Islom
“Muhammad (s. a. v.) sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va payg‘ambarlarning muhridir”
Islomda paygʻambarlar mavqei
Yakkaxudolikka asoslangan dinlarda payg‘ambarlar Parvardigor va insonlar orasidagi vositachi, ya’ni ilohiy irodaning xabarchisi hisoblanadi. Payg‘ambarlikka oid savollar islom aqidasi va ilohiyotidagi markaziy masalaga aylandi. Sababi, payg‘ambar (nabiy) va elchilar (rosul)ga bo‘lgan ishonch (e’tiqod) imon ruknlarining biri sanaladi. Bunga dalil sifatida Qur’ondan: “Payg‘ambar (Muhammad) (s. a. v.) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo‘minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi” (Baqara, 285) oyatini keltirish mumkin.
Islomning arab tilidagi muqaddas manbalarida payg‘ambarlarga nisbatan “nabiy” (نبى) va “rasul” (رسول) iborasi ishlatiladi. “Nabiy” (payg‘ambar) iborasi arab tilidagi “naba” (نَبَأْ) (“xabar, katta foyda keltiruvchi”) so‘zidan olingan. Bu borada Qur’onda: “(Mushriklar) bir-birlari bilan nima haqida savol-javob qilmoqdalar?! Ulug‘ xabar (qiyomat) haqida” (Naba, 1-2) deyiladi. Payg‘ambarlar bu nomni Allohdan xabar olib, U haqda boshqalarni xabardor qilgani uchun olgan. Ba’zi olimlar “nabiy” iborasining o‘zagi “nabaa” (نبأَ) “baland bo‘lmoq” fe’lidan olinganini ta’kidlaydi. Ular bu fikrni boshqa insonlarga nisbatan mavqesi yuqori bo‘lgani nuqtai nazaridan deb aytadi va o‘z qarashlariga Qur’ondan quyidagicha: “Yana (ushbu) Kitobda Idris (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u sadoqatli payg‘ambar edi. Biz uni yuksak maqomga ko‘tardik” (Maryam, 56-57) dalil keltiradi.
“Rasul” (elchi) iborasining o‘zagi “arsala” (أَرْسَلَ) “yubormoq” fe’lidan olingan. Bilqis malikasi tilidan Alloh Qur’onda: “Men ularga (sinov uchun) bir sovg‘a yuborib ko‘ray-chi, elchilar nima (xabar) bilan qaytar ekanlar” (Naml, 35), – dedi.
Alloh yuborgan payg‘ambar va rasullarning soni masalasida bir qancha olimlar hadis (bu hadis borasida bir qator muhaddislar roviylari zanjirida zaif shaxs borligini ta’kidlaydi)ga asoslanib 124 ming payg‘ambar va 313 rasul deydi. Olimlarning boshqa bir qismi biron-bir sonni aytishdan Qur’ondagi: “Biz Sizdan oldin (ko‘p) payg‘ambarlarni yuborgandirmiz. Ulardan Biz Sizga qissasini aytganimiz ham bor, yana ulardan Biz Sizga qissasini aytmaganimiz ham bordir” (Gʻofir, 78) dalilga asoslanib tiyilgan. Shu bilan birga Qur’onda 25 payg‘ambar ismi aytib o‘tilganini olimlar ta’kidlaydi.
Olimlar Qur’ondagi: “(Ey, Muhammad! (s. m. v.) Biz Sizdan ilgari yuborgan har bir elchi va payg‘ambar qachon (o‘ziga nozil bo‘lgan oyatlarni) qiroat qilsa, shayton uning qiroatiga (boshqa narsalarni) tashlagan (qo‘shgan)” (Xaj, 52) oyatga asoslanib, har ikki ibora (rasul va nabiy) ham “va” bog‘lovchisi bilan ishlatilgani uchun bir-biridan o‘zgacha mavqega ega ekanini ma’lum qiladi.
Olimlarning qarashlarida payg‘ambar bilan elchi orasidagi farqlar borasida bir necha fikrlar bor: Birinchisi (ba’zi avvalgi va keyingi sunniylar)ga ko‘ra, payg‘ambar va elchilarga bir xil vakolatlar yuklatilgan va shu bois payg‘ambarlarga nisbatan elchi iborasini ishlatsa bo‘ladi, xuddi shunday aksincha, elchiga nisbatan payg‘ambar iborasi qo‘llaniladi; ikkinchisi (sufiylarning g‘uloti)ga ko‘ra, har bir payg‘ambarni elchi desa bo‘ladi, aksincha har bir elchiga nisbatan payg‘ambar iborasini qo‘llab bo‘lmaydi; uchinchisi (aksar sunniylar)ga ko‘ra, har bir elchini payg‘ambar desa bo‘ladi, ammo har bir payg‘ambarga elchi iborasini qo‘llab bo‘lmaydi.
Payg‘ambar va elchi tushunchalarining orasidagi farq shundan iboratki, payg‘ambarlarga Alloh O‘zining buyruq va taqiqlarini imon keltirganlar (shu payg‘ambar shariatida bo‘lgan insonlar) ga yetkazishi uchun xabardor qiladi. Ular imon keltirmagan (dinda, shariatda bo‘lmagan) lar uchun yuborilmaydi va bundaylar da’vat qilinish uchun buyurilmagan. Elchilar bo‘lsa, imon keltirganlarga ham, imon keltirmaganlarga ham birdek, Allohning murojaatini yetkazish va yagona Uning o‘zigagina ibodat qilish uchun chaqirishga yuborilgan. Ulamoning fikriga ko‘ra, elchilar asosan yangi shariat bilan yuboriladi va shu bilan birga ularga muqaddas kitob, yoki sahifalar berilishi shart emas.
Olimlarning fikriga ko‘ra, elchi bo‘lib yuborilganlar har doim ham yangi shariat olib kelmagan va bunga misol qilib Yusufni keltirishadi, sababi u Ibrohimning shariatida bo‘lgan. Bu borada Qur’onda: “Darvoqe, ilgari Yusuf sizlarga (ajdodlaringizga) hujjatlarni keltirganida ham, sizlarga keltirgan narsalarga shak (va shubha)da qattiq turib olgan edingiz. Qachonki, u halok bo‘lganida esa: «(Endi Yusufdan) so‘ng Alloh sira payg‘ambar (elchi) yubormas», – dedingiz” (Gʻofir, 34) deyiladi.
Qur’on oyatlari va hadislar, birinchi payg‘ambar Odam (a. s.) va birinchi rasul Nuh (a. s.) bo‘lganlariga dalolat qiladi (Hokim-3039, Buxoriy-4712). Shuningdek, Qur’onda payg‘ambar Muhammad (s. a. v.) ga bo‘lgan eng asosiy xitob “rasul” bo‘lib, eng oxirgi payg‘ambarlik ham u insonga nisbat berilgan: “Muhammad (s. a. v.) sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va payg‘ambarlarning muhridir” (Ahzob, 40).
Yuqorida aytib o‘tilgan rasul va nabiylar orasida alohida e’tirof etilganlari bo‘lib, ularga nisbatan Qur’onda “ulul ’azm” (matonat-sabr egalari) iborasi ishlatilgan: “Bas, (ey Muhammad! (s. a. v.)) Siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling va ularga (tushadigan azobni) qistamang!” (Ahqof, 35). Qur’onning mufassirlari bu “matonat egalari” bo‘lmish payg‘ambarlarning soni borasida turli xil, ya’ni 5 tadan to 12 taga ekanini aytishadi. Ammo, dalili kuchlirog‘i 5 ta bo‘lib, ular – Nuh, Ibrohim, Muso, Iso va Muhammad (s. a. v.) hisoblanishadi. Shuningdek, Qur’onda rasul va nabiylarga Alloh tomonidan kitob va sahifalar yuborilgani aytiladi, masalan: Ibrohim (a. s.) ga sahifa, Muso (a. s.)ga Tavrot, Dovud (a. s.)ga Zabur, Iso (a. s.)ga Injil va Muhammad (s. a. v.) ga Qur’on.
Olimlar shuningdek, payg‘ambarlarning Alloh tomonidan yuborilishining maqsad va vazifalarini ham o‘rganib chiqqan. Ular payg‘ambarlarning Alloh tomonidan yuborilishidan maqsad, Qiyomat kuni insonlarda Yaratuvchining oldida vaj qolmasligi, deydi. Qur’onda: “Payg‘ambarlar (kelgan)dan keyin odamlarda Allohga qarshi hujjat bo‘lmasin deb payg‘ambarlarni xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib (yubordik)” (Niso, 165), – deyiladi.
Vazifalarga kelsak ular bir nechta deb ko‘rsatiladi:
– Imon keltirganlarga xushxabarni yetkazish. Shuningdek imon keltirmagan va osiylarni ogohlantirish. Bu borada Qur’onda: “U (Qur’on)dan ilgari Musoning peshvo va rahmat bo‘lmish Kitobi (Tavrot) bor edi. Bu (Qur’on) arab tilidagi (oldingi ilohiy kitoblarni) tasdiqlovchi bir Kitobdir. U zolim (kofir) bo‘lganlarni (oxirat azobidan) ogohlantirish va ezgulik qiluvchilarga (jannat haqida) xushxabar sifatida (nozil qilingandir)” (Ahqof, 12) deyilgan;
– ibodat qilishga loyiq bo‘lgan zot faqatgina Alloh ekanini yetkazish. Qur’onda: “(Ey, Muhammad!) Sizdan ilgari Biz yuborgan har bir payg‘ambarga ham: «Mendan o‘zga iloh yo‘q, bas, Menga ibodat qilingiz!», deb vahiy yuborgandirmiz” (Anbiyo, 25), – deyiladi;
– Alloh yuborgan xabar va buyruqlarni yetkazish. Bu haqida Qur’onda: “Ular (o‘tgan payg‘ambarlar) Allohning farmonlarini (bandalarga) yetkazadigan, Undan qo‘rqib, Allohdan o‘zgadan qo‘rqmaydigan zotlardir” (Ahzob, 39), – deyiladi;
– insonlarga go‘zal namuna bo‘lish uchun. Qur’onda: “(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob, 21) deyiladi.
Payg‘ambarlikka oid muhim xususiyat – bu ularga berilgan g‘ayriodatiy imkoniyatlar (xavariqul adat) hisoblanadi. Bu imkoniyatlar ularga payg‘ambarlik faoliyatining haqiqiy ekanini isboti uchun beriladi. Valiylarga berilgan karomat va sehr, ko‘zbo‘yamachilar amalga oshiradigan xayollanish faoliyatidan payg‘ambarlarga ato qilingan g‘ayriodatiy imkoniyatlarni ajratib turuvchi qator alomatlar mavjud.
Payg‘ambarlarga berilgan g‘ayriodatiy imkoniyatlar borasida olim va mutafakkirlarda turli xil qarashlar mavjud:
– Birinchi fikr faylasuflarniki bo‘lib, unga ko‘ra bundaylar Alloh o‘ziga tanlab olib va vahiy yuboriladigan xos insonlar turiga kiruvchilar emas, balki ular o‘zlarida inson sezgi organlaridan ba’zilari bo‘lmish: Ko‘rish, eshitish, ruhiy holat kabilarni yuqori darajada rivojlantirishga muvaffaq bo‘lgan shaxslardir;
– ikkinchi qarash moʻtazila, ashariy (aksar)lar, mutakallim (ba’zi) lar va sunniylardan bo‘lgan ibn Xazmga tegishli bo‘lib, unga ko‘ra, payg‘ambar oddiy insonlarga qaraganda g‘ayriodatiy faoliyat bilan, ya’ni moʻjiza bilan ajralib turishini ta’kidlaydi. Qisqa ma’noda “moʻjiza” so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib bu shunday faoliyatki, uni qilishdan inson ojiz qoladi. Moʻtazilalar “moʻjiza” inson imkoniyatidan tashqaridagi faoliyat bo‘lib, bevosita Xudoning o‘zi tomonidan amalga oshiriladi deb hisoblaydi. Va shuning uchun g‘ayriodatiy faoliyatga oid bo‘lgan (valiyning karomati va sehrgarning jodusi va hokazo) boshqa amallarni inkor qilishadi;
– uchinchi qarash an’anaviy islom vakillari salafus solih va ahlus sunna val jamoa namoyondalari bo‘lib, ular barcha dalillarni umumlashtirib, ularni 3 yo‘nalishga bo‘ladi:
1) Alomat (oyat) va dalillar (burhon) yo‘nalishi, g‘ayriodatiy faoliyatga bog‘liq. Ular moʻtazila va ashariylar qo‘llagan “moʻjiza” iborasi Qur’on va Sunnatda ishlatilmagan, uning ustiga bu so‘z umum (ya’ni, valiylar tomonidan sodir etiladigan karomat va sehrgarlarning jodusi kabi g‘ayriodatiy) amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan faoliyat, shuning uchun payg‘ambarlarga nisbatan Qur’on (Naml, 12 va Qasas, 32) da ishlatilgan “oyat” (alomat) va “burhon” (dalil) iboratlarini ishlatgan afzal deb ta’kidlaydi. Masalan, Payg‘ambar Muhammad (s. a. v.) ga berilgan oyat va burhonlarga qaralsa, ularni 4 turkumga bo‘lish mumkin: Birinchisi bu – Qur’on, unga o‘xshashini na inson va na jinlar bir-biriga yordam berib ham tuza olmaydi. Bu borada Qur’onda: “Ayting: «Qasamki, agar insu jin ushbu Qur’onning o‘xshashini keltirish uchun birlashib, bir-birlariga yordamchi bo‘lsalar-da, uning mislini keltira olmaslar»” (Isro, 88) deyiladi; ikkinchisi bu – eshitiladigan, ya’ni payg‘ambarga aytilgan salovatlar. Ibn Mas’ud payg‘ambar bilan birga taomlanishga o‘tirganda ovqatni unga salovat aytayotganini eshitganini aytadi (Buxoriy-3579); uchinchisi bu – ko‘rinadigan, ya’ni inson ham, jin ham amalga oshira olmaydigan amal. Payg‘ambarning barmoqlari orasidan chiqqan suv (Buxoriy-3579); to‘rtinchisi bu – suhbat, ya’ni payg‘ambarning jonsiz narsalar bilan suhbati. Payg‘ambar bilan toshlarning salomlashishi, masjiddagi to‘nkaning yig‘lab murojaat qilishi (Buxoriy-918).
2) Payg‘ambar faoliyatiga aloqador besh haqiqat bu – u olib kelgan xabar, buyruq, taqiq, so‘z va faoliyat, bularning barchasi uning haq ekaniga dalolat qiladi.
3) Allohning o‘z payg‘ambarlariga yordami (nusrat) bu – Alloh tomonidan o‘z payg‘ambarlariga, ularning faoliyatlarida yordam berishi va natijada bu buyuk vazifaning g‘alaba qozonishi.
Shialar payg‘ambarlik tushunchasi har bir payg‘ambarda unga yordam beruvchi va burchini davom ettiruvchisi – “Diniy vasiyatni amalga oshiruvchi” si bo‘lishi kerak, – degan tushuncha bilan ajralib turadi.
Bundan tashqari olimlar, Islomning muqaddas manbalariga asoslangan holda payg‘ambarlar umuminsoniy xulqlarga ham ega ekanini aniqlashgan, masalan:
– Payg‘ambarlar Odam avlodidanlar (Isro, 94);
– payg‘ambarlar shahar (o‘troq joy aholisidan) lik (Yusuf, 109);
– payg‘ambarlar, o‘zlari yuborilgan xalq tilida gaplasha olgan (Ibrohim, 4);
– payg‘ambarlar erkak kishi bo‘lgan (Yusuf, 109);
– payg‘ambarlar haqgo‘y bo‘lgan (Haqqa, 41-47);
– payg‘ambarlar farosat borasida ziyrak bo‘lgan (Baqara, 258);
– payg‘ambarlar begunoh bo‘lgan (Fath, 1-2).
Xulosa sifatida quyidagilarni aytish mumkin-ki, an’anaviy (sunniy) islom vakillarining qarashiga ko‘ra, payg‘ambarlarga ishonish, imonning ruknlaridan biri hisoblanadi. Islomning muqaddas manbalariga ko‘ra, ba’zi payg‘ambarlarning [elchi-رسول] mavqei boshqalariniki [prorokov-نبى] ga qaraganda yuqoriroq bo‘lgani sabab, ularning necha nafarligi haqida qat’iy ta’kid bildirilmagani ma’qul.
Sunniy olimlarning fikriga ko‘ra, payg‘ambarlarning Alloh tomonidan g‘ayriodatiy fe’l [oyat-alomat va burhon-dalil]lar bilan ta’minlangani ularni insonlarning qatoridan chiqarib ilohiylashtirishga asos bo‘lmaydi.
Muallif: Xabibullo Sagdiyev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizasiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi dosenti, PhD.
Manba: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi