Mashhurlar

“Qo‘shiq aytib turganimda, piyolasidagi ichimlikni yuzimga sepib yuborgan” — Azim Mullaxonov

photo 1346
Foto: Instagram (@azim_mullakhanov_)

Loading

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonov 17-fevral kuni muborak 63 yoshni qarshiladi. Samimiy va kamtarin ijodkorning hayot yo‘li ijodidan sokin kechmagan. “Daryo” muxbiri Nariza Murodova O‘zbekiston va Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonovning ko‘pchilikka nomaʼlum hayot va ijod yo‘li haqida maʼlumotlar to‘plashga qaror qildi.

Bolakay Azimjonning kun kelib mashhur sanʼatkor bo‘lib ketishi bolaligidan maʼlum edi. U tabiatan sho‘x va o‘yinqaroq bo‘lsa-da, musiqani yaxshi tushunardi. Hali musiqiy taʼlimni olmay turib ham bir nechta musiqa asboblarni chalishni uddalay olardi. Shu bois ham 15 yoshida uni “Muqimiy” teatriga ovoz muhandisi sifatida ishga qabul qilishgan. Undan so‘ng O‘zbekision xalq artisti Nabi Xalilov dirijorligidagi orkestga gitarachi sifatida ishga olishgan. Oradan ko‘p o‘tmay nafaqat sozandalikka, balki xonandalikka ham qiziqishi ortdi. 1990-yili o‘tkazilgan “Botir Zokirov” nomidagi tanlovda oliy o‘rinni qo‘lga kiritgach, qo‘shiqchilikka bo‘lgan eʼtiborini yana-da kuchaytirdi.

— Dadam Azizbek Mullaxonov nay chalib, Maʼmurjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov bilan birga ijod qilardi. Onam O‘zbekiston xalq artisti Farog‘at Rahmatova esa ijodiy safarlarga hamisha meni o‘zi bilan olib ketardi. Sanʼatkorlarning bari oila aʼzoyimdek bo‘lib ketgandi, — deydi Azim Mullaxonov.

Azim Mullaxonov bolaligidan sho‘x va janjalkash bo‘lgani va onasi uni aktyor bo‘lishga jiddiy harakat qilgani haqida ham aytib o‘tgan.

— Hozir ko‘pchilik meni og‘ir-vazmin deb biladi. Ammo bolaligimda buning aksi bo‘lganman. Janjalkash va nihoyatda sho‘x bola bo‘lganman. Maktabda biror janjal chiqsa ustozlar “Azimjon emasmi? U boshladimi?” deyishardi. Ammo yosh ulg‘aygandan keyin feʼl-atvor ham o‘zgarar ekan. Xonanda bo‘lib, to‘y-xizmatlariga chiqishni boshlagandan keyin feʼl-atvorim ham o‘zgardi.

Onam rahmatli 90 yoshda olamdan o‘tdi. Keksaygan chog‘ida ham tetik, dadil ayol edi. 50 yoshida ham turmushga chiqmagan qizlar rolini maromiga yetkazib ijro etardi. Hozir kimdir yoshimni so‘rasa, javobimdan keyin “60 dan oshdingizmi?” deb hayron bo‘lishadi. Ko‘pchilik meni yosh deb bilar ekan. Yosh ko‘rinish qonimizda bordir, — deydi Azim Mullaxonov.

Azim Mullaxonov “Daryo” ning YouTube dagi kanaliga bergan intervyusida mustaqillikdan avvalgi yillarda san’atkorlarga qiyin bo‘lgani va to‘ylardagi janjallar haqida so‘zlab bergan.

— Haqiqatan ham 1980—1990-yillar san’atkorlar uchun juda qiyin kechgan. O‘sha davrda ijod qilgan san’at vakillari bu kunlarni yaxshi eslashadi. Odamlar qonun-qoidalarga bo‘ysunishmasdi, ba’zi insonlar uchun san’atkorni urish faxr edi. Qo‘shiq aytib turganimda piyolasidagi ichimlikni yuzimga sepib yuborgan yoki atayin janjal chiqargan paytlari juda ko‘p bo‘lgan. Xalq tilida aytganda o‘sha paytlarda “ko‘cha odamlari” ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun san’atkorlar sahnaga chiqqanda gapini o‘ylab gapirardi. Gazeta va radiolarga intervyu berganda ham san’atkorlar vazminlik bilan o‘ylab javob berardi.

“Bir kuni rahmatli Muhriddin Xoliqovga viloyatdan to‘y olganim haqida aytib qoldim. “Voy ahmoq, o‘sha yerga to‘yga borasanmi? Sen u yerdan tirik qaytmaysan”, dedi. Nega bunday deyotganiga qiziqdim. “Falonchiga to‘yda pistolet tirashgan, boshqa san’atkorni esa stolning tepasiga chiqib, qo‘shiq kuylashga majburlashgan”, deb bir nechta holatlarni sanab ketdi. Lafz qilganman, deb to‘yga bordim. Muhriddin rahmatli tasvirlaganidek ko‘chada to‘s-to‘polonli to‘y bo‘ldi. Baxtimga, to‘y egasining onaxoni ijodimni yoqtirib qoldi. Shuning uchun to‘y davomida men va jamoam bilan bog‘liq muammo bo‘lmadi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay yana bir viloyatga to‘yga taklif qilishdi. U yer ham to‘ydagi to‘polonlari bilan mashhur edi. Avvaliga paysalga solib, to‘yni rad qilmoqchi bo‘ldim. Ammo to‘y egasi qattiq iltimos qilganidan keyin yo‘q deyolmadim.

To‘y egasi ham meni tushunib, to‘yni kunduz kuni o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Viloyatga borganmiz, aksiga olib, sozandalarning musiqiy asboblari boshqa mashinada qolib ketibdi. To‘y egasi “Aka, uzr endi, to‘y kechga bo‘ladi”, dedi. Bu orada mahalliy sozandalar bilan bog‘lanib, musiqiy asboblarni topdik va kechki xizmatni boshladik.

Sozandalarim “Aka, kunduzi shuncha to‘polon bo‘ldi, kechga nima bo‘larkan-a?” dedi. Nima bo‘lsa peshanadan deb, xizmatni boshladik. Ammo odamning o‘ziga ham ko‘p narsa bog‘liq. Qo‘lni ko‘ksiga qo‘yib, xalqqa kibr qilmay xizmat qilsa, hech qanday muammo chiqmasligiga amin bo‘lganman. Hozirgi san’atkorlarga oson, sababi 90-yillardagi to‘ylar kechki 5 da boshlanib, tonggi 6 gacha davom etardi”, — deydi Azim Mullaxonov.

Azim Mullaxonov “Daryo” internet nashrining YouTube kanaliga bergan intervyusida mashhur “Shaytanat” qo‘shig‘ining yaratilish jarayoni qanday kechgani va qo‘shiqni ijro etishga talabgor bo‘lgan hamkasblari haqida so‘zlab bergan.

— Yodgor Sa’diyev “Shaytanat” qo‘shig‘ining she’rini berib, “Beshta xonandaga berdim, agar kimning ijrosi yaxshi chiqsa, saundtrek qilib o‘shani olaman”, degan. Bu gapdan keyin umidimni ham uzgandim. Beshta xonandaning ichida aniq kimdir zo‘r aytadi, deb bee’tibor bo‘lganman. Ammo Yodgor aka qo‘ng‘iroq qilib, qo‘shiqni so‘ragan. “Beshta xonandaga bergan bo‘lsangiz, men nima qildim aytib”, desam “Ularni qo‘yaver, meni sening ijroing qiziqtiryapti”, degandi. Uning qistovi bilan o‘sha kuniyoq qo‘shiq ustida ishlashni boshlaganman. Bu qo‘shiq ijodimdagi eng qisqa vaqt ichida yaratilgan qo‘shiq bo‘lgan. “Shaytanat” qo‘shig‘i 3 kunda tayyor bo‘lgan, — deydi xonanda Azim Mullaxonov.

Tabiatan injiq va o‘ta talabchan bo‘lgan ijodkor Yodgor Sa’diyev “Shaytanat” serialining saundtrekini nega aynan Azim Mullaxonov ijro etishini istagan?

— Yodgor aka haqiqatan ham talabchan ijodkor. Bu inson meni yoshligimdan taniydi. Chunki rahmatli akam va O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Rasulov bilan yaqin do‘st bo‘lishgan. Ulg‘ayib, katta sahnaga chiqqanimdan keyin bir nechta ijodiy safarlarga birga boradigan bo‘lib qoldik. Sahnada qo‘shiq atayotganimda meni kuzatib o‘tirgan ekan. Yodgor aka “Yaqinda ‘Shaytanat’ nomli serial olyapman, kitobini o‘qiganmisan?” deb so‘rab qoldi. O‘sha paytda bu kitob haqida eshitmagan edim. “Albatta kitobini o‘qigin, qo‘shiqlarini sen aytasan. Bitta rol ham bor”, dedi. Menimcha, o‘shanda Elchin rolini nazarda tutganmi, deb o‘ylab qolaman. Ish ko‘payib, ancha vaqt ko‘rishmadik. Oradan ikki yil o‘tganidan keyin ko‘rishib qolganimizda “Senga qo‘shiq haqida aytgandim, u ijro etiladigan sahnalar yaqinlashib qoldi”, deganidan keyin harakatni boshlaganman. Bilishimcha, Yodgor aka qo‘shiqni Ravshan Komilov va Ahror Usmonovga ham bergan ekan. Ammo omad kulib, uni ijro etish menga nasib etdi, — deydi xonanda Azim Mullaxonov.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.