Buxoro yangiliklari

Agar on turki Sheroziy ba das orad dili moro, Ba holi hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo… Hofiz Sheroziy haqida nimalarni bilasiz?

photo 563

Loading

Xoja Shamsiddin Muhammad Hofiz Sheroziy 1326-yili Eronning Sheroz shahrida tug‘ilgan. Uning otasi asli isfahonlik bo‘lgan Bahouddin bazzozlik bilan shug‘ullanar, uning oilasi o‘rtamiyona kun kechirardi. Oila boshining bevaqt vafoti tufayli oila tang ahvolga tushib qoladi. Ikki akasi tirkchilik vajhidan ish qidirib yot o‘lkalarga ketishadi. Kichkina Muhammad esa, bir novvoyga shogird tushadi. Shu tariqa bu g‘arib oilaning ro‘zg‘ori amal-taqal o‘ta boshlaydi.

Muhammad topgan arzimas pulining bir qismini onasi va o‘zining nafaqasi uchun sarflasa qolganini ilm tahsiliga va xayr-ehson ishlariga sarflardi. U yoshligidan o‘tkir zehri, fasohati, yuksak she’riy qobiliyati bilan boshqalardan ajralib turardi. Yoshligidan diniy va dunyoviy ilmlarni chuqur o‘rganishga kirishdi. “Qur’oni karim”ni yod oldi. Uning shirali ovozda “Qur’on” tilovat qilishi, diniy kitoblar, qissa va marsiyalar, g‘azallarni o‘qishi barchaga manzur bo‘la boshlagan edi. Shu tariqa u yoqimli ovozi bilan qissaxonlik qilib ro‘zg‘or tebrata boshladi.

Hofiz Sheroziy Qur’onni yetti xil qiroat bilan o‘qiy olar, qasidaxonlik, g‘azalxonlik yoki qissaxonlikda ham unga teng keladigani topilmasdi. Shu bois, u o‘z she’rlarida ham Hofiz taxallusini qo‘llay boshladi. Shuningdek, u yoshligidan xattotlik ilmini ham puxta egallagan bo‘lib, uning qo‘li bilan ko‘chirilgan sharqning bebaho durdonalari bizgacha yetib kelgan.

U chin ma’noda ilohiy ishq kuychisidir. Garchi u she’rni majoz vositasida bitsa-da, uning biror baytida “avom ishqi”ga xos yuzakilik uchramaydi. Hofiz g‘azallarida haqiqatni ogoh va o‘tkir qalb ko‘zi bilan ko‘rish va unga intilish g‘oyalari ilgari suriladi. O‘z davrida mutaassib ruhoniylar uni dahriylikda ayblab, ta’qib etgan bo‘lsalar-da, ma’rifatparvar mutafakkirlar, orif allomalar shoirning biror misrasi shakkoklik belgisi emasligi, aksincha Qur’on va Hadis g‘oyalaridan chetda chiqmaganligini aytishgan.

Jumladan ulug‘ bobokalonimiz, g‘azal mulkining ultoni Mir Alisher Navoiy Hofiz Sheroziy ijodiga yuksak ehtirom bilan qaragan. Forsiy tilda bitgan g‘azallarida Hofizga xos fasohat va balog‘at jilva qilib turadi.

“Nasoyimul-muhabbat” asarida ham Navoiy hazratlari ulug‘ shoir xususida to‘xtalib, unga “Alar lisonul-g‘ayb va tarjumon ul-asrordurlar” , ya’ni ul zot g‘ayb (faqat Allohgagigan ma’lum bo‘lgan yashirin ilmlar)ning tili va sirlarning tarjimonidirlar, deya ta’rif berganlar.

Shuningdek ushbu asarda yozilishicha. Hofiz Sheroziy biror pirning sabog‘ini olmay, uning qo‘lidan tutmay turib, shu darajada komillikka yetishganki, bunday daraja hali biror insonga nasib etgan emas. Shoirning barcha she’rlari, asarlari diniy ma’rifat, xususan Qur’oni karim oyatlariga uyg‘un bo‘lgani uchun o‘z davrining yetuk fozillari Hofiz kulliyotini “fors tilidagi Qur’on” deb atagan ekanlar.

Albatta, shoir ijodininig Yaratganning cheksiz ilmi va tafakkuri mahsuli bo‘lgani muqaddas Qur’on bilan qiyoslanishi har qanday ta’rifu tavsifdan o‘tib tushadi. Shoirning o‘zi ham bu fikrga hamohang tarzda, bir g‘azalida “Har chy kardam, hama az davlati Qur’on kardam”, ya’ni nimaiki qilgan bo‘lsam, hammasini Qur’onning sharofati, amri va davlati tufayli amalga oshirdim, deydi.

Biroq, o‘sha davrdagi ijtimoiy muhit, mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng parokandalikka yuz tutgan mamlakatdagi ahvol shoirning ham ijodiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. U garchi o‘z davrining ko‘plab hukmdorlari e’tiborini tortgan, ularning iltifotiga sazovor bo‘lgan bo‘lsa-da, asosan faqirlik va muhtojlikda kun kechirdi. Kaltabin ulamolar, iste’dodsiz shoirlarning ta’qibiga uchrab, ulardan ko‘p aziyat chekdi.

Hofiz saroy shoirlaridek boy, to‘q va farovon kun kechirishi ham mumkin edi. Ammo, u qalb xazinsi, ishq daqinasini har qanday boylikdan ustun bildi.

Chu Hofiz ganji O‘ dar siyna doram,
Agar chy muddaiy binad, haqiram.

Ya’ni, garchi, muddaiy – da’vogarlar ko‘ziga haqir, kambag‘al va misin ko‘rinsam-da, xuddi Hofiz singari Uning (Yaratganning) xazinasini qalbimda jo etganman, deya xitob qilgandi shoir.

O‘z davrining ko‘plab hukmdorlari, davlat rahbarlari uni o‘z qanoti ostiga olish uchun saroyga taklif etgan. Ammo Hofiz bu takliflarning barchasini rad etadi va o‘z ona shahrida, o‘z xalqining bag‘rida kamtarona umr kechirishni afzal biladi.

Hofiz butun umr o‘z shahri Sherozda umrguzaronlik qildi. Uning hayotlik chog‘ida she’rlari Eronu Turonni zabt etgan bo‘lsa-da, uning o‘zi Isfahon va Yazddan boshqa biror shaharga sayru sayohat qilmadi. U go‘zal Sherozning manzaralarini, o‘zi yoqtirgan Musallo bog‘ining yoqimli havosi, Ruknobod arig‘ining erka mavjlarini, bir so‘z bilan aytganda ona Vatanini jannatdan ham a’lo ko‘radi. Yurt sog‘inchi, vatan hajriga mubtalo bo‘lmaslik uchun u har qanday sayru safardan voz kechadi.

Namedihand ijozat maro ba sayru safar,
Nasimi bodi musallovu obi Ruknobod.

Ya’ni, Musallo bog‘ining shabbodasiyu, Ruknobod arig‘ining suvi sayru safar qilishim uchun ijozat bermaydi.

Sharqning buyuk so‘z zargari Shamsiddin Muhammad Hofiz Sheroziy hijriy 1389-yilda ona shahrida vafot etadi. Shoirni o‘zi yoqtirgan Musallo bog‘ida dafn etadilar. Uning maqbarasi va atrofdagi bog‘ keyinchalik shoirning sharafiga Hofiziya nomini olgan. Ayni paytgacha ushbu qadamjo ijod ahli va she’riyat muxlislarining muqaddas ziyoratgohiga aylangan.

Hofiz she’rlarining dovrug‘i mamlakatlar osha, qit’alar osha Mag‘ribu Mashriqqa yoyildi. Nainki Sharq xalqlari, balki g‘arbliklar ham uning ijodiga katta qiziqish bilan qaray boshlashgan. Hofiz she’rlari bir qator g‘arb tillariga tarjima qilindi. Yevropaliklar Hofizni Hayne, Shiller, Dante, Volter singari buyuk so‘z san’atkorlari bilan yonma-yon qo‘yib kelishgan.

Dunyoga mashhur Jorj Gordon Noel Bayron, Iohann Volfgang Gyote, Aleksandr Pushkin singari buyuk siymolar ham Hofiz she’riyatidan bahramand bo‘lishgan, Hofizdan ilhomlanib, go‘zal she’rlar bitganlar.

Hofiz nainki, fors, balki turkiy xalqlarning ham sevimli shoiridir. O‘tmishda biror o‘zbek shoiri yo‘qki, Hofiz she’riyatining jonbaxsh bulog‘idan qonib, bahralanmagan bo‘lsin.

Xoja Hofizning mana bu mashhur baytini har bir o‘zbek kitobxoni tarjimasiz ham tushunadi. Zero bu bayt allaqachon zamon va makonlar osha, qalblarni oshufta etib kelayotir.

Agar on turki Sheroziy ba das orad dili moro,
Ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo…

bayti o‘zbek shoiri Xurshid tomonidan mahorat bilan o‘giriligan bo‘lib, bu o‘lmas bayt o‘zbek tilida o‘zgacha, latif jarang sochadi:

Agar ko‘nglimni shod etsa, o‘shal Sheroz jononi,
Qaro xoliga baxsh etgum Samarqandu Buxoroni.

Bu bayt bilan bog‘liq afsonalar ham tildan tilga o‘tib bizning zamonamizga yetib kelgan. Aytishlaricha, bu baytdan yaxshi xabardor bo‘lgan Sohibqiron Amir Temurni Sherozni fath etgan chog‘da, muallifni huzuriga chorlaydi:

– Ey shoir, men shu ikki shaharni obod qilish uchun yarim dunyoni egallashga jahd qilgan bo‘lsamu, sen uni qandaydir xolga baxsh etsang?

– Ey olampanoh, ana qo‘li ochiqligim tufayli mana shunday miskin ahvolga tushib o‘tiribman, – deya o‘zining faqirona kiyimga ishora qiladi. Bu javob Sohibqironga manzur bo‘lib, shoirni qimmatbaho in’omlar bilan siylagan ekan.

Bu dunyoga mashhur misralar orqali shoir Sharqning ikki durdona shahrini kamsimaydi, balki mubolag‘a usuli bilan uning sha’nini yanada ulug‘laydi. Zotan shoir g‘azallarida shaharlarimizni go‘zallik, malohat va fasohat timsoli sifatida tilga oladi.

Ba she’ri Hofizi Sheroz, meraqsandu menozand, Siyahchashmoni kashmirivu, turkoni samarqandiy...

– deya luf etadi. Ushbu baytni quidagicha o‘zbekchalashtirish mumkin:

Bu Sheroz Hofizi she’r aytsa, noz birla xirom aylar,
Samarqandlik suluvlar birla kashmirlik qaroko‘zlar.

Forsiy baytdagi “turk” so‘zi ham millat ma’nosini, ham go‘zal, suluv, sho‘x va qahri qattiq yor ma’nolarini anglatadi. Hofiz Sheroziy shu tariqa o‘ziga xos, hofizona noziktab’lik, sharqona so‘z o‘yini – iyhom san’ati bilan Samarqand qizlarini ta’riflab ketgan.

Darhaqiqat, Hofiz she’riyati o‘tmishda, xalqimizning ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutib kelgan. Qadimda Hofiz g‘azallari yurtimizdagi madrasalarda o‘qitilgan, xattotlarimiz dilbar she’rlarini qayta-qayta ko‘chirganlar. She’rxonlik kechalarida albatta Hofizning o‘lmas g‘azallaridan namunalar o‘qilgan, xonandalar uning she’rlariga bastalangan qo‘shiqlarni tarannum etganlar. Sheroz Hofizining:

Yo rab, in sham’i dilafro‘z zi koshonai kist?
Joni mo so‘xt, bipursed ki, jononai kist?

matali bilan boshlunuvchi g‘azalining o‘zbekcha tarjimasini o‘zbekona ohanglarda o‘zbek hofizi ijrosida tinglab, qalbi orom topmaganlar kamdan topiladi:

Chindan ham Hofiz ijodi juda ko‘p G‘arbu Sharq xalqlari qatori bizning ham bebaho ma’naviy mulkimizga aylangan.

Muallif: Rustam Jabborov

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.