O‘zbekiston

2021-yil nomi

photo 29

Loading

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berishni taklif qildi.

«Barchangizga ma’lumki, kirib kelayotgan 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil to‘ladi. Albatta, bu tarixiy sanani siz azizlar va butun xalqimiz bilan birgalikda, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida keng bayram qilamiz.

Bugun kelgusi yil uchun reja va dasturlarimizni aniq belgilab olar ekanmiz, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz, albatta.

Ta’kidlash kerakki, pandemiya barchamizga tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini, tez yordam xizmati, sanitariya-epidemiologiya tizimini tubdan isloh qilish muhim hayotiy zarurat ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Hozirgi vaqtda dunyoning boshqa mintaqalarida kuzatilayotgan “pandemiyaning navbatdagi to‘lqini” va u bilan bog‘liq xavf-xatarlar hammamizni yanada hushyor va ogoh bo‘lishga undamoqda.

photo 30

Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy hazratlarining “Tiriklik hikmatini sog‘liqda, deb bilgin”, degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi bugun qayta-qayta isbotlamoqda.

Shu bois, mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilg‘or yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur.

Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish – eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi lozim.

Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Shu sababli biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.

Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak.

Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib, xizmat qilishi lozim.

Ushbu maqsad yo‘lida yoshlarimiz o‘z oldiga katta marralarni qo‘yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.

Shu maqsadda, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshiramiz.

Birinchidan, yosh avlodga bog‘cha, maktab va oliygohda sifatli ta’lim-tarbiya berishni yo‘lga qo‘yamiz, ular jismoniy va ma’naviy sog‘lom, vatanparvar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Ikkinchidan, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan insonlar etib voyaga yetkazamiz.

Uchinchidan, o‘g‘il-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ish va uy-joy bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

photo 31

Bir so‘z bilan aytganda, bola tug‘ilganidan boshlab, 30 yoshgacha bo‘lgan davrda uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi.

Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga o‘n, yuz barobar ko‘p foyda keltiradi.

Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino bundan ming yil oldin, “Dovyurak va botir insonlar kelajakda sodir bo‘ladigan qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi”, deb bejiz aytmagan.

Yaqinda Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida va Chilonzor tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda yoshlarimiz tomonidan bildirilgan dadil fikr va tashabbuslar meni juda quvontirdi. Ayniqsa, kuni kecha  Yoshlar forumida o‘g‘il-qizlarimizning yonib turgan ko‘zlarida ulkan azmu shijoatni, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko‘rib, yanada ruhlandim va ulardan kuch oldim.

Ibn Sino bobomiz aytgan dovyurak va botir yoshlar aynan shu farzandlarim ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim.

Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni ko‘ra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi g‘ayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, ko‘zlagan marralarga albatta yetamiz. Yangi O‘zbekistonni ana shunday bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz.

Ana shu muhim yo‘nalishlarda boshlagan ishlarimizni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida, kirib kelayotgan 2021 yilga mamlakatimizda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili», deb nom berishni taklif etaman», dedi davlat rahbari.

Taklif bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

photo 32

«Ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun barchangizga chuqur minnatdorchilik bildiraman. [Yangi yilga] nom berish juda og‘ir… Kelgusi yilga nom berish bo‘yicha ko‘pdan beri tayyorgarlik ko‘rdik. Yoshlarimizga bo‘lgan e’tiborimiz, joylardagi mahalliy kengashlarda, mahalliy rahbarlar, umuman, butun mana shu muhit yoshlarga e’tibor qilish zarurligini yana bir marta ko‘rsatdi. Ikkinchidan, pandemiya paytida aholi salomatligini mustahkamlash bo‘yicha boshlagan katta-katta ishlarimizni agar bugun davom ettirmasak, pandemiya ko‘ndalang qo‘ygan katta-katta muammolarni bugun hal qilmasak, ertaga kech bo‘ladi. Pandemiya paytida uzoq-uzoq qishloqlardagi odamlarimiz – hammamiz mana shu kamchiliklar, muammolardan qiynaldik. Sarosimaga tushganimiz yo‘q, lekin qiynaldik va ko‘plab muammolarimiz bilindi…

Yoshlar bo‘yicha forumda ham katta-katta masalalar aytildi. Yoshlarga shunday imkoniyat yaratishimiz kerakki, O‘zbekistonning kelajagini buyuk qilish uchun ular hamma narsaga qodir ekaniga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz», deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 1997 yildan boshlab har bir yilga shu davr ichida taraqqiyotning muhim yo‘nalishlarini ifoda etadigan nom berish an’anaga aylangan. 1997—2020 yillar oralig‘ida yillarga quyidagicha nom berilgan:

  • 2020 yil – Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili
  • 2019 yil — Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili
  • 2018 yil — Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili
  • 2017 yil — Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili
  • 2016 yil — Sog‘lom ona va bola yili
  • 2015 yil — Keksalarni e’zozlash yili
  • 2014 yil — Sog‘lom bola yili
  • 2013 yil — Obod turmush yili
  • 2012 yil — Mustahkam oila yili
  • 2011 yil — Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili
  • 2010 yil — Barkamol avlod yili
  • 2009 yil — Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili
  • 2008 yil — Yoshlar yili
  • 2007 yil — Ijtimoiy himoya yili
  • 2006 yil — Homiylar va shifokorlar yili
  • 2005 yil — Sihat-salomatlik yili
  • 2004 yil — Mehr va muruvvat yili
  • 2003 yil — Obod mahalla yili
  • 2002 yil — Qariyalarni qadrlash yili
  • 2001 yil — Onalar va bolalar yili
  • 2000 yil — Sog‘lom avlod yili
  • 1999 yil — Ayollar yili
  • 1998 yil — Oila yili
  • 1997 yil — Inson manfaatlari yili

Manba

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.