Buxoro yangiliklari

Buxorodagi turizm shaharchasi. Buxoroliklar fikri inobatga olindi

photo 1102

Loading

Kuni kecha, ya’ni joriy yilning 14-yanvar kuni Buxoro shahrining markaziy qismi buzilib, uning o‘rniga zamonaviy infrastrukturaga ega bo‘lgan hamda milliylik uyg‘unlashgan yangi “Turizm shaharchasi” ni barpo etish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda O’zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri Botir Zokirov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hamda Buxoro viloyati prokurori Mahmud Istamov, Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Shuhrat Aliyev, Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Maqsud Mamatxanov jurnalist va blogerlar savollariga javob berishdi. Shuningdek, ayni mavzuga qiziqish bildirgan buxoroliklar, keng jamoatchilik ham ishtirok etdi.

Dastlab hokim Botir Zaripov yig‘ilganlarga qurilishi rejalashtirilayotgan loyiha haqida qisqa ma‘lumot berdi. Qayd etilishicha, 2022-yilning 30-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan “Buxoro viloyatida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari to‘g‘risida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni” tasdiqlangan.

Ushbu hujjatga ko‘ra, «Enter engineering» kompaniyasi tomonidan jalb qilinadigan mablag‘lar hisobiga Buxoro shahrining 32,6 gektar yer maydonida «Turizm shaharchasi» ni bunyod etish, shu hududda joylashgan 29 ta davlat tashkiloti va muassasalari hamda xususiy mulkdorlarga tegishli bino va inshootlarni boshqa hududga belgilangan tartibda ko‘chirish takliflari ma’qullangan. Bular orasida Buxoro stadioni ham bor.

Avvalroq, Buxoro markaziy stadioni buzilishidan norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezidentga murojaat qilgan bir qator sportchi va murabbiylar haqida xabar bergan edik. Botir Zaripov fuqarolarning bu boradagi xavotirlari haqida, jumladan, shunday dedi:

“– Stadion borasida munosabat bildirgan fuqarolarimizga rahmat, deyman, bu bilan befarq emasliklarini bildirishdi. Faqat fikr bildirishda, bir-birimizni hurmat qilaylik. Agar loyiha tasdiqlanib, sharif shahrimiz infratuzilmasini yangilash amallari boshlansa, hokim sifatida, va’da beraman, investor yangi stadion qurib bergandan keyingina Buxoro stadionini buzish boshlanadi”, – dedi viloyat hokimi Botir Zaripov.

Shundan so‘ng so‘z olgan O’zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri Botir Zokirov YUNESKO ruxsatisiz Buxoro shahrining tarixiy markazi (eski shahar – tahririyat izohi) ga tutash mazkur hududda bitta ham mix qoqilmasligini aytdi. Bundan tashqari u agar loyiha tasdiqlansa, mazkur qurilish YUNESKO bilan birgalikda amalga oshirilishi va bu uchun 1 yilgacha vaqt kerakligini ham ta’kidlab o‘tdi. Ayni damda esa qurilish maydonidagi barcha binolar inventarizatsiya qilinayotgani, lotda qatnashadigan tadbirkorlar buzish-qurishlar uchun o‘zlari pul to‘lashini ma’lum qildi.

“– Hozirda xatlov ishlari olib borilmoqda. U yerda qancha bino bor, kimga tegishli ekani haqida ma’lumot yig‘ilyapti. Agar markaz o‘rnida joylashgan bino va inshootlar buziladigan yoki boshqa joyga ko‘chiriladigan bo‘lsa, loyiha tanlovida yutgan tadbirkorlik subyekti tomonidan o‘rniga-o‘rin qurib beriladi yoki o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya to‘lab beriladi. Loyiha va qurilish ishlarining o‘ziga kamida 2 yil vaqt ketadi”, – dedi vazir Botir Zokirov.

Tadbirning ikkinchi qismida jurnalist va blogerlarga so‘z berildi. Ular mas’ullarga obunachilari tomonidan yo‘llangan savollarni birin-ketin berishdi.

Hokim birinchi bo‘lib savol berishni Buxorodagi birinchi ochilgan nodavlat internet OAV – BukharaNews.uz rahbari Sherzod Kamalovga berdi. Shundan so‘ng kuzatuvchilari asosan, rus auditoriyasini tashkil qiluvchi “Bukhara Info!” Telegram-kanali vakili Ruslan Zaripov, buxoroliklarning aksariyat qismi diqqat bilan kuzatib boradigan va aholining muammolari yoritiladigan “Potrebitel Buxara plyus” administratori Yevgeniy Bondar, Kun.uz muxbiri Madina Ochilova, Xabar.uz jurnalisti hamda “Buxoro yoshlari” gazetasi bosh muharriri Laylo Hayitovalar o‘z savollariga javob olishdi.

Berilgan javoblardan ma‘lum bo‘lishicha, shaharchani qurish mutlaq “Enter Engineering” kompaniyasiga topshirilgan. Vazir buning sababiga izoh berar ekan, mazkur kompaniya Samarqanddagi turizm markazi va Imom al-Buxoriy majmuasi qurilishlarida “o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan” ini ta’kidladi, viloyat hokimi esa Buxorodagi qurilishlarning deyarli barchasida nuqsonlar aniqlangani, shuning uchun keng ko‘lamli qurilishlarda katta tajriba to‘plagan mazkur tashkilotga ishonib topshirilgani haqida gapirdi.

Alohida qayd etish kerakki, konferens zalda yig‘ilgan aholi vakillari ham jurnalist-blogerlar bilan oldinma-keyin mavzu doirasida, ba‘zan esa undan chetga chiqib, hissiyotlarga berilib, savollar berishdi.

Uchrashuv yakunida viloyat hokimi Buxoro shahri taqdiriga befarq bo‘lmay, o‘z pozitsiyalarini ayta olgan va bu yerga tashrif buyurgan barchaga minnatdorlik bildirib, zaldagi mustaqil bloger va jurnalistlar bilan imkon qadar haftasiga 1 marotaba ochiq muloqot tashkil etish tarafdori ekanligini bildiridi.

Oxirgi ma’lumotlar hamda ushbu matbuot anjumani yakuni doirasida shu narsa aniq bo‘ldiki, keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilgan “Buxoro turizm markazi” loyihasi faqatgina dastlabki bosqichda tayyorlanmoqda.

Mazkur loyiha bo‘yicha keng jamoatchilik va fuqarolar fikri inobatga olinib, boshqa maqbul yer maydonlari tanlanadi, stadion ham buzilmaydi. Shuningdek, YUNESKO umumjahon markazining tegishli xulosasi olingan holda, yakuniy qaror qabul qilinadi va shundan so‘ng qurilish ishlari boshlanadi.

Muallif: Sanjar Nazarov, Buxoroisharif.uz internet OAV bosh muharriri va asoschisi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.