Mashhurlar

“Kafanligimni chimildig‘imga ishlatishgan”. “Charxpalak”dagi Hasan — Bahodir Murodov haqida

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Charxpalak” seriali orqali tanilgan aktyor Bahodir Murodov bolaligida og‘ir kasallikka chalingani, shifokorlar unga uch kunlik umri qolganini aytgani va o‘limiga atalgan kafanlik matosi keyinchalik to‘yida ishlatilgani haqida gapirdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“‘Charxpalak’dagi Hasan menligimga ishonishmaydi”

— Ko‘p suhbatlar chog‘ida “Charxpalak”dan so‘z ochsam, “to‘xtang, u serialda kimning rolini ijro qilgansiz”, deb so‘rab qolishadi. Egizaklarning kattasi Hasan men ekanimni aytsam, ishonishmaydi.

“Sabr-qanoatni ota-onamizdan o‘rganishimiz kerak ekan”

— Ota-onamiz qanchalik sabr-toqatli, idrokli bo‘lishgan. Biz ham shuni takrorlashimiz kerak. Masalan, otam rahmatlini oladigan bo‘lsam, tirik yetimlikda katta bo‘lgan. Olti yoshlarida otasini ko‘rgan. Bu alohida bir tarix. Otam bobomning “quloq” degan tamg‘adan qutqarish uchun olti yoshidan boshlab kolxozda ishlashni boshlagan. Otam olamdan o‘tganda suyangan, ishongan tog‘imni yo‘qotganman. Yetti aka-ukaning ichida faqat men otam bilan ochiq-oydin gaplashardim. Bir birimizga suyanib qolgan edik. Aka-ukalarimga qattiqroq gapirsa, akalarim xafa bo‘lib qolishardi, men esa kulardim. “Ha, artist nega kulyapsan?”, derdi. O‘shanda “ota, siz meni so‘kmayapsiz, aksincha yaxshi inson bolishimga sabab bo‘lyapsiz”, derdim.

“Bolaligimda uch kunlik umrim qolganini aytishgan”

— 8—9-sinf paytim qattiq kasal bo‘lib, bir yarim yil bir joyda yotib qolganman. Olti marotaba kasalxonaga olib borishganda ham tashxis qo‘yisholmagan. Qop-qorong‘i xonada bir o‘zim yotaman. Oldimga faqat kichik ukam, otam, onam kirib turardi. Kasallik yuqadi, deb o‘ylab, boshqa hech kimni kiritishmasdi. Aslida kasalim yuqumli emas ekan.

Revolyutsiyadan avval tarqalgan “Ko‘galadi” degan kasallik bilan og‘rigan ekanman. Kasalni noto‘g‘ri davolashlari oqibatida buyraklarim ishlamay qolgan. Bir tog‘am bosh shifokor edi. Bir kuni otam va tog‘am uyning dahlizida turib gaplashishdi. Qorong‘ida yotavergandan keyin odam hamma narsani eshitadigan, sezadigan bo‘lib qolarkan.

Tog‘am otamga “aka, tayyorgarligingizni ko‘ring, uzog‘i uch kunda ko‘z yumadi” degan. Bu gaplarni eshitish otaga qanchalik og‘ir. O‘shanda qorong‘i xonada yotib, birinchi marta otamning ko‘zida yosh ko‘rganman.

Men bor xonaga kirdi-da, so‘z topolmay, qo‘lini uzatib “O‘g‘lim, yashayman, deb so‘z ber”, dedi. Keyin kichkina, uch yashar ukam kirdi yonimga. So‘ng “aka, senga kiyim tikish uchun ko‘p mato olib kelishdi”, dedi. Qanaqa matoligini so‘rasam, “oq”, dedi.

“Olti oydan so‘ng oyoqqa turdim”

— Boshqa bir tabibdan davo topdim. Allohning mo‘jizasi bilan o‘ladigan o‘spirin yigit birinchi marta ko‘cha hovliga chiqdim. Oradan bir yarim yil o‘tib, o‘z xohishim bilan do‘stlarim yordamida shifokorlarni amallab aldab bo‘lsa ham armiyaga ketdim. Chunki u paytlarda harbiy xizmatga bormaganlarga qiz berishmasdi.

“Kafanligimni to‘yimga ishlatishgan”

— Ikki yildan keyin xizmatdan qaytganimda men bilan birga o‘qigan sinfdoshlarim, hech kim, hatto uydagilarim ham meni tanimadi. Chunki juda ham o‘zgarib, sog‘lom bo‘lib ketgandim. Uylandim, qishloqda juda katta to‘y bo‘ldi. Otam rahmatli, onam xursand bo‘lishdi. Oldinlari do‘stlarimning to‘yida ko‘rganman-u, lekin hech ahamiyat bermagan ekanmanmi, chimildiq kattaga o‘xshadi. Onamdan buning nimaligini so‘raganimda ular “bu sening kafanliging edi. Shuni mana chimildiqqa ishlatdim”, dedi.

“Birinchi kasbim traktorchilik”

— Maktabni bitirayotganda traktor kursini ham o‘qib tugatganman. Otam ham traktorchi bo‘lgan. Biz farzandlar ham hammamiz otamizning sohasini bitirganmiz. Undan keyin har kim o‘z sohasidan kimdir pedagog, yana kimdir harbiy pedagog, men aktyorlikdan ketdik. Erkak kishiga 40 hunar ham oz degani to‘g‘ri. Uyda suv quvuri yoki elektrda nosozlik bo‘ladigan bo‘lsa, mutaxassisga hojat yo‘q. Tuzatish ishlari o‘zimizdan ortmaydi.

“Shotokan karate sportida qora belbog‘im bo‘lgan”

— Inson go‘yo to‘ldirilmagan qop ekan. Hayotingiz davomida o‘rganganlaringiz bilan qopingiz to‘lib boraverar va keyinchalik ham yo‘qolib ketmas ekan. Sportning shotokan karate turi bilan shug‘ullanib, qora belbog‘ sohibi bo‘lganman. Yillar o‘tsa ham undagi ko‘nikmalarim saqlanib qolgan.

“Boylarga qo‘riqchi bo‘lganman: jismoniy holatimdan foydalanishgan”

— Yaxshi yo‘lda ham yomonida ham yurib ko‘rdim. Balki shunday qilsam yaxshi bo‘lib ketarman, anavi yaxshi bo‘ldi-ku, deb ba’zi birovlarga ergashgan paytim bo‘ldi. Qolaversa, jismoniy holatimdan kelib chiqib, katta boylar mendan foydalanishga, yonida olib yurishga harakat qildi. Tirikchilikning aybi yo‘q deydi, hatto shaxsiy qo‘riqchi va qorovullik ham qildim. Shukr, mehnatimni halollab rizq topdim. Lekin talabalik vaqtimda bir muddat yomon yigitlarga ham qo‘shilib qolgandim. Chunki u paytda to‘daga kirsam, bemalol chiqib keta olganim bilan sodda bo‘lganman. “Sen zo‘rsan”, deyishsa, shunga ishonganman. Ular shundan foydalanishgan.

https://youtube.com/watch?v=XmBmYIeZsz8
https://youtube.com/watch?v=XmBmYIeZsz8

“O‘tgan hayotimdan afsuslanmayman”

— O‘tgan hayotimda qilgan xatolarimdan afsuslanmayman. Chunki bulardan afsuslanganim bilan hech kim meni kechirib qo‘ymaydi. Afsuslarimni Allohga aytib, Undan kechirim so‘rayman.

“Baxtning qiyofalari ko‘p”

— Baxtning turi, darajasi, ko‘rinishi juda ko‘p. Bu juda keng tushuncha. Kimdir erishgan yutug‘ini ham baxt deb biladi. Yana kimdir sevgan insoniga erishsa, baxtliman, deydi.

Men uchun baxt farzandlarimni baxtiyor ko‘rish, nabiralarimning diydoriga to‘yish va yaqinlarimning yutug‘ini ko‘rishda. Yaxshi ko‘rgan insonimning sog‘-salomatligi ham bir baxt. Baxtning shunday qofiya-qiyofalari ko‘p.

Ma’lumot uchun, “Charxpalak” seriali 1997—2000-yillar davomida Sharof Boshbekov ssenariysi asosida rejissyor Shavkat Junaydullayev tomonidan suratga olingan. Unda Hasan rolini ijro etgan aktyor Bahodir Murodov keyinchalik bir qator film va seriallarda ham turli xarakterli rollarni yaratgan. Xususan, “Ajal jodusi”, “Majruh 2” filmlari, “Olovli yurak” seriali shular jumlasidan. 

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.