Buxoro yangiliklari

Buxoroda Italiya universitetining filiali ochiladi

photo 02 65

Loading

O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan Buxoro shahrida Luidji Vanvitelli nomidagi Kampaniya universitetining (UniCampania) talabalar kampusi (filiali) ni tashkil etish bo‘yicha navbatdagi videokonferensiya tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Uchrashuvda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Buxoro viloyati hokimligi va universitetlari rahbarlari, Italiya universiteti prorektorlari hamda professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Kampaniya va Molize mintaqalaridagi O‘zbekistonning faxriy konsuli Vittorio Jorji ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Otabek Akbarov mart oyi oxirida ushbu universitetga tashrifini tashkil etgani, universitet haqida batafsil taqdimot o‘tkazgani hamda Italiya vakillarining Buxoroda talabalar kampusini tashkil qilish bo‘yicha taklifi uchun «UniCampania» rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Elchi «UniCampania» rahbariyatining may – iyun oylarida ushbu loyihaning barcha tashkiliy masalalarini muhokama qilish va tegishli shartnomani imzolash uchun O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov «UniCampania» Buxoro viloyatida o‘z kampusini tashkil etishga tayyorligini mamnuniyat bilan kutib oldi. Ushbu loyiha ta’lim va madaniyat sohalarida o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi mumkinligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, «UniCampania» tomonidan taqdim etilgan materiallar o‘rganib chiqilib, hozirgi kunda ular asosida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi va «UniCampania» o‘rtasida to‘rt tomonlama kelishuv, shuningdek, ta’lim loyihasini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlanmoqda.

Kampaniya universiteti prorektori Luidji Maffey universitet rektori, professor Janfranko Nikolettining ishtirokchilarga tabrigini yetkazdi. Shuningdek, u tez orada Buxoro shahrida Italiya universiteti filialini tashkil etish uchun amaliy ishlarni boshlashga tayyorligini bildirdi.

Xususan, «UniCampania» talabalar kampusida qurilish fanlari va texnologiyasi (muhandislik), dizayn, hamshiralik va arxitektura kabi to‘rtta yo‘nalishda bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash nazarda tutilmoqda. Ta’lim Italiya ta’lim dasturi asosida italiyalik o‘qituvchilarni jalb qilgan holda amalga oshiriladi. Bitiruvchilar Italiyada va Yevropada tan olinadigan diplomlarga ega bo‘ladi.

Rektor vakili, professor Serxio Minuchchi universitetning Buxoro shahrida to‘laqonli filialini yaratish biroz vaqt talab etilishini va o‘quv jarayonini imkon qadar tezroq boshlash uchun u shu yilning sentyabr oyida shahardagi mavjud universitetlar negizida Luidji Vanvitelli nomidagi Kampaniya universitetining filiali shaklida kurslarni parallel ravishda boshlashni taklif qildi.

Ushbu taklif Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. O‘zaro hamkorlikning dastlabki bosqichi sifatida Buxoro muhandislik-texnika universitetida muhandislik, arxitektura va qurilish, Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida tibbiyot yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish mumkinligi bildirildi.

photo 01 66

Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev qo‘shma loyihani amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini ta’kidladi.

«Qo‘shma tadbirlarni boshlash uchun talabalar kampusini joylashtirish va ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda», – dedi u.

Buxoro muhandislik-texnika universiteti rektor Nusrat Barakayev va Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev ta’lim muassasalari haqida qisqacha taqdimot o‘tkazdi va «UniCampania» bilan hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.