Qiziqarli

Hafta filmi: “Qichqiriq 7” (video)

picture
Foto: Paramount Pictures

Loading

Oradan qariyb 30 yil o‘tib, 1996-yilda chiqqan va slasher janriga yangi hayot baxsh etgan afsonaviy “Qichqiriq” (“Scream”) filmi franshizasining yettinchi qismi katta shov-shuvlar fonida ekranlarga qaytdi. Loyiha atrofidagi mojarolar, aktyorlar almashinuvi va internetdagi boykot chaqiriqlari sabab filmning taqdiri savol ostida qolgan edi.

Bu safar franshizaga original ssenariy muallifi Kevin Williamson hamda “qo‘rqinchlar malikasi” Neve Campbell qaytdi. Uilyamson nafaqat ssenariyni yozdi, balki rejissyorlik kursisini ham egalladi. Shu bois muxlislar orasida umid uchquni paydo bo‘ldi.

Syujet: Sidni yana markazda

“Qichqiriq 7” yana Sidni Preskott (Neve Kempbell)ni markazga olib chiqadi. Endi u turmushga chiqqan — familiyasi Evans. Kichik shaharchada qahvaxona yuritadi va o‘smir qizi bilan murakkab munosabatlarni boshdan kechiradi.

Kutilmaganda u yana tahdidli qo‘ng‘iroq oladi. Bu safar qo‘ng‘iroq qilgan shaxs o‘zini birinchi film qotillaridan biri — Styu Maxer deb tanishtiradi. Axir u 1996-yilda o‘lgandi-ku? Yoki kimdir zamonaviy qo‘rquv — sun’iy intellekt yordamida o‘tmish arvohlarini tiriltiryaptimi?

Film nostaljiya, avlodlararo jarohatlar va o‘tmishning bugungi kunga ta’siri haqida hikoya qiladi. Syujet aylana bo‘ylab yopiladi: Sidnining qizi ham xuddi onasi qotilliklar boshlangan paytdagi yoshda.

Qonli sahnalar va kuchli boshlanish

Filmning dastlabki ikki qismi temp va keskinlikni ishonch bilan oshiradi. Qotilliklar seriyaning eng shafqatsizlari sifatida namoyon bo‘ladi. Ayrim sahnalar ijodkorlik bilan ishlangan — masalan, sahnada osib qo‘yish va vahshiyona o‘ldirish epizodlari tomoshabinni larzaga soladi.

Oldingi qism — “Qichqiriq 6”dagi ortiqcha meta-dialoglar va murakkab mifologiyadan voz kechilib, oddiyroq “slasher” yo‘liga qaytilgan. Bu esa filmni ancha sodda va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qiladi.

Ammo final — asosiy muammo

Shunga qaramay, filmning uchinchi qismi umidlarni oqlamaydi. Ayrim muhim qahramonlar — masalan, Courteney Cox ijrosidagi Geyl — deyarli chetga suriladi.

Eng katta hafsalani pir qiladigan jihat — Ghostface niqobi ortidagi shaxsning fosh etilishi. “Qichqiriq” franshizasining asosiy jozibasi har doim “Qotil kim?” savolida bo‘lgan. Biroq bu safar ochilish jarayoni hayrat uyg‘otish o‘rniga chalkash va ta’sirsiz ko‘rinadi.

Motivatsiya ham yetarlicha asoslanmagan. Tomoshabin uchun “Nega?” savoli javobsiz qoladi. Marketing “Barchasi shunga olib kelgandi” deb va’da qilgan bo‘lsa-da, yakun tomoshabinni larzaga solmaydi.

O‘rtacha, ammo falokat emas

Shunga qaramay, film kutilganidek falokatga aylanmadi. Neve Kempbellning ijrosi kuchli va ona-qiz munosabatlari orqali film hissiy poydevorni saqlab qoladi.

Umuman olganda, “Qichqiriq 7” na eng yomoni (“Qichqiriq 3”), na eng muvaffaqiyatlisi. U afsonaviy birinchi film va uning ijodkorona davomi — “Qichqiriq 2” darajasiga yetolmaydi, biroq franshizani butunlay barbod ham qilmaydi.

Agar sakkizinchi qismga “yashil chiroq” yoqilsa, u ancha keskinroq va jasurroq ssenariy talab qiladi. Aks holda, “Qichqiriq” o‘zi masxara qilgan formulaga aylanishi mumkin.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.