Buxoro yangiliklari

Alisher Navoiy nomidagi akademik opera va balet teatri Buxoroga tashrif buyurdi

picture 13

Loading

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2-fevraldagi 112-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi akademik opera va balet teatri katta konsert dasturi bilan Buxoroga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda viloyat madaniyat boshqarmasi matbuot xizmati.

Teatr jamoasi yigʻilgan muxlislar qalbida oʻz sanʼati bilan oʻchmas iz qoldirdi, jahon va oʻzbek sanʼatida yuqori baholangan taronalar toʻxtovsiz qarsaklar sadosi bilan hamohanglik kasb etdi.

Wikipediya malumotlariga asosan, Alisher Navoiy nomidagi akademik opera va balet teatri (Navoiy teatri) — opera va balet sanʼati sohasidagi Oʻzbekistonning asosiy teatri. Uning tashkil topishi Muhiddin Qoriyoqubovning Oʻzbek davlat konsertetnografik ansambli bilan bogʻliq.

Mazkur ansambl 1929-yil Qoriyoqubov va Tamaraxonim saʼy-harakati bilan Oʻzbek davlat musiqali teatriga aylantirilgan. “Halima”, “Farhod va Shirin” spektakllari xalq cholgʻulari jo‘rligida ijro etilgan. 30-yillarda “Ichkarida”, “Layli va Majnun”, “Poʻrtana” spektakllarida xalq cholgʻu asboblariga simfonik orkestr sozlari qoʻshilib, oʻzbek operasining yaratilishiga zamin tayyorlangan.

Qozogʻistonlik kompozitor Y. Brusilovskiyning «ErTargʻin» (1937) va Ozarbayjon kompozitori M. Magomayevning “Nargiz” (1938) operalarining sahnalashtirilishi ham truppani opera sanʼatini oʻzlashtirishida muhim rol oʻynadi. 1939-yil 11-iyunda birinchi oʻzbek operasi “Boʻron” (S. Vasilenko va M. Ashrafiy musiqasi, K. Yashin librettosi) namoyish qilindi. 1939-yil 20-iyunda teatr Oʻzbek davlat opera va balet teatriga aylantirildi. Teatr jamoasi “Boʻron” da erishgan yutugʻini R. Glier va T. Sodiqovning “Layli va Majnun” operasi bilan mustahkamladi. 1941-yil Fargʻona kanali quruvchilariga bagʻishlangan “Ulugʻ kanal” (S. Vasilenko va M. Ashrafiy ) operasi (1940) sahnalashtirildi. “Ulugʻbek” (A. Kozlovskiy), “Mahmud Torobiy” (O. Chishko) operalari urush yillari yaratildi.

Opera bilan bir qatorda teatrda oʻzbek baleti ham yetilib bordi. 1933-yilda “Paxta” (N. Roslavets) baleti sahnalashtirildi, biroq muvaffaqiyatsiz chiqdi. Dastlabki muvaffaqiyat F. Talning “Shohida” (1939) baletidan boshlandi. Uni A. Tomskiy, M. Turgʻunboyeva va Olim Komilovlar sahnalashtirdilar. Keyinchalik “Gulandom” (Y. Brusilovskiy), “Oq bilak” (S. Vasilenko) baletlari qoʻyildi. Jahon mumtoz repertuaridan “Karmen” (J. Bize), “Kargʻa motkasi” (P. Chaykovskiy) kabi operalar bilan birga “Boqchasaroy favvorasi” (B. Asafyev), “Koppeliya” (L. Delib) baletlari sahnalashtirildi.

Zamonaviy teatr jamoasi esa Rossiya, Hindiston, Germaniya, Singapur, Malayziya, Yaponiya, Tailand kabi oʻnlab mamlakatlarda bir necha bor gastrolda boʻlgan. Oʻz navbatida Navoiy teatri sahnasida Amerika, Yevropa va Osiyo mamlakatlarining yetakchi yakkaxon xonanda, balet ustalari va dirijyorlar oʻz sanʼatlarini namoyish qildi.

Mustaqillik yillarida teatr rivojini yuksak darajaga koʻtarish, milliy opera va balet spektakllari yaratishga jiddiy eʼtibor berildi. Teatr repertuaridan oʻnlab mumtoz opera va balet asarlari ham oʻrin oldi. Hozirgi repertuarida 50 ga yaqin spektakl mavjud.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.