Islom

Kim bu dunyoda bir mo‘minning aybini yashirsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning aybini yashiradi

photo
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, Alloh taolo hayoli, ayblarni yashiruvchi zot, bandasi aybini yashirishini yaxshi ko‘radi”.

Darhaqiqat, Alloh taolo mo‘min bandaning ayblarini bu dunyoda yashiradi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarini ham mo‘minlarning aybu nuqsonlarini yashirishimizga buyurganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida:

اقيلوا ذوي الهيئات زلاتهم

ya’ni “Hurmatli kishilarning xatolarini kechiringlar”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati).

Demak, agar birortamiz xato ish qilib qo‘ysa, birodari uning xatosini fosh qilmasligi, aksincha yashirishi lozim bo‘ladi. Zero, hadisi sharifda aytilishicha:

مَنْ ستر مؤمنًا في الدنيا، ستره الله يوم القيامة 

ya’ni: “Kim bu dunyoda bir mo‘minning aybini yashirsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning aybini yashiradi”.

Darhaqiqat, Islom dini ayblarni yashirishga, kechirishga, odamlar orasida faxsh ishlarni oshkora qilmaslikka chaqiradi. Aksincha, ma’siyat ishlarni sir tutish, ularni yashirish lozim bo‘ladi. Toki, gunoh ish qilayotgan kishining o‘zi insofga kelib, gunohi oshkor bo‘lmay turib, ongli tarzda tavba qilsin, gunohni tark etsin. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarini nasihat qilishga buyurganlar, o‘zgalarni izza qilishdan qaytarganlar. Qachonki, mo‘min kishiga qilgan xatosini  muloyimlik bilan, sir bo‘lib qolish sharti bilan aytilsa, bu nasihat bo‘ladi. Ammo, ommaga oshkor qilinsa, fazihat (sharmandalik) bo‘ladi. Biz esa, nasihatga buyurilganmiz, fazihatga emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari shu yo‘lni tutganlar va buni sahobalariga ham ta’lim berar edilar.

Alloh taolo bandasining minglagan gunohlarini yashiradi. Haqiqiy mo‘min banda bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib olishi lozim. Bir kuni Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning huzurlariga bir kishining qilgan jinoyati uchun jazoni ijro etishga olib kelishdi. Shunda uning onasi shafoat tilab (gunohidan o‘tishlarini so‘rab) keldi. Shunda Ali roziyallohu anhu onasiga: “Albatta, Alloh taolo jinoyat birinchi marta qilinganda uni yashiradi, odamlarga oshkor qilmaydi. Farzandingiz bu jinoyatini takror va takror qilgan, natijada bunga odatlanib ham qolgan”, dedilar. Ona: “Siz buni qayerdan bilasiz?” deb so‘radi. Ali roziyallohu anhu: “Chunki Alloh taolo gunohlarni yashiruvchi zot, bandasining ham o‘z gunohini yashirishini yaxshi ko‘radi”, deb javob berdilar.

Yigitga jazo qo‘llab bo‘linganidan keyin, undan bu jinoyati nechanchi marta sodir etganligini so‘radilar. Shunda u, yigirmanchi marta ekanligini e’tirof etdi. Ya’ni, Alloh taolo uning jinoyatini birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va hatto o‘n to‘qqizinchi martasida ham yashirgan edi. Lekin shunga qaramay, yigit jinoyat qilishda davom etavergan. Alloh taolodan hayo qilmagan, odamlarga zarar yetkazishda, ularning mollari va obro‘lariga futur yetkazishda davom etavergan. Aslida, u avvalroq Allohga tavba qilishi, uning aybini, jinoyatlarini fosh etmay, yashirayotganligi Allohning unga marhamati ekanligini bilishi kerak edi. Lekin, afsuski u buni vaqtida anglab yetmadi.

Alloh taolo bandasining aybini yashiradi. Shunday ekan, ey mo‘min birodar! Sen avvalo o‘z aybingni yashir, gunohlaringni sir tut. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarini gunohlarni oshkor qilishimizdan, qilgan gunohimiz bilan faxrlanishimizdan qaytarganlar. Qolaversa, mo‘min birodaringni aybini fosh etishdan saqlan, mo‘minning aybini yashir, uni oshkor etma. Shoyad, Alloh taolo qiyomat kuni sening ham aybingni yashirsa.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.