Buxoro yangiliklari

Jadidchilar tarixi

photo 93

Loading

Jadidlarning milliy tashkilotlari qismati

1921-yil sentyabrda Samarqandda Turkiston Milliy Birligi tashkilotining oltinchi kongressi bo‘lib o‘tadi. Unda jamiyatning 24 banddan iborat Ustavi va Turkiston bayrog‘i qabul qilingan. 1921 yil 6 sentyabrda qabul qilingan Turkistonning Milliy bayrog‘i binafsha rangda bo‘lib, uning asosi qilib, X asrda hukmronlik qilgan qoraxoniylar va saljuqiylar davlati bayroqlari tanlangan. Bayroqni tayyorlash ishida Zaki Validiy, Munavvar Qori va To‘raqul Jonuzoqovlar ishtirok etgan.

1922-yil sentyabrda Toshkentda Turkiston Milliy Birligi tashkilotining 16 nafar a’zosi ishtirokida maxfiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Validiyga Yevropaga ketib, Mustafo Cho‘qay bilan Turkiston Milliy Birligi tashkilotini chet elda tuzish vazifasi qo‘yiladi. 1923 yildan boshlab bu tashkilot a’zolarini ChK ta’qib ostiga oladi. Natijada “Turkiston Milliy Birligi” rahbarlari va a’zolari bu tashkilot faoliyatini to‘xtatishga qaror qiladilar.

Turkiston Milliy Birligi xorijda samarali faoliyat ko‘rsatadi. 1923-yil 26–28 iyunda Kobulda Validiy raisligida tashkilotning kengashi bo‘lib, unda Usmon Xo‘ja, Hoshim Shoyiq, Mirzo Isomiddin va boshqalar qatnashadi. Kengash qaroriga ko‘ra, Validiy rais, tashkilot a’zolaridan Usmon Xo‘ja Turkiyaga, Abdulhamid Oripov Kobulga, Mustafo Cho‘qay Yevropaga, Hoshim Shoyiq Yaponiyaga vakil etib tayinlanadi. Shuningdek, Turkiston Milliy Birligining markazini tashkil qilish vazifasi ham belgilab olinadi. 1927-yilda Istanbulda Turkiston Milliy birligining birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tadi va tashkilotning Turkiyadagi faoliyati boshlanadi. Turkiston Milliy birligi yetakchilaridan Mustafo Cho‘qay tashkilotning maqsad va g‘oyalarini targ‘ib qilish uchun matbuot organiga asos soladi va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Usmon Xo‘ja muharrirligida chiqqan “Yangi Turkiston” (1927-yil iyun – 1932-yil sentyabr, Istanbul va Berlin) va Mustafo Cho‘qay muharrirligida chiqqan “Yosh Turkiston” (1929-yil dekabr – 1939-yil avgust, Parij va Berlin) jurnallari tashkilotning matbuot organi hisoblangan. 1929-yildan 1942-yilgacha Mustafo Cho‘qay tomonidan boshqarilgan Turkiston Milliy Birligi tashkiloti jadidlarni bir jamiyatga birlashtirib, hamkorlikda harakat qilishlarini ta’minlay olgan.

Xulosa qilib aytganda, sovet hokimiyati Markaziy Osiyoda mustahkamlanib olgach, Turkiston Avtonom Sovet Sosialistik Respublikasi (TASSR), Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) va Xorazm Xalq Sovet Respublika (XXSR)larining ichki ishlariga nazoratni kuchaytirdi. Uning mustamlakachilik siyosati, zo‘ravonligi va mahalliy sharoitni inobatga olmay, xalqqa o‘tkazayotgan jabr-zulmi ziyolilarni siyosiy birlashmalarga asos solishlari va ozodlik g‘oyalarini targ‘ib qilishlariga sabab bo‘ldi. Jadidlar “Ittihodi taraqqiy”, “Milliy ittihod” va “Turkston Milliy Birligi” kabi tashkilotlar tuzib, o‘z maqsadlarini shu siyosiy uyushmalar orqali amalga oshirishga intildilar. Bu tashkilotlar a’zolari dastlab jamiyatning barcha jabhalarida islohotlar o‘tkazish, milliy matbuotga asos solish, muxtoriyat tuzish uchun kurashgan bo‘lsalar, Turkiston muxtoriyati qonga botirilgach, sovet rejimiga qarshi milliy ozodlik harakatlarini tashkillashtirish, qo‘rboshilar faoliyatini birlashtirib, ularni qizil armiyaga qarshi kurashga yo‘naltirishda jonbozlik ko‘rsatdilar. Mustamlakalardan mahrum bo‘lishni istamagan sovetlar ozodlik uchun kurashayotgan jadidlarga turli ayblovlar qo‘yib, ularni panturkist, panislomist, imperializm josuslari, burjua yot unsurlar deb atadilar hamda 1930-, 1937–1938-yillarda ommaviy qatag‘on qildilar. Jadidlar tashabbusi bilan XX asr boshlarida tashkil etilgan siyosiy tashkilotlarning faoliyati tarixini alohida tadqiqot doirasida o‘rganish, Vatan ozodligi, yurt faravonligi uchun kurashgan jadid bobolarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning fidoyiligini yosh avlodga ibrat qilib qilib ko‘rsatish tarixchi olimlar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

Turkiston o‘lkasida sovet hokimiyatining o‘rnatilishi va ular tomonidan mamlakatda mustamlakachilik siyosatining amalga oshirilishi mahalliy taraqqiyparvarlarni qattiq tashvishga sola boshladi. Sovetlar tomonidan mahalliy aholiga qilingan jabr-zulm va xalq boyliklarining Rossiyaga tashib ketilishi Vatan fidoyilarini ozodlik uchun siyosiy kurash boshlashiga sabab bo‘ldi. Jadidlarning asosiy maqsadi, avvalo, xalqni bosqinchilarga qarshi ma’nan va aqlan tarbiyalash, o‘z qadr-qimmatini anglatish bo‘ldi. 1917 yilda Turkiston jadidlari o‘zlarining yangi siyosiy tashkilotlari “Ittihodi taraqqiy” (Ittihod –arabcha so‘z bo‘lib, uyushma, tashkilot degan ma’nolarni bildiradi) ga asos soldilar. Bu tashkilot Turkiya muhojirlari yordamida tuzilib, unga Usmonbek raislik qilgan. “Ittihodi taraqqiy” sovet hukumatining mustamlakachilik siyosatini tanqid qilish, yoshlarni siyosiy faollashtirish va maktab ishlarini isloh qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan.

“Ittihodi taraqqiy” haqida Munavvar Qori jamiyat dasturini turkiyalik muhojirlar Usmonbek va Haydar afandilar tuzganligi, uni turkchadan o‘zbek tiliga o‘zi tarjima qilgani va 1917-yil avgust oyi oxirlarida taraqqiyparvarlarning Usmonbek raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida bu dastur qabul qilinganini yozadi. Tashkilot tuzilgan paytda a’zolar soni 50 tadan oshmagan. Jamiyatning moddiy mablag‘i uning a’zolari o‘z ixtiyori bilan beradigan badal asosida tashkil etilgan bo‘lib, har bir kishining moddiy imkoniyatiga qarab, 100 so‘mdan 250 so‘mgacha qilib belgilangan. Jamiyatga a’zo bo‘luvchilar taraqqiyparvarlik mafkurasiga ega bo‘lishi, jamiyat markazining har qanday buyruqlariga itoat qilishga va’da berib, Qur’on va qurolni ushlab qasamyod qilishi shart bo‘lgan.

Jamiyatning oldida turgan asosiy vazifa o‘quv yurtlari sonini ko‘paytirish, maktablar qoshida kattalar uchun savodsizlikni tugatish kurslari ochish hamda to‘garak va jamiyatlar tashkil etish, sovet hukumati ag‘darilganda, Turkiston muxtoriyatini saqlab qolish maqsadida taraqqiyparvarlarning yangi kuchini tayyorlashdan iborat bo‘lgan.

Bu tashkilot o‘z faoliyatini tashkillashtirishda Turkiyadagi “Ittihod va taraqqiy” (1889–1918) tashkilotidan yordam so‘ragan va ikki marta maxsus vakillarini Turkiyaga yuborgan. Ammo har ikkala vakillik ham maqsadiga erisha olmagan. Birinchi vakillar Sadirxon va Saidnosir Mirjalilovlar bo‘lib, 1918 yil Istanbulga borganda, Yosh turklar hukumati mag‘lubiyatga uchragan va tashkilot a’zolari muhojirlikka ketgan edi. Shuning uchun ular belgilangan kishilar bilan uchrasha olmay Toshkentga qaytadilar. Ikkinchi delegasiyaning borishi 1919 yilda rejalashtirilgan bo‘lib, uning tarkibiga Toshkentdan Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev va Saidnosir Mirjalilov, Samarqanddan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mardonqul va Muhammadqullar kirgan edi. Bu delegasiyaning yashirin topshiriq bilan Turkistondan chiqib ketishidan ChK (sovet hokimiyatining favqulodda komissiyasi) xodimlari xabar topgan. Natijada Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev Moskvada, Saidnosir Mirjalilov Tiflisda yashirinishga majbur bo‘lgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy esa Shahrisabzda ushlab olinib, Buxoro amiri odamlari tomonidan qatl etilgan.

Bu voqealardan keyin, “Ittihodi taraqqiy” tashkiloti faoliyati biroz susayadi. 1919-yilda “Ittihodi taraqqiy” “Milliy ittihod” nomi bilan qayta tashkil etiladi va 1926-yilgacha faoliyat olib boradi. Tashkilotning markazida dastlab turk muhojirlaridan Muhammadbey, Sulaymon Sami, Sadriddinxonlar, keyinchalik Turor Risqulov, Sa’dulla Tursunxo‘jayev, Munavvar Qori, Nizomiddin Xo‘jayevlar turgan. Bu siyosiy uyushmaga jadidlardan tashqari, ulamolar va savdogarlar ham a’zo bo‘lgan.

Dilnoza Jamolova – Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.