Islom

Paygʻambar solallohu alayhi vasallam: Har bir ummat uchun fitna bor

image editor output image 1009382065 1667756716918

Loading

Oysha onamiz roziyallohu anhu Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot aytadilar: “Sahiylik – daraxtdir, uning ildizi jannatda va shoxlari dunyoga tushgan, kim uning shoxlaridan birini ushlasa, jannatga yetkazadi. Baxillik ham bir daraxtdir, ildizi do’zaxda va shoxlari dunyoga tushgan, kim uning shoxini ushlasa, do’zaxga eltadi”.

Faqih Abu Lays Samarqandiy (Alloh rahmat qilsin) Anas ibn Molikdan (Alloh u zotdan rozi bo’lsin) rivoyat qiladilar:

“Faqirlar Payg’ambarga (u kishiga Allohdan salovot va salomlar yog’ilsin) o’zlaridan elchi yuborishdi. U kishi kelib: “Yo Rasulalloh, men kambag’allarning elchisiman”, – dedi. Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamdan: “Senga va seni yuborganlarga marhabo”, – dedilar. Elchi: “Ey Allohning rasuli! Kambag’allar, boylar hamma yaxshiliklarni olib ketdi, ular haj qilishadi, bizning qudratimiz yetmaydi, sadaqalar qilishadi, biz unga ham qodir emasmiz, kasal boʻlsalar, mollarining ortiqchasini ehson qilib yuborishadi, deb aytishyapti”, – dedi. Shunda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan: “Ularga yetkazginki, kim sabr va qanoat qilsa, unga boylarda boʻlmagan uch fazl beriladi. Birinchisi: jannatda qizil yoqutdan bir uy borki, ahli jannatlar unga dunyo ahli yulduzlarga qaragandek qarashadi. U yerga kambagʻal paygʻambar, kambagʻal shahid, kambagʻal moʻmin kiradi. Ikkinchisi: kambagʻallar jannatga boylardan yarim kun oldin kirishadi. U yarim kunning miqdori 500 yilga teng. Ular u yerdan xohlaganicha foydalanishadi. Sulaymon ibn Dovud alayhumassalom paygʻambarlardan 40 yil keyin jannatga kiradilar. Bu holning sababi, Alloh taolo u zotga paygʻambarlikka podshohlikni ham qoʻshib bergandir. Uchinchisi: Alloh pokdir (subhanalloh), Allohga hamd boʻlsin (alhamdulillah) va Allohdan boshqa iloh yoʻq (laa ilaha illalloh) va Alloh ulugʻ (Allohu akbar) kalimalarini faqr kishi ixlos bilan aytsa va boy ham ularni ixlos bilan aytsa, boyning aytgani kambagʻalnikiga yetmaydi. Garchi boy shuning ustiga 10 000 dirham nafaqa qilsa ham. Yaxshi amallarning hammasida ham shu kabidir”, – dedilar. Elchi faqirlarning oldiga borib, bu xabarni yetkazdi. Ular: “Ey Rabbimiz! Rozimiz. Ey Rabbimiz, biz rozimiz!”, – deyishdi.

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi. U zot aytadilar: “Faqirlik dunyoga mashaqqat, oxiratda xursandchilikdir. Boylik dunyoda xursandchilik, oxiratda esa mashaqqatdir”.

Hasan (Alloh u zotga rahm qilsin) Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: U zot sollallohu alayhi vasallamdan aytdilar: “Qiyomat kuni bir banda keltiriladi. Soʻngra dunyoda kishi boshqa kishidan uzr soʻragandek Alloh taolo undan uzr soʻraydi. Aytadi, ulugʻligimga va izzatimga qasam, xorliging uchun sendan dunyoni toʻsganim yoʻq , balki sen uchun fazilat va karomatlarni tayyorladim. Ey bandam bu saflarga chiqib, Mening roziligimni istab, seni taomlantirgan yoki kiydirgan kishilarga qara. Ularning qoʻlidan tut, ularning ishi senga havola. Butun insonlarni shu kuni ter bosib oladi. U banda saflardan yurib, shunday ish qilganlarning qoʻlidan ushlab jannatga kirgizadi”.

Hasan roziyallohu anhu Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot aytdilar: “Kambagʻallarni koʻproq taninglar va ularga infoq qilinglar. Chunki ularning davlati bor”. Sahobalar: “Ey Rasullloh! Ularning davlati nima?” – deb so’rashdi. Javob qildilar: “Qiyomat kunida ularga, sizlarga bir boʻlak non bergan, bir piyola suv ichirgan yo kiyim kiydirgan kishilarga qaranglar va ularning qoʻllaridan tutib, jannatga kiringlar, deyiladi”.

Faqih aytadi: Bilinglar! Kambagʻal kishi uchun beshta karomat bor:
1. Uning amali va savobi boyning amali va savobidan koʻproqdir. Namozda, sadaqada va boshqa amallarda;
2. Agar u bir narsani xohlab, uni ololmasa, shuning uchun ham unga ajr beriladi;
3. Ular jannatga birinchilardan boʻlib kirishadi;
4. Oxiratda ularning hisobi kam boʻladi.
5) Ularning pushaymonlari ham kamdir. Chunki qiyomat kunida, boylar kambagʻal boʻlsak edi, – deb qolishadi, faqirlar esa, boy boʻlsak edi, – deb orzu qilishmaydi. Bu holatlarning hammasi aniq xabarlarda kelgan.

Zayd ibn Aslam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Paygʻambar solallohu alayhi vasallam aytdilar: “Bir dirham sadaqa 100 000 dirham sadaqadan yaxshiroqdir”. Shunda sahobalar: “– Bu qanday boʻldi, ey Allohning rasuli?”, – deb soʻrashdi. Javob qildilar: “– Bir kishi 100 000 dirhamni molidan chiqaradi va uni sadaqa qiladi. Ikki dirhami bor kishi bir dirhamni ich-ichidan rozi boʻlib beradi. Oʻsha dirham egasi 100 000 dirham egasidan afzaldir”.

Hasan roziyallohu anhu Payg’ambar solallohu alayhi vasallamdan rivoyat qildilar: Sahobalar u zot salollohu alayhi vasallamdan soʻrashdi: “– Agar bizlar bir narsani koʻrib, xohlab, uni olishga kuchimiz yetmasa, bizga ajr bormi?”. Rasullulloh aytdilar: “– U bilan ajr olmasanglar, nima bilan ajr olasizlar”.

Zahhok aytdilar: “– Kim bozorga chiqib, bir narsani koʻrib, oʻsha narsaga havasi kelsa va ololmaganiga sabr qilsa, bu ishi 10 000 dirhamni Alloh yoʻlida infoq qilishdan yaxshidir”.

Paygʻambar solallohu alayhi vasallam aytdilar: “– Jannat podshohlarning xabarini beraymi?”. “– Ha”, – deyishdi. Paygʻambar solallohu alayhi vasallam aytdilar: “– Mazlum zaiflar, Ular boyvachcha xotinlarga uylana olmaydilar. Ularga yopiq eshiklar ochilmaydi. Oʻlayotganlarida, qalbida hojati qolib ketadi. Agar Allohning nomiga qasam ichsa, uni amalga oshiradi”.

Hotim Zohiddan rivoyat qilinadi: “– Kim 4 narsani da’vo qilsa, u yolgʻonchidir. Allohni yaxshi koʻrishini da’vo qilsa-yu, harom qilgan narsalaridan taqvo qilmasa; jannatni yaxshi koʻrishini da’vo qilsa-yu, Alloh toatida molini infoq qilmasa; Rasululloh solallohu alayhi vasallamni yaxshi koʻrishini da’vo qilsa-yu, u kishining sunnatlariga ergashmasa; jannatdagi ulugʻ darajalarni da’vo qilsa-yu, miskin va kambagʻallar bilan suhbatlashmasa”.

Baʼzi hakimlar aytadi: “Kimda 4 narsa boʻlsa, u yaxshilikning hammasidan mahrumdir. Oʻzidan pastdagilardan oʻzini katta tutsa; ota-onasiga oq boʻlsa, kambagʻalni past sanasa va miskinlarni miskinlikda ayblasa”.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Paygʻambar solallohu alayhi vasallam aytdilar: “– Har bir ummat uchun fitna bor. Ummatimning fitnasi – mol-dunyodir”.

Shunday ekan, har birimiz Alloh bergan boyligimiz, mol-u dunyomizdan muhtoj kimsalarga ehson qilib turmogʻimiz lozim. Odatda, sahiylikni biz koʻproq badavlat odamlardan kutamiz. Aslida, har birimiz qurbimiz yetganicha, imkoniyat darajasida sahovat koʻrsatishimiz – insoniy burchimizdir.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.