Mashhurlar

Farzandli bo‘lish uchun ko‘plab mashaqqatlarni yengib o‘tgan o‘zbek san’ati vakillari

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Farzand oilaning quvonchi va uning mustahkamligini ta’minlovchi rishta hisoblanadi. Uning naqadar ulkan baxt ekanligini farzandli bo‘lishni uzoq yil kutgan insondan yaxshiroq his qiladigani bo‘lmasa kerak. Quyida Daryo ota-onalik maqomiga erishishni uzoq yillar kutgan o‘zbek shou-biznesi vakillari haqida so‘z yuritgan.

Umid Iskandarov ilk marta 43 yoshida ota bo‘ldi

Umid Iskandarov birinchi ayoli Renata Iskandarova bilan besh yil farzandsizlik bilan sinalgan. Shu sabab mazkur juftlik 2015-yilda ajralishgan. Aktyor 2023-yilda ikkinchi bor oila qurdi va 2024-yil 43 yoshida ilk marta otalik baxtiga erishdi.

— Birinchi turmush o‘rtog‘im bilan farzandsizlik tufayli ajrashganman. Bundan uch yil avval yana uylandim. Endi farzandim bor va yana farzand kutyapmiz. Bugungi kunda baxtiyor insonlardan biriman. Tajribamda farzandsizlik tufayli o‘tgan qiyin kunlar ham bo‘ldi. Boshida bo‘lib qoladi, degan gap bilan ikki-uch yilni o‘tkazdik. Beshinchi yildan boshlab bunga muammo sifatida qaray boshladik. Chunki endi yurish-turish ham o‘zgarib, hamma narsa boshqacha eshitila boshlangandi. Bu esa orada tushunmovchiliklarni keltirib chiqardi.

Oqibatda er-xotin bir-birimiz bilan ko‘p janjallashdik. Janjallashmasdan aqlli yo‘l tutganimizda ham bir-birimizdan arazlashdik. Ayol kishi nozik bo‘lgani uchun atrofdagi gap-so‘zlar sabab kechalari yig‘lardi. U vaqtlar tibbiyot ham bugungichalik rivojlanmagandi. Buyog‘i nasiba degan narsa ham bor, deydi aktyor.

Samandar Hamroqulov farzandli bo‘lishini 16 yil kutdi

— 16 yil farzand kutdik. Shu yillar davomida qancha shifokorga bordik, dorilar ichdik. Doktorga qatnayverib, Turkiya ham, boshqa joy ham qolmadi. Oxiri o‘zimga ham, ayolimga ham achinib ketdim, deydi u. 

Samandar Hamroqulov 2023-yilda ilk marta otalik maqomiga erishdi. Intervyularning birida xonanda uzoq kutilgan farzandiga Maryam deb ism qo‘yganini aytgandi.

— 15 yil avval ham ayolim homilador bo‘lgan. Ammo homila rivojlanmay nobud bo‘lgandi. Shu bois bu gal yangilikni hech qayerda ovoza qilishni istamadim. Ko‘z, nazar degan narsa bor. Homila rivojlanmay nobud bo‘lib qolgan paytda ham ichimdan “ertaroq xursand bo‘lib qo‘ydimmikan”, degan o‘y o‘tgan. “Yangilik bormi?”, deb so‘ragan tanishlarga xursand bo‘lib, “Ha, mana buncha haftalik bo‘ldi, bunchalik bo‘ldi”, deb aytganman. Shuning uchun ko‘z tegdimikan, deb o‘ylab qolganman. Shu sababli bu safar farzandli bo‘lish xabarini eshitganimda, hech kimga aytishni istamadim. Ayolim bilan bir necha bor farzand asrab olish haqida o‘ylaganmiz. Ammo uning ham oziga yarasha shar’iy qonun-qoidalari bor ekan. Shukrki yaratgan bizni 16 yil deganda farzand bilan siyladi. Unga Maryam deb ism qo‘ydik, deydi Samandar Hamroqulov.

Xonandalar Layli va Majnun 6 yilda egizaklarning ota-onasi bo‘lishdi.

Layli va Majnun taxallusi ostida ijod qiluvchi xonandalar, Valijon Shamsiyevning qizi va kuyovi ham oila qurganidan so‘ng olti yil davomida farzandsizlik sabab odamlarning har xil gap-so‘zlariga chidashga majbur bo‘lishgan. 

— Odamlarning “qachon farzandli bo‘lasizlar”, degan gaplari bizga azob berardi. Farzandli bo‘lishimizdan avval hattoki Instagram izohlarida “sizlar farzandli bo‘lolmaysizlar”, deb ham yozishgan. Lekin bu gaplarga parvo qilmaslikka harakat qilganmiz, degan edi xonanda Majnun OAVga bergan intervyulardan birida. 

Juftlik 2025-yilning boshida egizak farzandlarning ota-onasi bo‘lishdi. Farzandlarga Umar va Rayyona deb ism qo‘yishgan. 

Malika Rahimova 5 yil deganda egizaklarning onasi bo‘ldi

Aktrisa Malika Rahimova intervyularida turmushga chiqqanidan so‘ng besh yil davomida farzandli bo‘lolmagani haqida so‘zlab bergan.

— Farzandli bo‘lishimizdan oldin xo‘jayinim bilan EKU qildirmoqchi bo‘lganmiz. To‘lovlarini ham qilmoqchi bo‘lgan jarayonlarda homilador ekanligim ma’lum bo‘lgan. Shifokor qabuliga borishimiz kerak bo‘lganda, bora olmaganmiz. O‘zlari qo‘ng‘iroq qilib chaqirishgan. EKU markazga borguncha test qilib ko‘rdim. Natijasini ko‘rib xursand bo‘lsam, turmush o‘rtog‘im “Hali xulosa qilishga shoshilma, yolg‘on bo‘lishi ham mumkin” degandilar. Ertasi kuni tahlillar topshirganimdan so‘ng javobi aniq bo‘lgan. UTT tekshiruvidan keyin turmush o‘rtog‘im hayajonlanganlaridan mashina boshqarolmaganlari uchun uyga taksida qaytganmiz. Hozir ana shu quvonchlarim ikki yoshdan oshdi, deydi u.

Ali Otajonov: “Farzandli bo‘lmasligiga ko‘ngan odamga ota bo‘lishini eshitish boshqacha baxt ekan”

Xonanda va aktyor Ali Otajonov og‘ir kasallikni yengib o‘tganidan so‘ng bir muddat farzandsizlik bilan sinalgani haqida gapirib bergan edi.

— 2014-yilda hayot menga katta sinov berdi. O‘shanda romantik Ali Otajonov realist Ali Otajonovga aylanib qoldi. Saraton kasaliga chalindim: Germaniyaga bordim, muolajalar oldim, davolandim, Allohga shukur. Bundan keyin esa farzand ko‘rishim juda qiyin bo‘ldi. 5 yil befarzand bo‘ldik, shu yillar ichida 4 marta EKU qildirdik. Hattoki, yaqinlarimiz “Ajrasha qolinglar” degan paytlar ham bo‘ldi. Oxirgi marta EKU qildirishga Turkiyaga ketayotganimizda “Bersa baxtimiz, bermasa sinovimiz, lekin ajrashish yo‘q”, degan qarorga keldik.

O‘shanda menda umid yo‘q edi, lekin ayolim farzandli bo‘lishimizga juda qattiq ishonardi. Shu orada buvam, buvim vafot etdi. Bu yoqda befarzandlik. Men har tomonlama sinib bo‘lgan edim. Xullas shunday kunlardan birida ayolim farzandli bo‘lishimizni aytib qoldi. Endi u onlarning naqadar katta baxt ekanligini sizga tasvirlab bera olmayman. Farzandli bo‘lmasligiga ko‘ngan odamga “ota bo‘lasiz” deyishsa, bu juda ham boshqacha tuyg‘u. Men bu gaplarim bilan hammaga noumid bo‘lmaslik kerakligini aytmoqchiman. Hozirda qiz farzandim bor — ismi Maryam. Dunyo bir taraf, qizim bir taraf.

Avaz Oxun 7 yilda farzandli bo‘lgan 

Qiziqchi Avaz Oxun birinchi farzandi dunyoga kelganidan so‘ng 7 yilgacha boshqa farzandli bo‘lolmagan.

— Birinchi qizim yetti yoshga kirguncha keyingi farzandim bo‘lmadi. Xudoga shukr, undan so‘ng ketma-ket uchta farzandim tug‘ildi. Yetti yilda bitta farzandim tug‘ilgan bo‘lsa, uchta farzandim to‘rt yilda dunyoga keldi, deydi qiziqchi.

Roppa-rosa 7 yildan so‘ng u o‘g‘il farzandli bo‘lgan va unga Abdulloh deb ism qo‘ygan. Undan keyin so‘z ustasi egizak qizlarning otasi bo‘lgan.

Umida Norboyeva: “12 yilda egizak farzandli bo‘ldim”

“Iskanja” va “Dengiz guli” seriallaridagi ishtiroki bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Umida Norboyeva ham 12 yil deganda onalik baxtiga musharraf bo‘lgan.

— Kimdir befarzand ekanligimni biladi, kimlardir yo‘q. Ammo men homilador bo‘lishni 12 yil kutdim. “Qachon homilador bo‘lar ekanman? Bu baxt menga nasib etadimi?” deb ko‘p o‘ylardim. Shukrki, 12 yilda bo‘lsa-da, bu baxt nasib etdi. Egizak qiz farzandli bo‘ldim, deydi aktrisa Umida Norboyeva.

Nargiz Yandasheva: “Uzoq yil farzandsizlikdan qiynaldim”

Xonanda Nargiz Yandasheva ham 12 yil deganda farzandli bo‘lgan. U farzandli bo‘lishdan butkul umidini uzgani va ba’zi hamkasblaridan ranjigan kunlarni quyidagicha eslaydi.

— Ona bo‘lgach, eski xotiralarning barini unutib yubordim. Ammo farzandsizlikdan qiynalayotgan ayollarga umid berish uchun ularni eslab turaman. 12 yil davomida homilador bo‘lishga harakat qilganman. Ko‘rinmagan shifokorim, tabibim qolmagan. Hatto o‘zbek shifokorlariga ishonmay ham qo‘ygandim. Ba’zi hamkasblarimning “Voy, hali ham tug‘madingizmi?”, “Bolangiz yo‘q-ku, bizdan keyin sahnaga chiqsangiz ham bo‘ladi?” kabi gap-so‘zlari yuragimga xanjardek sanchilardi. Turmush o‘rtog‘imga ajrashishni yoki boshqa ayolga uylanishni ham taklif qilganman. Homilador ekanligimni eshitganimda hayotim tubdan o‘zgarib ketdi. Farzand haqiqatan ham oilaga baraka, fayz va mehr olib kirarkan, deydi xonanda Nargiz.

Feruza Sobitova ona bo‘lishni 9 yil kutgan 

Kino va teatr aktrisasi Feruza Sobitova 9 yil farzandsizlik azobini boshidan kechirgan. Aktrisa birinchi turmushidan ajrashishiga ham farzand ko‘rolmagani sabab bo‘lganini aytgan.

— O‘g‘lim Imronni 38 yoshimda dunyoga keltirganman. To‘qqiz yil farzandsizlik azobini chekkanman. “Opa-singillar” serialining tug‘ruqxonada tasvirga olinadigan sahnasida rejissyor Zamira Begimqulova “Feruza, bu yer chillaxona, yaxshi niyatlar qilavering. Xudo yetkazadi”, deb ko‘p aytgandi. Qo‘limga chaqaloqlarni olib, menga ham bir kuni o‘z bolamni bag‘rimga bosish nasib etsin, deb niyat qilgandim. Ming bor shukr, Alloh nolalarimni eshitib, 2013-yil o‘g‘il farzand ato etdi.

Yashirmayman, birinchi turmushimning buzilishiga qaysidir ma’noda farzand ko‘rmaganim sabab bo‘lgan. Sobiq turmush o‘rtog‘im tadbirkor inson edi. U yaxshi inson bo‘lgani uchun dadam rahmatli u bilan ajrashishimni istamagandi. Ajrashayotgan vaqtimda ham “Iltimos, ajrashma”, degan. Men esa “Yo‘q, dada, men yashay olmayman, turmush qurishimni istadingiz, mana turmush qurdim. U inson meni xohlamayotgan bo‘lsa, qanday qilib yashayman, o‘zimni past pog‘onada his qilishni istamayman”, deganman. Shukrki, yana oila qurdim va o‘g‘lim Imronbek dunyoga keldi, deydi aktrisa Feruza Sobitova.

Nargiza Sharmetova (Ro‘ziboyeva): “Farzandli bo‘lishni 4 yil kutdim”

“Opa-singillar” serialidagi Nasiba obrazi bilan yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Nargiza Sharmetova ham oila qurgach 4 yil davomida farzand kutib yashaganini aytgan edi. 

— Men ham barcha kelinlar singari qaynona va qaynotamning xizmatida bo‘lishga harakat qildim. Keyin hayotimda o‘ziga yarasha sinovli kunlar ham bo‘ldi. Farzandli bo‘lishni to‘rt yil davomida orziqib kutdim. Bularning bari istaymizmi-yo‘qmi inson ruhiyatiga ta’sir etar ekan, degan edi aktrisa avvalgi intervyularida. 

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.