahrisabzdagi Oqsaroy peshtoqida ham quyosh, sher va ohu tasvirlarini ko‘rganini yozadi.

Shu bilan birga sayyoh bu rasmlar turkiy xalqlarning qadimiy tamg‘alaridan olinganini ham qistirib o‘tgan. Ushbu madrasa qurilgan paytda hali Oqsaroy hali vayron bo‘lmaganini esga olsak, aynan undan andoza olib ishlanganini taxmin qilish mumkin.

Registon maydoni (Samarqand):

photo 02 211

Tilla suvi yuritilgan peshtoqlar
Sherdor madrasasi qurib bitkazilgach, Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodirga bu majmua hali nomukammaldek tuyuladi. Oradan o‘n yil o‘tib, 1546-yilda uning buyrug‘i bilan uchinchi inshoot – Tillakori madrasasi qurilishi boshlanadi. Madrasa qurilishidan oldin bu yerda ham madrasa, ham masjid qurilishi rejalashtirilgan. Shu bois inshoot tarhi o‘ziga xos tarzda ishlangan.

To‘rt ayvonli, kvadrat shaklga ega bo‘lgan hovli uch tomondan bir qavatli hujralar bilan o‘ralgan. Madrasaning g‘arbiy tomonidan masjid barpo etilgan. Madrasa va masjidning ichki va tashqi tomonlari turli naqshlar, arabiy bitiklar bilan bezatilgan. Ayniqsa ichki tomonida ishlangan naqshlar ustidan tilla suvi yuritilgani uchun madrasa “Tillakori” ya’ni tilladan ishlov berilgan deb atalgan. Ayrimlar bu inshootni Yalangto‘shbiyning kichik madrasasi ham deb atashadi.

Har uchala madrasa birgalikda o‘ziga xos yaxlitlikni, uyg‘unlikni tashkil etadi. Madrasalar turli davrlarda qurilgan. Ayniqsa Ulug‘bek madrasasi keyingilaridan ikki asr oldin qurilganiga qaramay, ushbu majmua bir paytda yagona me’moriy yechim asosida qurilgandek taassurot uyg‘otadi.

Nechta Yalangto‘sh bor?
Ayni paytda qozoq qardoshlarimiz ham Yalangto‘sh bahodir milliy qahramon sifatida e’tirof etib, unga bir qancha shaharlarda yodgorlik ham o‘rnatganlar.

Ammo, tarixiy ma’lumotlarga murojaat qilsak, Yalangto‘sh Bahodir o‘zbeklarning olchin qabilasidan ekanligi, u ashtarxoniylar davrida qozoq xonlariga qarshi bir qator janglarda jasorat ko‘rsatgani aytiladi. Jumladan, 1609 yilda Samarqandga yurish qilgan qozoq xoni Abilay sulton qo‘shinini Sig‘noqqa qadar quvib borgan. 1612 yilda Toshkent va Turkiston yaqinida qozoq qabilalariga qarshi kurashda ko‘rsatgan qahramonliklari uchun Imomqulixon tomonidan Balx amiri etib tayinlangan.

Xuddi o‘sha yili u yana bir yirik qozoq xoni Yesimxonga qarshi katta qo‘shin bilan jangga kiradi va raqibini mag‘lub etadi. O‘zbek davlati tomonidan qozoq xoni Jahongirga yordamga yuborilgan Yalangto‘sh Bahodir va Abdurahmon devonbegi boshchiligidagi qo‘shin 1643 yili hozirgi Qozog‘istonning janubi-sharqidagi O‘rbuloqda yuz bergan hal qiluvchi urushda qalmoqlarning ellik minglik lashkarini yenggan.

Jalantos Seyitqul o‘g‘li yodgorligi (Aqto‘be, Qozog‘iston):

photo 05 73

Shu bois, ayrim tadqiqotchilar qozoq xalq og‘zaki ijodi namunalarida Jalanto‘s Seyitqul o‘g‘li nomi bilan mashhur bo‘lgan bahodirning Yalangto‘shga aloqasi yo‘qligini ta’kidlashadi. XVIII asrda yashab o‘tgan yana bir tarixiy shaxs – Jalanto‘s Quliqulining maqbarasi esa, Qarag‘anda shahridan janubi-sharqda joylashgan.

Bahodirning so‘nggi manzili
Dahbeddagi «Maxdumi A’zam» masjidi ham Yalangto‘sh Bahodir tomonidan 1619-yili qurdirilgan va o‘z zamonasining madaniy markazlaridan birag aylangan. Aytishlaricha, masjid o‘n to‘rtta ustun ustiga tiklangan, 14 gumbazli qilib qurilgan, uning sahniga 14 tup chinor ekilgan va 14 hukmdorning jasadi dafn etilgan ekan.

Yalangto‘sh Bahodir o‘z davrida katta mavqega ega bo‘lgan naqshbandiya tariqatiga yuksak ehtirom bilan qaragan va ma’lumotlarga ko‘ra, uning o‘zi ham ushbu tariqatga kirgan.

Xonaqohning shimoliy qismidagi, 17,6×16,6 m o‘lchovdagi deyarli kvadrat shaklga ega daxma Samarqandning kulrang marmaridan ishlangan bo‘lib, balandligi – 1,55 metr, burchaklari marmar yarim ustunlar bilan bezatilib, Qur’on oyatlari bilan ziynatlangan.

Yalangto‘sh Bahodirning ikki qizi – Iqlimabonu va Oybibining qabrlari ham shu yerdan o‘rin olgan.

Bahodir Yalangto‘sh qabri, Dahbed qo‘rg‘oni:

photo 01 154

Yalangto‘sh Bahodir 1656-yili 80 yoshida bu yorug‘ olamni tashlab ketgan. Vasiyatiga ko‘ra uni Dahbeddagi Mahdumi A’zam xonaqohiga, piri Xoja Hoshim qabrining oyoq tomoniga ko‘mganlar. Shu tariqa, o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixida o‘z o‘rni va xizmatlariga ega yirik davlat arbobi, ko‘plab xayrli ishlar tashabbuskori, ilm-fan hamda madaniyat homiysi Yalangtush Bahodirning umr daftari tugagan.

Bahodir jasorati – ekranlarda
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va Samarqand viloyati hokimligida bu qahramon hamyurtimiz hayoti va faoliyati haqida “Yalangto‘sh Bahodir” badiiy filmini suratga olish ishlari boshlandi. Filmning ilk sahnalari “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali kunlari suratga olindi.

Syomka jarayoni:

photo 04 115

Syomka jarayonida Daniyaning “Danmon Group” kompaniyasidan sotib olingan $3 500 000 texnikalar ishlatilmoqda. Film taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olinmoqda.

Muallif: Rustam Jabborov.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.